08:31 / 22.05.2017
11 745

Me’yoridan oshiqcha qahvaning qanday zarari bor?

Me’yoridan oshiqcha qahvaning qanday zarari bor?
Qahva olma kabi shundoqqina daraxtdan uzib, bozorga olib borilmaydi, albatta. Sevimli ichimligingiz qo‘lingizga etib kelgunga qadar bir qancha jarayonlardan o‘tadi.

Qahva xuddi shu nomdagi ko‘p yillik daraxtning mevasidan olinadi. Bu daraxt Afrika, Osiyo, Amerika va Avstraliya qit’alarining tropik iqlimli mamlakatlarida o‘sadi. Qahva daraxtining turlari o‘ttizdan ortiq bo‘lsa-da, sanoat miqyosida asosan xili etishtiriladi – arabika va robusta qahvalari. Dunyoda etishtiriladigan qahvalarning taxminan 98 foizi ana shu ikki turga mansub. Bundan 70 foizini arabika, 30 foizini esa robusta tashkil etadi. Mazkur raqamlarning o‘ziyoq qahvaning qaysi turi ustunlikka egaligini ko‘rsatib turibdi – arabika robustaga nisbatan xushbo‘yroqdir.

Qahva daraxtining pishgan mevasi tashqi ko‘rinishidan olchaga o‘xshab ketadi. Meva qobig‘ining tagida yumshoq eti bo‘lib, uning ichida esa yarim shar shaklida bir juft urug‘ joylashgan bo‘ladi. Ana shu urug‘ meva etidan ajratib olinadi va ma’lum muddat davomida uyum-uyum qilib to‘plab qo‘yiladi. Keyin urug‘lar suvda yuvilib, etidan tozalanadi va quritiladi. Urug‘larni etidan tozalash uchun maxsus mashinalar yordamida ham ishlov beraladi.

Qahvaning kimyoviy tarkibi shundan dalolat beradiki, u nafaqat xushta’m mahsulot, balki qand, oqsil, yog‘ moddalari borligi uchun yuqori ozuqaviy qiymatga ega hamdir. Qahva tarkibidagi kofein odamning markaziy asab tizimi faoliyatini yaxshilab, tetiklashtiruvchi vosita vazifasini o‘taydi.

Bilsangiz kerak, qahva uch xil assortimentda ishlab chiqariladi: donador xom qahva, qovurilgan (donador, maydalangan, sachratqi qo‘shilgan) va eruvchan qahva.

Qahva tarkibidagi kofein moddasi tanaga quvvat baxsh etish xususiyatiga ega. Kofeinning inson organizmiga ta’siri esa hamon olimlar orasida qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Erta tongda ichilgan bir finjon achchiqqina qahva uyqungizni qochirib, diqqatingizni jamlashga yordam beradi. Bundan tashqari, u mehnat qobiliyatini oshirish, xotirani yaxshilash va kayfiyatni ko‘tarish xususiyatiga ham ega. Ana shu jihatlari tufayli Evropa mamlakatlarida qahva dastlab darmondori sifatida targ‘ib qilingan.

Biroq asalning ham ozi shirin, deganlaridek, qahvaxo‘rlikda ham me’yorni yoddan chiqarmagan ma’qul. Sababi, haddan ortiq iste’mol qilinganda bu ichimlik dori emas, zaharga aylanadi. Me’yorida iste’mol qilingan qahva miya to‘qimalari hamda nafas a’zolarini faollashtiradi, spirtli ichimliklar ta’sirini susaytiradi. Me’yor buzilganida esa u odam salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Xususan, qahva tarkibidagi alkaloid moddalar – kofein, teobromin, teofillin kabilar iste’moli kuniga 1000 mg.dan oshib ketsa, organizmda ularga nisbatan doimiy ehtiyoj shakllanishi mumkin. Qahva iste’mol qilish yuqori arterial qon bosimida, yurak ishemik xastaliklarida tavsiya etilmaydi. Qahva kuchli diuretik, ya’ni peshob haydovchi vosita hisoblanadi. Shu bois ham buyrak hamda siydik pufagi kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar uni iste’mol qilishdan tiyilganlari ma’qul.

Ushbu ichimlik organizmda kalsiy, natriy, magniy kabi mikroelementlarning o‘zlashtirilishiga to‘sqinlik qiladi. Shuningdek, homilador ayollarga ham qahva ichish tavsiya qilinmaydi.

Manba: hilol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Me’yoridan oshiqcha qahvaning qanday zarari bor?