date

O‘zgidromet yanvar oyi uchun tezkor ob-havo ma’lumotlarini berdi

O‘zgidromet yanvar oyi uchun tezkor ob-havo ma’lumotlarini berdi

O‘zgidromet 2026 yil yanvar oyi uchun ob-havo prognozini e’lon qildi. Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, oy davomida respublika hududida havo harorati keskin o‘zgarib turishi, sovuq va nisbatan iliq davrlar bir-birini almashtirishi kutilmoqda.

Prognozga ko‘ra, 1–2 yanvar kunlari O‘zbekiston bo‘ylab asosan quruq va barqaror ob-havo saqlanadi. Ammo 3 yanvar kuni Kaspiy dengizi tomonlaridan nam havo massalari kirib kelishi natijasida respublika hududlarida yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda esa yog‘ingarchilik qorga aylanishi mumkin. Markaziy va janubi-sharqiy hududlarda 4-yanvar kuni kechasi va ertalab ham yog‘ingarchilik kuzatilishi ehtimoli saqlanib qoladi. Keyingi kunlarda, ya’ni birinchi o‘n kunlik oxiriga qadar, respublika bo‘ylab yog‘ingarchilik ehtimoli ancha pasayadi.

Havo harorati birinchi o‘n kunlikda asosan kechalari 2 daraja sovuqdan 3 daraja iliqqacha, ayrim joylarda esa 5 darajagacha sovuq bo‘lishi mumkin. Kunduzgi harorat esa 8–13 daraja iliqdan 0–5 daraja iliq atrofigacha pasayib turadi.

Ikkinchi o‘n kunlikda havo harorati yanada o‘zgaruvchan bo‘ladi. Kechalari 1–6 daraja iliqdan 1–6 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari esa 10–15 daraja iliqdan 2 daraja sovuq – 3 daraja iliqqacha tebranishi kutilmoqda. Respublika shimolida esa kechalari 5–10 daraja sovuq, ayrim hududlarda hatto 13–15 daraja sovuq kuzatilishi mumkin.

Oyning uchinchi o‘n kunligida esa sovuq to‘lqinlar kirib kelishi ehtimoli yuqori. Shu davrda kechalari 7–12 daraja sovuq, ayrim joylarda 15–17 daraja sovuq bo‘lishi mumkin. Respublika shimolida esa harorat yanada pasayib, kechalari 15–20 daraja, ba’zi hududlarda 22–25 daraja sovuqqacha tushishi ehtimoldan xoli emas. Kunduz kunlari ham havo sovuq bo‘lib, 3–10 daraja sovuq atrofida saqlanishi mumkin.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, yanvar oyi O‘zbekistonda odatda sovuq va iliq davrlarning tez-tez almashib turishi bilan ajralib turadi. Butun oy davomida qat’iy sovuq saqlanib qoladigan yillar kam uchraydi. Kuzatuvlar tarixida eng sovuq yanvar oylari 1969 va 2008 yillarga to‘g‘ri kelgan bo‘lib, o‘sha paytda havo harorati me’yordan 8–12 daraja past bo‘lgan. So‘nggi o‘n yilliklarda esa aksincha, iliq yanvar oylari tez-tez qayd etilmoqda.

So‘nggi 25-yil ichida 2016, 2019, 2022 va 2024 yillar yanvar oylarida respublika hududining katta qismida harorat me’yordan 3–6 daraja yuqori bo‘lgan. Mutaxassislar bunga global isish jarayonlarining ta’siri ortib borayotganini sabab sifatida ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, yanvar oyida yog‘ingarchilikning ko‘p hollarda yomg‘ir ko‘rinishida tushishi natijasida tekislik va tog‘ oldi hududlarda qor qoplami qisqa muddatli bo‘lib qolmoqda yoki umuman shakllanmayapti.

Shu bois, 2026 yil yanvar oyida ham aholi sovuq to‘lqinlar bilan birga nisbatan iliq kunlarga ham tayyor bo‘lishi, ob-havodagi keskin o‘zgarishlarga mos ravishda harakat qilishi tavsiya etilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zgidromet yanvar oyi uchun tezkor ob-havo ma’lumotlarini berdi