
Italiya A Seriyasining 18-turi doirasida «Roma» klubi «Jenoa»ga qarshi bahs oldidan bosh murabbiy Jan Per Gasperini matbuot anjumanida qatnashib, jamoaning hozirgi holati, hujum chizig‘idagi muammolar va tarkibdagi o‘zgarishlar haqida atroflicha fikr bildirdi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, u futbolchining asosiy tarkibda yoki zaxiradan o‘yinga qo‘shilishiga katta urg‘u bermaydi. Asosiysi — maydonda kim jamoaga foyda keltira olishi. U xususan Matiyas Soule jamoa uchun muhim tayanch nuqtaga aylanganini ta’kidladi. Shuningdek, Lorenso Pellegrini ko‘p daqiqa o‘ynaganini, qolgan vaqt esa Paulo Dibala, Artyom Dovbik, Evan Fergyuson va Tommazo Baldansi o‘rtasida deyarli teng taqsimlanganini aytdi. Dovbik esa jarohat sabab ayrim o‘yinlarni o‘tkazib yuborgan.
Gasperini ochiq tan oldiki, jamoa hozircha kutilgan darajada gol ura olmayapti. Bu muammo faqat bitta o‘yinga tegishli emas, balki mavsum oldi tayyorgarligidan beri sezilib kelmoqda. Uning ta’kidlashicha, o‘tgan mavsumga nisbatan «Roma» ikki muhim futbolchini — Eldor Shomurodov va Aleksis Salemakersni yo‘qotdi. Ular o‘rniga Beyli va Fergyuson jamoaga qo‘shildi. Biroq Beyli ko‘pincha jarohatlar bilan ovora bo‘lgan, Fergyuson esa imkoniyaticha jamoaga foyda keltirishga harakat qilyapti.
Shu bilan birga, murabbiy jamoaning umumiy mehnatini yuqori baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha futbolchilar «Roma»ni turnir jadvalida yuqori o‘rinlarga olib chiqish va bu pozitsiyani saqlab qolish uchun vijdonan ishlamoqda. Gasperini qishki transferlar oynasiga katta umid bog‘lamasligini ham yashirmadi. Uning fikricha, yangi futbolchilar kelsa ham, ularga moslashish uchun vaqt kerak bo‘ladi. Shu sababli u hozirgi tarkibdagi ijrochilarga ishonishni ma’qul ko‘radi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Eldor Shomurodov o‘tgan yozgi transferlar paytida «Roma»ni tark etib, Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubiga ko‘chib o‘tgan edi. O‘zbekistonlik hujumchining ketishi ham rimliklar hujum salohiyatiga ma’lum darajada ta’sir qilgani mutaxassislar tomonidan qayd etilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.