The Wall Street Journal (WSJ) nashri manbalariga tayanib xabar berishicha, Yevropa davlatlari hamda Ukraina rasmiylari AQSH hukumat vakillariga Rossiya–Ukraina o‘rtasidagi qurolli mojaroni tugatishga qaratilgan o‘z taklif va yo‘l xaritasini taqdim etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Kiyev va bir qator Yevropa mamlakatlari mojaro taraflariga har qanday qo‘shimcha choralardan avval o‘t ochishni to‘xtatishni ilk qadam sifatida amalga oshirishni tavsiya qilgan. Shuningdek, ittifoqchilar hududiy masalalarda almashinuv faqat o‘zaro asosda bo‘lishi zarurligini ta’kidlagan. Ya’ni, agar Ukraina muayyan hududlardan chiqishga majbur bo‘lsa, Rossiya ham boshqa nazoratidagi hududlardan chiqishi shart deb ko‘rsatilgan.
Reja shartlariga muvofiq, agar Kiyev har qanday hududiy imtiyoz yoki yon berishlarga rozilik bildirsa, Ukraina qat’iy xavfsizlik kafolatlariga ega bo‘ladi. Bu kafolatlar ichida esa mamlakatning NATOga a’zo bo‘lishi ehtimoli ham tilga olingan.
Yevropa yetakchilari yordamchilari mazkur rejani 9 avgust kuni Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan muzokaralar paytida AQSH tomoniga taqdim etgan. Muzokaralarda shaxsan AQSH vitse-prezidenti Jeyms Vens, videoaloqa orqali davlat kotibi Marko Rubio, shuningdek, prezidentning maxsus vakillari Kit Kellog va Stiven Uitkoff ishtirok etgan.
WSJ yozishicha, Yevropa va Ukraina vakillari mazkur hujjatda Rossiya bilan ehtimoliy muzokaralar jarayonida inobatga olinishi lozim bo‘lgan “qizil chiziq”lar belgilab berilgan. Yevropa vakillarining ta’kidlashicha, Ukraina taqdiri Ukraina ishtirokisiz muhokama qilinmasligi shart. Shuningdek, Rossiya va AQSH o‘rtasida erishilishi mumkin bo‘lgan har qanday kelishuv Yevropa davlatlari ishtirokisiz o‘z ahamiyatini yo‘qotishi mumkin. Bu haqda nashrga Yevropaning yuqori martabali rasmiysi ma’lum qilgan.
Avvalroq, Rossiya–Ukraina urushini to‘xtatish bo‘yicha AQSHning o‘zi ishlab chiqqan rejasi Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ham yetkazilgani haqida xabar qilingan edi. WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Putin Ukrainadan Donetsk viloyatini to‘liq ravishda Rossiya tarkibiga o‘tkazishni talab qilgan. Shundan so‘ng esa, Rossiya oldinroq anneksiya qilgan Zaporoje va Xerson viloyatlarida front chizig‘ini “muzlatish” taklifini ilgari surgan.
Shu bilan birga, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 9 avgust kuni o‘z bayonotida mamlakat Rossiyaga “o‘z hududlarini sovg‘a qilish niyati yo‘q”ligini qat’iy ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina hech qachon bosqinchi qo‘liga o‘z zaminini topshirmaydi.
Yevropa va Ukraina AQSHga urushni tugatish rejasini taqdim etdi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar