18:02 / 16.04.2019
7 374

Maktab eshigidagi behayo so‘zlarga Chiroqchi tuman xalq ta'limi ko‘z yumib o‘tdimi?

Maktab eshigidagi behayo so‘zlarga Chiroqchi tuman xalq ta'limi ko‘z yumib o‘tdimi?
Biz bejizga ta’lim dargohlarini ma’naviyat maskanlari demaymiz. Bola avvalo bog‘chada, keyin esa maktabda o‘zining ilk dunyoqarashini shakllantiradi, ongi va tafakkuri ravshan tortadi.

Gap shundaki, bugun ta’lim tizimida yo‘l qo‘yilayotgan yoinki ko‘z yumilayotgan ayrim kamchiliklar kelajakda jiddiy va tuzatib bo‘lmas xatolarni keltirib chiqarishi mumkin. Buni Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tuman Xalq ta’limi tizimi faoliyatida ham kuzatish qiyin emas.

FAQAT TA’LIM BERILADI, TARBIYa EMAS

Tahririyatimizga Chiroqchi tumani “Sohil bo‘yi” MFY dan murojaat kelib tushdi. Ushbu murojaatni o‘rganishimiz davomida shu hududda joylashgan ayrim ta’lim maskanlarining achinarli ahvoli e’tiborimizni tortdi. Eng avvalo, Chiroqchi tuman Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi o‘quvchi qizlarning maktab tartib-tamoyiliga munosib bo‘lmagan zamonaviy biroz “ochiq” maktab kiyimlaridan hayratga tushdik. Tashqi tarafidan xuddi tashlandiq binoni eslatuvchi dargoh, ne ajabki maktabning yuqori sinflari tahsil oladigan bino ekan. Darvozasi yo‘qligi mayliku-ya, ammo ichkaridagi manzaradan kishi ko‘ngli xira tortadi. Avvalo, bino eshigiga uyat so‘zlar bilan yozib ketilgan bitik har qanday kishini hayron qoldiradi. Sinf eshiklari, stol-stul, partalarda ham turli be’mani suratlar chizib tashlangan.
Bu orada bizning qarshimizda soch-soqoli o‘sib ketgan, o‘zini jahl bilan maktab direktori deb tanishtirgan Zokir Sayitqulov paydo bo‘ldi. Kimligimiz va qayerdanligimiz bilan qiziqqach, avvalo muammo yechimiga emas, qo‘l telefoniga “yopishdi”. Ma’lum bo‘lishicha, u Chiroqchi Xalq ta’limi bo‘limi mudirasi Nazira Abrayeva bilan bog‘landi.
Telefondagi suhbat mazmunidan bexabarmiz, biroq direktorning so‘zlariga qaraganda tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudirasi tomonidan “Jurnalistga maktabni suratga olishga kim huquq berdi, tezda ularni haydab yuboring” degan topshiriq berilgan emish. Vaziyat borasida maktab direktorining bergan izohi yanada qiziq bo‘ldi.
- Avvalo, siz bo‘limdan ruxsat olib, ularning roziligi bo‘lsagina maktabga kirishlaringiz kerak. Keyin o‘quvchilar formasiga kelsak, biz bir necha bor ota-onalar yig‘ilishlarida bu haqda ta’kidlab o‘tganmiz. Xo‘sh, biz nima ham qila olardik? Yozuvlarga kelsak, biz faqat ta’lim beramiz, tarbiyani bola uyidan oladi.

Demak, Zokir Sayitqulovning so‘zlariga ko‘ra, maktablar faqatgina ta’lim beradigan maskanga aylanib borayapti. Tarbiya esa uydangina olinadi, xolos.
Nachora, nima ham derdik, o‘rganish ishlarimizni ma’qullagan maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbsari Abdusalom Jumanov so‘zlariga quloq tutdik:

– Direktorga ham hayronman, kim kelsa jiddiy qarshilik ko‘rsatadi. Maktabdagi muammolarni yashiradi, darrov mudiraga qo‘ng‘iroq qiladi. Muammolarimiz esa “yopdi-yopdi” bo‘ladi. Bu gaplarni eshitgan kishi meni balki rahbarning o‘rniga qiziqib qolgan yoki “sotqin” ekan degan xayolga borishi mumkin. Nafaqaga chiqishimga bor-yo‘g‘i bir yil qoldi. Menga birovning o‘rni ham, ortiqcha g‘alva ham kerak emas. Shunchaki, befarqlik, mas’uliyatsizlikni yengaylik demoqchiman, xolos.

KO‘ZDAN YIROQ, NAZORATDAN HAM YIROQ(MI?)
Bundan tashqari, maktabning uchta o‘quv binosi bor. Birinchi bino asosiy sanalib, o‘quvchi soni ko‘p bo‘lganligi sababli maktab ma’muriyati ham shu yerda joylashgan. Ikkinchi va uchinchi o‘quv binolarida esa hech qanday nazorat va navbatchilik tizimi o‘rnatilmagan. E’tiborimizni sobiq ittifoq davridan buyon faoliyati to‘xtatilgan va ancha qarovsiz holga kelib qolgan bolalar bog‘chasi ichida joylashgan uchinchi o‘quv binosi tortdi. Pollar ilma-teshik bo‘lib ketgan, suvoqlar ko‘chgan, eshik va romlar yaroqsiz holga kelib qolgan. Bir so‘z bilan aytganda, bu yerda umuman dars o‘tib bo‘lmaydi. Bu borada ham maktab rahbaridan so‘ramoqchi bo‘lganlarimiz ko‘p edi, biroq u bizning faoliyatimiz va o‘rganish ishlarimizga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. Maktabdagi boshqa muammolarni ham sir tutdi.

