17:38 / 09.10.2022
3 126

Rossiya armiyasi Ukraina hujumini to‘xtata oladimi? Agar yo‘q bo‘lsa, Putin yadroviy zarba bera oladimi?

Rossiya armiyasi Ukraina hujumini to‘xtata oladimi? Agar yo‘q bo‘lsa, Putin yadroviy zarba bera oladimi?
Xarkivda «Grad»dan zarba berilishi. Yasuyoshi Chiba / AFP / Scanpix / LETA
So‘nggi haftalarda frontdagi vaziyat tez o‘zgarmoqda va Rossiya tomoni uchun doimiy ravishda yomonlashmoqda. Ukraina kuchlari allaqachon katta hududlarni ishg‘oldan ozod qilgan va to‘xtashni rejalashtirmayapti. Bunga javoban Vladimir Putin va Rossiya rasmiylari yo yadroviy zarba berish kerakligiga shama qilmoqda yoki muzokaralar o‘tkazishni taklif qilmoqda (lekin faqat «Rossiya taklif qiladigan shartlar asosida»). «Meduza» harbiy ekspertlar bilan bu vaziyat nimaga olib kelishi mumkinligi haqida suhbatlashdi.

— Rossiya qandaydir tarzda Ukraina hujumini to‘xtata oladimi?

Kirill Mixaylov, Conflict Intelligence Team (CIT) tadqiqot guruhi a’zosi
: Xerson viloyatida rossiyaliklarning hali jiddiy janglarda qatnashmagan zaxiralari va desantchilari bor. Nazariy jihatdan, bu zaxiralarning jangga yuborilishi qarshi hujumni to‘xtatishi mumkin. Ammo agar ular Liman yaqinidagi kabi tarqoq harakat qilsa, bu rus qismlari uchun ayanchli yakunlanishi mumkin.

Shimoli-sharqiy yo‘nalishda vaziyat bundan ham yomonroq, garchi janglar Rossiya ta’minot bazalariga yaqinroqda kechayotgan bo‘lsa ham. U yerda rus qo‘shinlari janglardan sillasi qurigan va zaxiralar Xersonga ko‘chirilgandan keyin zaiflashib qolgan. Amaldagi kuchlardan u yerda 1-tank armiyasi va 20-umumqo‘shin armiyasi qolgan, ammo ular Izyum yo‘nalishidan chekingan paytda tashkilotchilik va texnika borasida ko‘p yo‘qotishlarga uchragan, shuningdek, Liman, Kupyansk yaqinidagi qarshi hujumlardan so‘ng jangovar qobiliyatining bir qismidan ayrilgan.

Hozirda safarbar qilinganlarning aksariyati Luhansk viloyatiga tashlanmoqda. Ular allaqachon asirga tushishni boshlab yuborgan. Demak, u yerda ham Rossiya armiyasi jiddiy muammolarga duch kelyapti.

Igor Kurtukov, harbiy tarixchi: Salohiyat bor, lekin dolzarblik ham bor. Salohiyati jihatidan Rossiya, albatta, Ukrainadan kattaroq. Ya’ni agar Rossiya xuddi Ukraina kabi to‘liq imkoniyatlarini ishga solib, urushda qatnashsa, unda, albatta, ukrainaliklarga juda og‘ir bo‘lar edi.

Safarbar qilinganlarning son jihatdan ustunligi ba’zan qurol-yarog‘lar sonidagi ustunlik bilan qoplanishi mumkin. Masalan, raqibda odam kuchi ikki barobar ko‘p bo‘lsa, bu ustunlikni qurol-yarog‘lar miqdori to‘rt barobar ko‘pligi bilan qoplash mumkin: kvadratik qaramlik. Agar ustunlik uch baravar bo‘lsa, bu xuddi pulemyotga qarshi nayza bilan jang qilishga o‘xshaydi. Bu og‘ir vaziyat.

Agar Rossiya haqiqatan ham uch baravar katta kuch to‘plab, ularni qurollantirishga qodir bo‘lsa, ukrainaliklarning imkoniyati kam. Yagona umid – Rossiyaning bunga qodir emasligida va bu asossiz emas.

Ukrainlarning muvaffaqiyati bejiz emas, ular urush boshidayoq safarbarlik e’lon qildi, uzoq vaqt davomida qo‘shinlarini tayyorladi va yetarli darajada mashq qildirib, kuchaytirishga muvaffaq bo‘ldi. Shu sababli, ular bunday hujumkor harakatlarni amalga oshirishga erishdi.

— Rossiyadan safarbar qilinganlar qachon jangga qo‘shila oladi?

