16:38 / 04.12.2019
2 730

Mbokani “Paxtakor”ning taklifini rad etdi

Mbokani “Paxtakor”ning taklifini rad etdi
Oʻzbekistonning 12 karra chempioni “Paxtakor” klubi kongolik tajribali hujumchi, ayni vaqtda Belgiya chempionatining “Antverpen” klubi aʼzosi hisoblangan Dyemersi Mbokanini safiga qoʻshib olishga urindi.

Het Niewusblad nashri maʼlumotiga koʻra, toshkentliklar klubi ushbu 34 yoshli kongolik hujumchi transferi uchun belgiyaliklar klubiga ham, futbolchining oʻziga katta miqdorda mablagʻ taklif qilgan. Ammo bu taklifga “Antverpen” ham, Mbokani ham rozilik bermagan.

“Rossiyalik milliarder Alisher Usmonov bilan aloqador boʻlgan oʻzbek klubi 34 yoshli futbolchiga hozirgidan bir necha barobar yuqori maosh taklif qilgan, ammo pul «Paxtakor” tomonining yagona jiddiy argumenti boʻlgan», deyiladi xabarda.

Mbokani joriy mavsumda “Antverpen” safida 17 oʻyinda 13 gol urgan holda Belgiya chempionatining eng yaxshi toʻpurari boʻlib turibdi. Antverpenliklar 17 oʻyinda 31 ochko jamgʻargan holda, turnir jadvalida 7-oʻrinda bormoqda.

Maʼlumot uchun, Mbokani oʻz faoliyati davomida “Standart” (2008-2010), “Monako” (2010-2011), “Volfsburg” (2010-2011), “Lokeren” (2011-2012), “Dinamo” Kiyev (2013-2015, 2017-2018), “Norvich” (2015-2016), “Hall Siti” (2016-17) klublari aʼzosi boʻlgan. U “Antverpen”da birinchi marta 2011-2013-yillarda toʻp surgan va 2018-yil yozida yana shu jamoaga qaytgan.

Bundan oldinroq “Paxtakor” boshqa bir jahon yulduzi, oʻz vaqtida “Arsenal” va “Manchester Siti”da yorqin mavsumlar oʻtkazgan Emmanuel Adebayor bilan kelishuvga erishgani haqida xabar berilgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mbokani “Paxtakor”ning taklifini rad etdi