
2019 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Oltin Humo” milliy kino taqdimoti bu yil ham o‘zbek kinematografiyasi uchun muhim voqeaga aylandi. Marosimda kino rivojiga hissa qo‘shgan ustoz san’atkorlar va yil davomida eng yaxshi deb topilgan filmlar hamda ijodkorlar munosib taqdirlandi.
Dastlab “O‘zbek kinematografiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” maxsus mukofotlar topshirildi. Ushbu e’tirofga:
O‘zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova,
kinobastakor Mirhalil Mahmudov,
san’atshunos olima, professor Sabohat Hayitmatova,
“Shuhrat” medali sohibi, grim rassomi Baxtiyor Temirov sazovor bo‘ldi.
Shundan so‘ng “Oltin Humo – 2025” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar e’lon qilindi. Eng yaxshi hujjatli film deb Jahongir Ahmedovning “Oq oltin balosi” kartinasi topildi. Animatsiya yo‘nalishida “Aqlli qizaloq” filmi va uning muallifi Azizbek Muhammedov g‘olib bo‘ldi.

Texnik va ijodiy yo‘nalishlarda ham kuchli ishlar e’tirof etildi. “Bahorni quvib” filmi ovoz rejissyorligi va ssenariy bo‘yicha yuqori baholandi. Aktyorlik yo‘nalishida Yulduz Rajabova va Ulug‘bek Muhammadkarimov eng yaxshi rollar uchun mukofotlandi.
Taqdimot yakunida “Maxtumquli firog‘iy” filmi yilning eng yaxshi filmi deb topildi. Shu tariqa, “Oltin Humo – 2025” o‘zbek kinosida ijod, mehnat va professional yondashuv tantanasi bo‘lgan yorqin kecha sifatida yodda qoldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.