Kirill Mixaylov
: Birinchi safarbar qilinganlar allaqachon frontga yetib bordi, hatto asirga ham tushdi. Ammo bunday tayyorgarlik bilan ular faqat olomon effektini beradi, xolos. Ular hali hech narsa bilan ta’minlanmagan, jangovar samaradorligi, yumshoq qilib aytganda juda shubhali. Shuning uchun, menimcha, hozir bu Rossiya tomoni uchun vaziyatni yaxshilashi dargumon.

Shu bilan birga, Rossiya armiyasi safarbar qilinganlarni zudlik bilan jangga tashlashga majbur, aks holda keyinchalik himoya qiladigan hududi qolmaydi. Ammo ular qancha kam tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsa, shuncha ko‘p yo‘qotishlarga duchor bo‘lishadi. Oqibatda yanada ko‘proq odamlarni safarbar qilishga to‘g‘ri keladi. Bu Rossiya iqtisodiyoti va siyosiy barqarorligiga yanada kuchli zarba beradi.

Biz [CIT guruhi] ishonamizki, rossiyalik safarbar qilinganlar yaqin kunlarda harbiy qismlarga qo‘shiladi, agar ular 21 sentyabrdan buyon kamida ikki haftalik tayyorgarlikdan o‘tgan bo‘lsa. Ammo bu olomonni hali ovqatlantirish va tashish kerak. Uzluksiz safarbarlik XX asr boshida inqilobga olib kelgandi. Bu Rossiyadagi umumiy siyosiy barqarorlikka salbiy ta’sir qiladi.

Ukrainada esa Rossiyada yo‘q resurs bor – jangovar tajribaga ega 400 ming askar. Bu Rossiya kuchlari uchun asosiy muammolardan biri.

Igor Kurtukov: Hozircha aytish qiyin, chunki bu safarbarlik tadbiri amalda qanday ketayotganini ko‘rishimiz kerak: chaqiruv, tayyorgarlik, shakllanish. Bu yangi armiya jang maydonida o‘zini qanday ko‘rsatishini bilish kerak. Bu hali sodir bo‘lmadi. Safarbarlikni muvaffaqiyatli amalga oshirish mumkinligiga yetarli darajada katta shubha bor.

— Rossiya o‘zining jangovar qudratini qanday oshirishi mumkin? Agar yadro qurolini istisno qiladigan bo‘lsak.

Kirill Mixaylov
: Hech qanday [qo‘shimcha] qurol yo‘q. Rossiya allaqachon mavjud bo‘lgan barcha vositalardan foydalanmoqda, farqi shundaki, aviatsiyadan taktika maqsadida foydalanish katta yo‘qotishlarga olib keladi, shuning uchun undan urush harakatlari hududida to‘liq foydalanib bo‘lmaydi. Ukraina qo‘shinlari zenit-raketa tizimlari bilan yetarlicha ta’minlangan, shuningdek, havo mudofaasi vositalariga ega – bular sovet davridagi «Strela» va «Osa» komplekslari, Britaniyaning Stormer, nemislarning Gepard kompleksi. Shu sababli, Rossiya aviatsiyasi havoga ko‘tarilganda katta yo‘qotishlarga duch kelmoqda. Strategik bombardimonchilarda ham xuddi shunday muammo bor.

Igor Kurtukov: Masalan, qandaydir yoppasiga bombardimon qilish haqida gapiradigan bo‘lsak, Rossiyada buning uchun imkoniyat yo‘q. Strategik aviatsiya esa allaqachon qo‘llanmoqda, ammo Rossiyada uning soni ko‘p emas.

— Ya’ni jangovar qudratni oshirish faqat safarbar qilinganlar va yadroviy qurollar hisobiga bo‘lishi mumkinmi?

Kirill Mixaylov
: Ha, aynan shunday.

Igor Kurtukov: Rossiya zarba beriladigan ob’ektlar doirasini o‘zgartirishi mumkin. Agar vatanparvarlikka oid har xil guruhlarni o‘qisangiz, ular Ukrainani elektr energiyasidan mahrum qilish, ko‘priklarni buzish mumkinligini muhokama qilishni yaxshi ko‘rishadi. Ammo bu borada ham Ukrainaga berilayotgan raketa zarbalari intensivligi pasayganini ko‘rish mumkin, demak qandaydir qiyinchiliklar bor.

— Kuz fasli va yo‘llarning ahvoli yomonlashishini hisobga olsak, Ukrainaning qarshi hujumi qancha davom etishi mumkin?