UNUTILGAN MAKTAB FILIALLARI
Hududda shuningdek, 18 va 13-umumiy o‘rta ta’lim maktablari ham faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ammo bu maktablar ham muammolar girdobidan yiroq emas. Hech bir mas’ul mazkur ta’lim dargohlarining faoliyati bilan qiziqib ko‘rmagan shekilli yillar davomida to‘planib qolgan muammolarga to‘liq yechim topilmagan.

18 va 13-umumiy o‘rta ta’lim maktablari ayrim aholi xonadonlaridan uzoq bo‘lganligi sababli filial tashkil qilingan. Tabiiyki, filialda ko‘p sonli o‘quvchilar tahsil olishmaydi. Asosan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun qurilgan filialda kam sonli o‘quvchilar o‘qishadi. Lekin, masalaning boshqa tomoni bor. Xususan, 13-umumiy o‘rta ta’lim maktabi filiali yo‘l yoqasida joylashgan bo‘lib, bu yerda serqatnov mashina yo‘li o‘tgan. O‘quvchilarning xavfsizligini ta’minlash uchun na biror belgi va na biror-bir temir to‘siq o‘rnatilmagan. Bu haqda shu yerlik aholi shunday deydi.

- Bu yo‘l juda xavfli. Ayniqsa kichik yoshdagi bolalar shu filialga ta’lim olgani kelishadi. Maktab yaqinida “Ko‘k to‘nli ota” qabristoni va ziyoratgohi bor. Asosan chorshanba va juma kuni bu yerga keluvchilar soni keskin ortadi. Buning natijasida mashinalar qatnovi ham ko‘payadi. Biz maktab rahbariyatiga bir necha marotaba bolalar xavfsizligi ta’minlashini so‘rab murojaat qilganmiz. Besamar. Ular kunning yarmigacha o‘z darslarini o‘tishsa-yu, tezroq uylariga ketishsa. Hatto, maktab atrofida temir panjarali himoya to‘sig‘i ham o‘rnatilmagan.

MENGA HAMMASIDAN HOMIY MUHIM
Bundan tashqari, 18-umumiy o‘rta ta’lim maktabi filiali haqida xam shunday xulosaga kelish mumkin. Jumladan, asosiy maktabda 465 nafar bola o‘qiydi. Darslar ikki navbatda tashkil qilingan. Maktab filiali bilan esa hech kimning ishi yo‘q. Bunday deyishimizga asosiy sabab, mazkur filialning faoliyatini o‘rganishdan avval maktab direktori Farhod Mirzayev bilan uchrashdik. Afsuski, direktor bizga vaqti yo‘qligini, ayni damda qandaydir homiy bilan uchrashishi kerakligini bildirib o‘tdi. Nachora, o‘zimiz filial tomon otlandik.

Bir qarashda oddiy qishloq maktab filiali. Qishloq dala shiyponi o‘rniga moslashtirilgan bino ta’mirlanib bolalarga dars berilayapti. Ammo, sinf xonalarini yopiq eshiklar orqali kuzatar ekanmiz, devorlari bo‘m-bo‘sh, sanoqligina stol-stul va eskirgan doskadan boshqa hech nimani ko‘rmadik. Bu haqda maktab yonidagi hovlida yashaydigan ayoldan izoh oldik.
-O‘zi kamgina bola o‘qiydi. O‘qituvchilar ham shunga yarasha. Tushgacha dars bo‘ladi. Menimcha, ikkita sinf o‘qisa kerak. Yana bilmadim. Farzandlarim ham shu yerda o‘qishadi. Sharoitini yaxshi deya olmayman-u, lekin bolalarning bilimi unchalik yaxshi emas.

IZOH BERISh QIYINMI?
Tuman Xalq ta’limi bo‘limining vazifasi maktab qurish yoki maktablarni ta’mirlashdan iborat emas. Chunki bu haqda Qashqadaryo viloyat Xalq ta’limi boshqarmasining mas’ul xodimlari bizga ko‘p bora bildirib o‘tishgan. Lekin, tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassis va uslubchilar ta’lim sifati borasida yo‘l qo‘yilayotgan bunday jiddiy kamchiliklarni nazorat qilishi kerakdek, nazarimizda. Chiroqchida maktablar ko‘p. Har birida yechimini kutayotgan muammolar ham yo‘q emas. Ta’lim tizimini isloh qilishda dastlabki qadam mana shu muammolarga yechim topishdan boshlanadi.

- Men qaysi biriga ulguray, jurnalistlarga hisobot berishga majbur emasman, muammolarni ko‘tarishga haqqi bormi, maktablarimni yozmaysiz, izoh bermayman.

Bu Chiroqchi tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudirasi Nazira Abrayevaning har safar maktablarda kuzatiladigan muammolar yuzasidan jurnalistlarga beradigan javoblaridan ayrimlari. Shu bilan o‘zi eshitgan, ko‘rgan yoki bilgan mavjud kamchilik va muammolarga nuqta qo‘yilsa yaxshiku-ya, ammo eski tos eski hammomning takrorlanishi qanchalik to‘g‘ri? Har doimgidek xulosani o‘zingizga qoldiramiz.
Dilshod NABIYeV,
Muqaddas ISMOILOVA.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Maktab eshigidagi behayo so‘zlarga Chiroqchi tuman xalq ta'limi ko‘z yumib o‘tdimi?