Maktabdagi eng katta uvol - bo‘lajak iqtidorlarni yo‘qotish

  • Jamiyat
  • 25-03-2018, 07:53
  • 735
  • Мактабдаги энг катта увол - бўлажак иқтидорларни йўқотиш
    Singapurdagi umumta’lim maktablarida ta’lim olayotgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilarning bir foizi har yili “maxsus konvertdagi maktub”ni biror kun uyiga eltib boradi. Konvert ichidagi maktub uni tutib turgan o‘quvchiga hukumat tomonidan tashkil etilgan “Iqtidorli o‘quvchilar uchun Ta’lim dasturi”da o‘qishni davom ettirish huquqini beradi.

    Bunday “taklif”ni faqat ingliz tili, matematika fanlaridan tuzilgan testni a’lo darajada yechgan va intellektual koeffitsiyenti tengdoshlariga nisbatan yuqori bo‘lgan bolalar qabul qiladi. Agar o‘quvchining ota-onasi (yoki ularning boquvchi shaxs) ushbu taklifni qabul qilsa, bolaning o‘qishi boshqa maktabga ko‘chiriladi, u maxsus dastur bo‘yicha ta’lim olishni boshlaydi.

    Millat uchun yangi iqtidorlarni izlab topishda Singapur tarixiy va an’anaviy uslubdan foydalanadi: murakkab imtihon orqali bir marta o‘tkazilgan sinovdan yaxshi natijani qo‘lga kiritish kerak.

    Jahon tajribasida esa “iqtidor”larni qidirishda boshqacha uslublar keng qo‘llanilmoqda. Masalan, ta’limda kam ta’minlangan oila farzandlarini rag‘batlantirish orqali kuchli motivatsiya hosil qilish yoki allaqachon muvaffaqiyatga erishgan insonlarning psixologik portretini o‘rganib, uning in’ikosini yoshlardan izlash shular jumlasidandir.

    Yangi tadqiqotlardan ayon bo‘ladiki, ilmiy salohiyat kelgusi muvaffaqiyatlarni bashorat qilishda eng yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi. Biroq aqliy qobiliyatning o‘zi barcha muvaffaqiyatga erishish uchun yetarli emas.

    Edinburg Universiteti tadqiqotchisi Styuart Richchining aytishicha, kitobni o‘qib, ma’lumotlarni yod olishdan ko‘ra, sabablarni tahlillash, muammoni hal etish, farazlarni tasavvur qilish va shu kabi abstrakt qobiliyatlar intellektual koeffitsiyentni belgilashda muhim rol o‘ynaydi.

    Dunyo bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilarni tarbiyalashda paydo bo‘lgan muammo shundaki, boshlang‘ich sinflarda barcha tengdoshlaridan ajralib turgan 5 foiz o‘quvchilar guruhining 95 foizi uzoq kelajakda yirik “g‘alaba”ga erisha olmayapti. Bunga bolaning ta’limdagi moliyaviy xarajatlari va jismoniy o‘sib-ulg‘ayishi uchun yetarli sharoit tayyorlanmagani vaj qilib ko‘rsatiladi.

    O‘zbekistondagi umumta’lim maktab tizimida yuz berayotgan hodisalar nafaqat tizimning isloh qilinmayotgani, balki ota-onalarning e’tiborsizligi tufayli salbiy natijani ko‘rsatmoqda. Masalan, boshlang‘ich sinfda a’lo bahoga o‘qigan o‘quvchilarning juda kam sonli qismi yakunda o‘sha natijani saqlab qolgan bo‘ladi.

    Qars ikki qo‘ldan chiqadi, ammo ota-onalar 5 sinfdan so‘ng, farzandining ta’limiga kam e’tibor qaratadi. Ota-ona va o‘quvchilarni rag‘batlantirish, shuningdek, ta’lim tizimini isloh qilish maqsadida maktabda pullik sinflarni tashkil etish maqsadga muvofiq bo‘ladi. A’lo bahoga o‘qib, yaxshi natijaga erishayotgan o‘quvchilar saralanib, Singapur modeliga murojaat qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. O‘qishda yaxshi natijalarga erishmagan o‘quvchi ta’lim uchun pul to‘lashga majbur bo‘ladi. Va nihoyat, pedagog xodimlarning ham mehnatiga yarasha maosh to‘lashga imkoniyat topiladi.

    Faqat ikki masala ochiq qoladi: kam ta’minlangan oila farzandlari va yana korrupsiya... Shunga qaramasdan, O‘zbekistonda iqtidorli yoshlar bilan alohida ishlash uchun mexanizmni tezroq amaliyotga olib kirish kerak. Aqli raso yoshlar maktabni bitirmasdan, qobiliyatini yo‘qotishi - biz ko‘z yumib kelayotgan eng katta uvol.

    Manba: Kun.uz

    » » Maktabdagi eng katta uvol - bo‘lajak iqtidorlarni yo‘qotish
    Яндекс.Метрика