Kirill Mixaylov
: Ha, bu jiddiy muammo. G‘arbdan keltirilgan uskunalarning ko‘p qismi yengil zirhli va g‘ildirakli. Yomg‘ir ostida dala yo‘llarida, dala bo‘ylab harakatlanayotganda mashinalar loyga botadi. Ammo men ob-havo bashoratiga qaradim: Xerson yo‘nalishi bo‘yicha 20 oktabrgacha yomg‘ir yog‘maydi, Svatovoda 19 oktabrgacha jiddiy yomg‘ir kutilmaydi, shuning uchun ukrainaliklarda hujum qilish uchun vaqt bor.

Yaqin kelajakda men Svatovo, Kaxova GES va boshqa ob’ektlar qaytarib olinishini istisno qilmayman. Agar ukrainaliklar yetarli zaxiraga ega bo‘lsa, buning imkoni bor. Bir vaqtning o‘zida ikki yo‘nalishda hujum qilish – jiddiy vazifa. Ukraina zaxiralari bilan bog‘liq vaziyat qandayligi noma’lum, ammo rossiyaliklarda bu borada muammolar bor. Shuning uchun men keyingi bir necha hafta ichida qarshi hujumlarni kutgan bo‘lardim.

Igor Kurtukov: Zamonaviy armiya odatda har qanday ob-havoda jang qila oladi. Ikkinchi jahon urushini eslang, qish paytida ko‘plab hujumlar amalga oshirildi. Agar biz hozir urush ketayotgan joylarni inobatga oladigan bo‘lsak, 1941 yil oktabr oyida nemislar taxminan Zaporijjyadan Taganroggacha yetib borishgandi. Agar 1944 yil bahorini oladigan bo‘lsak, jiddiy to‘siqlar bo‘lishiga qaramay, sovet qo‘shinlari G‘arbiy Ukrainaning ancha ichiga kirib borishgandi.

Eng muhim omil – bu sovuq emas, balki yorug‘ kunning uzunligi. Yetarli darajada yorug‘ bo‘lishi kerak. Qishda esa ish vaqti ancha qisqaradi. Ob-havo va sovuqni yengib o‘tish nisbatan oson.

— Ukraina qarshi hujumining asosiy strategik maqsadlari nimadan iborat?

Kirill Mixaylov
: Biz ko‘rayotgan operatsiyalardan kelib chiqadigan bo‘lsak, maqsad – Dneprning o‘ng qirg‘og‘ini, jumladan Xerson shahrini ham ozod qilish. Shimoli-sharqda – 24 fevraldan keyin ishg‘ol qilingan Luhansk viloyatining [bir qismini] ozod qilish: Svatovo, Starobelsk, Schaste, Luhanskaya qishlog‘i va Severodonetsk, Lisichansk. 24 fevralgacha mavjud bo‘lgan chegaralarga chiqib olish.

Agar biz tezkor maqsadlar haqida gapiradigan bo‘lsak (ya’ni strategik maqsadlardan pastroq darajada), bu Svatovo va Kreminna shahrini egallash, operativ kenglikka chiqish va Starobelsk, Rubijne va Severodonetsk, Lisichansk tomon yurish.

Xerson yo‘nalishidagi tezkor maqsadlar – Ingules daryosining chap qirg‘og‘iga chiqib olish, bu Dneprning o‘ng irmog‘i. Yoki Kaxova GES – Xerson avtomagistralini zarba berish imkoniyati darajasida nazoratga olish. Bu, o‘z navbatida, Xersonga avtomobillar orqali yuk yetkazish imkoniyatini xavf ostida qoldiradi va logistikani ancha ishonchsiz bo‘lgan paromlarga yuklaydi. Shuningdek, Ukraina qurolli kuchlari uchun shimoldan Xersonga yaqinlashib olish va parom orqali kechib o‘tish joylarini o‘qqa tutish imkoniyatiga ega bo‘lish ham muhim ahamiyat kasb etgan bo‘lar edi.

Igor Kurtukov: Menimcha, mohiyat aholi yashash manzillari va shaharlarni ozod qilishda emas, garchi Xerson Ukraina armiyasi uchun muhim maqsad bo‘lsa-da. Bu juda muhim siyosiy ob’ekt. Ammo urush nuqtayi nazaridan, unchalik muhim bo‘lmasligi mumkin.

Menimcha, Ukraina hujumining eng foydali yo‘nalishi – Melitopol orqali Qrim bo‘yiniga chiqish. Bu Rossiya armiyasi tizimlarini tezda yo‘qqa chiqarar edi, lekin, albatta, Rossiya ham u yerda yetarli zaxiralarini saqlamoqda.

