Shavkat Mirziyoyev 31-iyul kuni Belarusga tashrif buyuradi

  • 25 iyul 2019, 13:35
  • 483
  • O‘zbekiston
  • Shavkat Mirziyoyev 31-iyul kuni Belarusga tashrif buyuradi
    Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-iyul - 1-avgust kunlari ilk rasmiy tashrif bilan Minskda boʻladi. Bu haqda Oʻzbekistonning Belarusdagi elchisi Nosirjon Yusupov maʼlum qildi, deya xabar beradi “Kun.uz” nashri.

    Diplomatning taʼkidlashicha, hozirgi paytda ushbu tadbirga faol tayyorgarlik koʻrilmoqda.

    “Oʻzbekiston rahbarining rasmiy tashrifi arafasida va tashrif vaqtida belaruslik sheriklar bilan birgalikda Minsk shahrida bir qator tadbirlar tashkillashtiramiz. Ular orasida Belarus hamda Oʻzbekiston hududlari forumi, «Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” milliy mahsulotlar koʻrgazmasi, buyuk oʻzbek shoiri Alisher Navoiy byustining ochilishi va Oʻzbekiston madaniyati kunlari bor», - dedi elchi.

    Shuningdek, Yusupovning ishonch bildirishicha, prezidentning boʻlajak tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi, yanada yuqori bosqichga koʻtarishga imkon beradi. Kutilishicha, Minskdagi muzokaralarda Toshkentda eng yuqori darajada erishilgan kelishuvlarning natijalari va kelgusidagi ikki tomonlama shartnomalar istiqbollari koʻrib chiqiladi.

    Eslatib oʻtamiz, 29-30-iyul kunlari Minsk shahrida Belarus va Oʻzbekiston hududlarining birinchi forumi boʻlib oʻtadi.

    » » Shavkat Mirziyoyev 31-iyul kuni Belarusga tashrif buyuradi