Axborot-kommunikasiya sohasidagi eng oxirgi yutuqlar o‘zlashtiriladi

  • 25 noyabr 2016, 17:30
  • 4 767
  • Texnologiya
  • Axborot-kommunikasiya sohasidagi eng oxirgi yutuqlar o‘zlashtiriladi

    Bugungi kunda axborot-kommunikasiya texnologiyalari, Internet tizimini keng rivojlantirmasdan turib, mamlakatimizni modernizasiya qilish va yangilash, barqaror taraqqiyotga erishish haqida so‘z yuritish mumkin emas.

    Ushbu g‘oya Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida o‘z ifodasini topgan.

    O‘zbekiston MDH mamlakatlari orasida birinchilardan bo‘lib raqamli televideniega o‘tgan, respublikamizda raqamli televidenieni joriy etish 2007 yildan boshlangan edi. Hozirgi vaqtda raqamli televidenie yurtimiz hududining 79,5 foizini qamrab olgan. 2016 yil oxirigacha yana 10 ta raqamli teleuzatkich o‘rnatish natijasida bu ko‘rsatkich 88 foizga etishi, kelasi yilning oxirigacha esa raqamli televidenie mamlakatimizning barcha hududlarini to‘liq qamrab olishi kutilmoqda.

    Bu bilan, eng avvalo, fuqarolarning tezkor, sifatli, keng ko‘lamli va samarali axborot olishlari uchun qulay imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Birinchi navbatda, hozirgi vaqtda iste’molda bo‘lgan analogli formatning bitta chastotasida atigi bitta kanal mavjud bo‘lsa, raqamli formatda bu ko‘rsatkich 12 tani tashkil etadi.

    Yurtimizda mustaqillik yillarida Internet foydalanuvchilarning soni 13 milliondan ortib ketdi. Internet sohasini va tarmoq nashrlarini rivojlantirishga oid talay qonunlar va me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Tobora ommalashib borayotgan “UZ” domenida ayni paytda joylashtirilgan veb-saytlar soni 30 mingga yaqinlashib qoldi. Ulardan 379 ta internet-sayt ommaviy axborot vositasi sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. ZiyoNET tarmog‘i doirasida ta’lim resurslari soni esa 126 000 taga etdi. Keng polosali Internet xizmatlarini ko‘rsatuvchi simli portallardan foydalanish 107,4 foizga o‘sib, foydalanuvchilarga keng polosali IPTV, videotelefoniya, yuqori tezlikdagi internet, HDTV-kanallar va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish imkonini yanada kengaytirmoqda.

    “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish doirasida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilayotgan xizmatlar turlarining umumiy soni 290 dan oshdi. Natijada davlat organlari tomonidan aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga 833 mingdan ziyod xizmatlar ko‘rsatildi.

    Shuning uchun ham partiyamizdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida bugungi kunda axborot-kommunikasiya texnologiyalari, Internet tizimini keng rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilab qo‘yilgan. Xususan, ushbu sohada malakali mutaxassislar tayyorlash, jahon axborot texnologiyalari bozorida munosib o‘rin egallashga erishish, axborot-kommunikasiya sohasidagi oxirgi yutuqlarni o‘zlashtirish, milliy adabiyotimiz va jahon adabiyotining eng sara namunalarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish va ularni keng targ‘ib qilish ko‘zda tutilmoqda.

    Ma’lumki so‘nggi yillarda ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning 20 jildlik «Mukammal asarlar to‘plami» hamda 10 jildlik jamlanmalari kirill va lotin alifbolarida nashr etildi. Shoir nomi bilan ataladigan Milliy kutubxonamizda esa sohir so‘z zargarining 20 jildlik to‘plami elektron shaklda yaratildi. Yurtimiz tarixida ilk bor 100 jilddan iborat «O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari» chop etila boshlandi. “Jahon adabiyoti” jurnalida yuzlab xorijlik adiblarning sara asarlari o‘zbek tiliga o‘girilib, chop etib kelinmoqda. Shunday ekan, jahon, o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyoti etakchi vakillarining asarlarini elektron shaklga o‘girib, Internet tizimiga joylashtirish, ular bilan yoshlarimizning yanada kengroq qatlamini tanishtirish ayni muddao bo‘ladi.

    Partiyamiz tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning saylovoldi dasturi shiorlaridan biri: “Bitta maqsad bizni birlashtiradi, u ham bo‘lsa: Vatanimiz taraqqiyotidir!” Bu ezgu maqsad yurtimiz ertasida o‘z in’ikosini topsin, mamlakatimiz kelajakda dunyoning eng tarraqqiy etgan davlatlari qatorida o‘z munosib o‘rniga ega bo‘lsin deganlarni nomzodimiz uchun ovoz berishga chaqiramiz.

    O‘zLiDeP matbuot xizmati

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Axborot-kommunikasiya sohasidagi eng oxirgi yutuqlar o‘zlashtiriladi