— Ukraina Qrimga qo‘shin kiritish bilan tahdid qilishi mumkinmi?

Kirill Mixaylov
: Bu G‘arbning qo‘llab-quvvatlashiga bog‘liq. Yangi ta’minot kerak bo‘ladi. Agar Ukraina armiyasi ozchilikda qolsa ham, Rossiya armiyasiga qarshilik ko‘rsatishi va hatto oldinga siljishda davom etishi uchun ko‘proq zirhli texnika, artilleriya, eng oddiy narsalar kerak. NATO ta’minotni oshirishi kerak.

Igor Kurtukov: Qrimga bostirib kirish – alohida jarayon. U yerga quruqlik orqali bostirib kirish juda qiyin: tor bo‘yin bor. Menimcha, ukrainaliklar havodan hujum qilishga qodir emas. Ularning tayinli floti ham yo‘q. Ukrainaning Qrimga bostirib kirishiga shubha bilan qarayman. Eng yomon vaziyatda ham, Rossiya Qrimga kirish yo‘lini ushlab turish uchun yetarli qo‘shinga ega.

— Hozir Rossiyaning taktik yadro qurolidan foydalanish ehtimoli qanday?

Kirill Mixaylov
: Bu ssenariyning ehtimoli juda past. Birinchi o‘rinda undan foydalanish tahdidi turadi. Putin oxirgi nutqida yadroviy qurol bilan tahdid qilgan edi, bu haqda deyarli aniq gapirdi. Agar shunday baland ovoz bilan tahdid qilsangiz, demak undan foydalanishga tayyor emassiz.

Agar Putin yadro quroliga to‘liq tayanganida, muammoning odatdagi yechimi sifatida safarbarlikdan foydalanmagan bo‘lardi. Ammo xavf-xatarlarga qaramay, u buni amalga oshirdi.

Agar biz taktik yadro qurollari haqida gapiradigan bo‘lsak, ular vaziyatni sezilarli darajada o‘zgartira olmaydi. Uni o‘zgartirish va Rossiya tomonidan rasman qo‘shib olingan hududlarni bosib olish uchun birinchi hujum to‘lqinida yuzlab yadroviy zaryadlar talab qilinadi. Hatto frontdagi qismlar uchun ham o‘nlab yadroviy zarba berishga to‘g‘ri keladi. Vaziyatni butunlay o‘zgartirish uchun bitta yadroviy zarba yetarli emas.

Bundan tashqari, rus qo‘shinlariga yadroviy zarbalardan keyin qanday hujum qilishni o‘rgatadigan mashqlar o‘tkazilmagan. Ular o‘q o‘tkazmaydigan zirhli jilet tanqisiligiga duch kelgan paytda, armiya radiobiologik himoya kiyimi bilan qanday ta’minlashi – katta muammo.

Igor Kurtukov: Taktik yadro qurolidan foydalanish katta ahmoqlik bo‘lardi. Bu, aslida, urushda g‘alaba qozonish uchun hech qanday kafolat bermaydi, faqat tezkorlik jihatidan samarali. Yadro qurollari hozir davom etayotgan ba’zi janglarda g‘alaba qozonishga yordam beradi. Ammo agar armiyaning g‘alaba qozonishi haqida gapiradigan bo‘lsak, unda bu ta’sir salbiy bo‘lishi mumkin. Chunki urush hozir siyosat bilan juda bog‘langan.

Ukrainaning qarshilik ko‘rsatishi xalqaro miqyosda asosan birinchi dunyo orasida qo‘llab-quvvatlanishi bilan belgilanadi, lekin uchinchi dunyo orasida emas. Ikkinchi dunyo esa endi yo‘q. Yadro zarbalari bu muvozanatni sezilarli darajada o‘zgartiradi. Hozirda Rossiya bilan ozmi-ko‘pmi hamkorlik qilayotgan ko‘plab davlatlar bor. Ammo bunday voqea sodir bo‘lsa, ular o‘zini olib qochishga harakat qilishi mumkin. Chunki yadro qurolidan foydalanish xalqaro siyosatda juda qattiq qoralandi.

— G‘arb davlatlari Rossiyaning yadroviy zarbalariga qanday javob berishi mumkin?

Kirill Mixaylov
: Ko‘pchilik NATO yuqori aniqlikdagi qurollar bilan javob qaytarishini aytmoqda. NATO bunday qurollardan halokatli zarba berishi mumkin va bu Rossiya yadro qurolidan ham ko‘proq zarar yetkazishga qodir. Bunday zarbalardan keyin Rossiya uchun jang maydonida g‘alaba qozonish imkonsiz bo‘ladi.

Bu eng mantiqiy ssenariy. G‘arbning sobiq va amaldagi rasmiylari, ekspertlari bunga shama qilmoqda. Zarbalar Rossiyadagi yadroviy qurol tashuvchilari joylashtirilgan maskanlarga ham berilishi mumkin, masalan, Belgorodga. Bu eng adekvat javob.

Igor Kurtukov: Amerikaliklar va bir qator NATO davlatlari yadro qurolidan foydalanishga o‘tish NATO davlatlari tomonidan eskalatsiyaga olib kelishi mumkinligini aytishmoqda. Ya’ni ularning barchasi bunga javoban yadro qurolidan zarba berilmasligini ta’kidlamoqda. Ammo qandaydir munosib javob bo‘lishi mumkin, bu esa to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvga olib keladi. Masalan, Rossiya qurolli kuchlariga qarshi raketa va havo hujumlaridan zarba berilishi mumkin. Ammo har qanday eskalatsiya bizni keng ko‘lamli yadro urushi yoqasiga yaqinlashtiradi.

— Rossiya «maxsus harbiy operatsiyasi» rasmiy maqomining o‘zgarishi, hozir bu haqda mish-mishlar paydo bo‘lgan, harbiy harakatlar ko‘lamini oshirishi mumkinmi?

Kirill Mixaylov: Bu mudofaa korxonalari quvvatini oshirishi mumkin. Yadro qurolini istisno qilgan holda, hozir amalga oshirish mumkin bo‘lgan yagona narsa – bu ommaviy urush boshlanayotganini e’lon qilish. Bu to‘liq safarbarlikni, butun iqtisodiyotni harbiy asosga o‘tkazilishini nazarda tutadi, hamma narsa 24/7 rejimida ishlaydi. Umumiy harbiy tayyorgarlik boshlanadi.

Bu harbiy harakatlarni kuchaytirishning yagona yo‘li. Ammo buning uchun resurslar va sovet davridagidek repressiv apparat kerak. Hozir esa Putinning repressiv apparati maqsadli nishonlarga qaratilgan va ommaviy vatanparvarlik, ko‘tarinkilik yo‘q. Shunga ko‘ra, men sovet ittifoqi tomonidan olib borilgan ommaviy urushning hozirgi vaqtda imkoni borligiga shubha qilaman.

Igor Kurtukov: Menimcha, Rossiya hozir o‘zida mavjud barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. Ushbu operatsiya rasmiy tasnifining o‘zgarishi bu ma’noda hech narsani o‘zgartira olmaydi.

— Urush yana qancha vaqt davom etishi mumkin?

Kirill Mixaylov: Bu urush oldindan umuman aytib bo‘lmaydigan yo‘nalishda rivojlanishi mumkin. Men uzoq muddatli bashorat qilmayman, lekin urush uzoq vaqt davom etadi. Tomonlar bir-biriga mutlaqo qarama-qarshi maqsadlarga ega bo‘lgani sababli, yaqin kelajakda birining sillasi qurib, yon berishga majbur bo‘lmaguncha, hech qanday tinchlik tashabbuslari foyda bermaydi.

Igor Kurtukov: Ikkita pozitsiya bor: Rossiyaniki va Ukrainaniki. Hozir bu pozitsiyalar bir-biridan ancha uzoqda. Agar taqdir taqozosi bilan Rossiya «biz Ukraina shartlariga rozimiz» desa, Ukraina muzokaralarga boradi. Agar ertaga Putin: «Barcha qo‘shinlarimni olib chiqaman, urushni to‘xtataman, tinchlik haqida gaplashamiz», desa, Zelenskiy: «Yaxshi, ortiqcha qon to‘kishni bas qilaylik», deb aytishi mumkin.

Ammo agar Putin: «Xo‘sh, keling, Ukrainaning to‘rtta viloyatini saqlab qolish shartlari bilan tinchlik haqida gapiraylik, chunki biz ularni allaqachon Rossiya tarkibiga kiritganmiz», desa, ukrainaliklar bunga rozi bo‘lmaydi. Boshqa tomondan, Putin bu anneksiyani amalga oshirib, ko‘priklarni yoqib yubordi. Unda ortga qaytish uchun yo‘l yo‘q, endi o‘z tashabbusi bilan urushdan chiqa olmaydi. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya armiyasi Ukraina hujumini to‘xtata oladimi? Agar yo‘q bo‘lsa, Putin yadroviy zarba bera oladimi?