
Qo‘shni Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan so‘ng, yangi va oxirgi yetti yillik vakolatga saylangan Prezident Toqayev, o‘zining birinchi davlat tashrifini Rossiyadan boshlagan. Shu tashrif chog‘ida, Rossiya tomoni Toqayevga «keling, Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston ishtirokida, energetik ittifoq tuzaylik!» degan taklifni bildirgan. Bunga javoban, Toqayev «nima uchun yo‘q?! Men roziman» degan qutilgan.
Avvalo, Toqayevning Rossiyaga tashrifini chuqurroq tushunish muhim. Keyingi uch yil davomida, Toqayev va Putinning munosabatlari sovuq, ular o‘zaro bir-biriga mutlaq ishonmaydi. Lekin, diplomatik mulozamat qilishga majbur. Putin Ukraina bilan band. Qozog‘istonga ikkinchi frontni ocha olmaydi. Resurs yetmaydi. Toqayev ham saylovdan keyingi o‘zining birinchi tashrifini Rossiyadan boshladi.
Bu «tinchlantirish tashrifi» deyiladi. Qozog‘iston shimoldagi qo‘shnisiga “tinchlan, men senga dushman emasman, men senga qarshi bormayman. Agar o‘zing meni hududim va mustaqilligimni hurmat qilsang, dushman bo‘lmaymiz”, demoqchidek. Qozog‘iston elitasi yaxshi tushunadiki, Putinning siyosiy umri katta tezlikda qisqarib borayapti. U sarosimaga tushgan payt, uni qahr-g‘azabini Qozog‘istonga yo‘nalishiga imkon bermaslik kerak. Shuning uchun, Moskvaga borib, Putinni tinchlantirish muhim edi. Endi, Moskva tomonidan «keling, uchlik ittifoqi tuzaylik!» degan taklifga, Toqayev «yo‘q» deb javob bersa, mehmonga borib mezbonni yana sazoyi qilgan bo‘ladi.
O‘tgan safar Piterda Putinning yonida o‘tirib «men seni DXR va LXRlaringni tan olmayman!» degani haliga qadar Putinni asabiga tegadi. Shuning uchun, bu safar ham Putinni asabiylashtirmaslik uchun «ha, mayli, bo‘lsa bo‘la qolsin shu ittifoq!» deb qutildi. Lekin, bu ittifoq Qozog‘istonga og‘ir yuk bo‘ladi, buni Toqayev yaxshi tushunadi.
O‘zbekistonchi? Ishonchim komil, O‘zbekiston bu ittifoqqa qo‘shilmaydi. Sabablari ko‘p. Birinchidan, O‘zbekiston o‘zining energetik oldi-sotdisini Rossiya bilan muvofiqlashtirsa, o‘zining energetik va geosiyosiy mustaqilligini tep-tekis joyda qisqartirgan, toraytirgan yoki yo‘qotgan bo‘ladi. Ikkinchidan, ihotalangan Rossiyaga energetik va savdo-iqtisodiy hamda geosiyosiy munosabatlar ustidan monopoliyani saqlab qolishda, o‘zining manfaatlarini qurbon qilib bo‘lsada, yordam bersa, shimoliy imperializmning yashovchanligini uzaytirgan bo‘ladi. Qolaversa, ikkilamchi sanksiyalarga o‘zini ataylab duchor qilgan bo‘ladi.
O‘zbekiston, Markaziy Osiyodagi geosiyosiy eng mustaqil davlat. Xohlaganda KXSHTga kirib, xohlaganda chiqadi. Yevrosiyo Ittifoqida ham kuzatuvchi bo‘lib, bu tashkilotga a’zo davlatlarning o‘zaro aloqalarini ichkaridan va bepul tomosha qilishni yaxshi ko‘radi. Lekin bu ishlarga aralashib, o‘ziga katta mas’uliyat yoki og‘ir gunoh olmaydi. Shu paytgacha Yevrosiyo Ittifoqiga to‘liq kirmagan O‘zbekiston, endi, sanksiyalar bosimi ostida turgan Rossiyaning yangi «ittifoqi»ga qo‘shiladimi? Menimcha, hali ham ba’zilar O‘zbekistonni yaxshi tushunmagan ko‘rinadi…
Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar