21:20 / 03.11.2024
55

Rossiya armiyasining «chaynovchi jag‘lari»: Donbassdagi ukrain fronti chindan ham «quladi»mi?

Rossiya armiyasining «chaynovchi jag‘lari»: Donbassdagi ukrain fronti chindan ham «quladi»mi?
Foto: Reuters
Rossiya armiyasi Donetsk oblastidagi yurish sur’atini sezilarli darajada oshirdi. Kuzning dastlabki ikki oyida ular bu yerda kattagina hududni o‘z nazoratiga oldi, ekspertlarga ko‘ra, bu keng ko‘lamli urush boshidan keyingi davrda egallangan rekord darajadagi katta hududdir. Ukrainadagi ayrim harbiylar va siyosatchilar ukrain fronti «qulayotgani» haqida gapirmoqda.

«Buni barchamiz bilamiz — va men qandaydir harbiy sirni ochayotganim yo‘q, — bizning front quladi», — degan 27 oktyabr kungi intervyuda ukrain generali, urush boshida Mikolayiv mudofaasiga rahbarlik qilgan Dmitro Marchenko.

U «frontning qulashi» sabablaridan biri sifatida Ukraina qurolli kuchlarida o‘q-dori va shaxsiy tarkib yetishmayotgani, «boshqaruvdagi muvozanat buzilishi» — xususan, harbiy bo‘linmalar komandirlari tez-tez almashtirilishi hamda tayyor bo‘lmagan qismlarni yangi yo‘nalishlarga olib o‘tkazishni (masalan, oktyabr boshida Vuhledar atrofida shunday bo‘lgandi) keltirgan.

«Front qulayotgani» haqidagi tezisni darhol rossiyalik propagandachilar va Z-kanallar, shuningdek, ukrainalik ayrim siyosatchilar va harbiy muxbirlar ham ilib olishdi.

Donetsk oblastidagi to‘qnashuv chizig‘ida aslida nimalar bo‘lmoqda? BBC Ukraina xizmati muxbiri Oleg Chernish shu mavzuni tahlil qildi.

Hal qiluvchi shturmga tayyorgarlik

29 oktyabr kuni Rossiya mudofaa vazirligi Pokrovskdan 15 km masofadagi Selidove shahri egallangani haqida rasman xabar berdi.

Ukrain kuchlari mazkur aholi yashash manzilini uzoq vaqt davomida o‘zida ushlab turgandi, ammo oktyabr oyining ikkinchi yarmidan Rossiya qo‘shini uni qanotlardan aylanib o‘tib, ta’minot yo‘llarini to‘sib qo‘ya boshladi, keyin esa shahar chekkalaridagi aholi yashash kvartallarini shturm qilishga kirishildi. Ukraina mudofaa kuchlari esa to‘liq qurshovga tushib qolmaslik uchun, kutilganidek chekindi va ko‘p o‘tmay shahar raqib tomonidan egallandi.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Selidove atrofidagi vaziyatni sharhlamadi, ammo 30 oktyabr kuni Ukraina qo‘mondonligiga aloqador hisoblangan DeepState tahlil markazi shahar to‘lig‘icha raqib tomonidan okkupatsiya qilinganini tasdiqladi.

Selidovening qulashi Rossiya bo‘linmalariga Pokrovsk mudofaasining janubiy qanotiga hujum qilish uchun yo‘l ochdi, shuningdek, Kuraxovoning shimoliy chekkalari tomon harakatlanishda davom etishga imkon beradi.

BBC'ning ukrain qo‘mondonligidagi yuqori martabali manbasi Donbassning logistik va sanoat markazlari bo‘lgan aynan shu ikki shahar katta ehtimol bilan Rossiya hujumlarining yaqin vaqtlar uchun asosiy nishonlariga aylanishini aytgan.

Rossiyalik harbiylar Selidove markazidagi binoga RF bayrog‘ini o‘rnatmoqda, ukrain kuchlari qurshovga tushib qolmaslik uchun shaharni tashlab chiqqan. Foto: RF mudofaa vazirligi
Noyabr boshidagi holatga ko‘ra, Pokrovskni front chizig‘idan 6 km masofa ajratib turibdi.

Kuraxovo borasida esa, rossiyalik harbiy blogerlar RF armiyasi allaqachon uning janubiy chekkalarida o‘rnashishga harakat qilayotganini aytishgan.

BBC ma’lumotiga ko‘ra, ukrain qo‘mondonligi ushbu ikki aholi yashash manzillari himoyasi uchun qo‘shimcha bo‘linmalar yuborgan.

Ammo rossiyaliklar bu yerda ham Vuhledar va Selidoveda ish bergan manyovrni qo‘llashi istisno etilmaydi: shahar «ro‘paradan» shturm qilinmasdan, qanotlardan aylanib o‘tiladi.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabining strategik kommunikatsiyalar boshqarmasi sobiq boshlig‘i, polkovnik Yevgeniy Sasko rossiyaliklarning ushbu taktik usulini «kavshayotgan jag‘lar» deb ataydi: shimol va janubdagi qanotlarda kuchli «jag‘lar» yuzaga kelgan, ular bosqichma-bosqich shahar atrofidagi mudofaani bo‘shashtiradi va «chaynaydi», bu esa yakunda uning qulashiga olib keladi.

Agar rus qo‘shini shaharni g‘arbroqda, Zaporijjya-Donetsk trassasi bo‘yida joylashgan ikki qishloq: Andriyivka va Konstantinopol hududida aylanib o‘tishga harakat qilsa, Kuraxovoda ham shu ssenariy takrorlanishi mumkin.

Rus qo‘shinlari Ukraina uchun favqulodda muhim bo‘lgan logistik marshrut tomon bir vaqtning o‘zida shimol va janubdan hujum qilmoqda. Ruslar ikki qanotdan ham trassagacha 11 kilometr masofa yaqinlashgan.

«Umid qilamanki, qarshi zarbalar natijasida (rossiyaliklar) Andriyivkada „Kuraxovo karmani“da paydo bo‘lib, „jag‘lari bilan kavshash“ni boshlamaydi», — deya yozadi polkovnik Sasko.

Rossiyaliklra uchun kamtarroq boshqa bir variant — Kuraxovo suv omborini shimoldan aylanib o‘tish va trassani Kuraxovo shahrining g‘arbiy chekkasida, Dachnoye qishlog‘i hududida to‘sib qo‘yish hisoblanadi. Bu holatda ham rossiyaliklar uchun Kuraxovodan 8 km janubdagi Uspenovka qishlog‘ini nazoratga olish muhim. Bu yerda Kuraxovo, Dachnoye, Katerinovka va Velika Novosilkadan keluvchi yo‘llar tutashadi. Rossiya armiyasi Velika Novosilkadan keluvchi yo‘lni allaqachon Shaxtyorsk hududida to‘sib qo‘ygan.

Pokrovsk atrofidagi vaziyat ham Ukraina qurolli kuchlari uchun ancha noqulay bo‘lib qolgan. Yoz oxirida zaxira kuchlar jalb etilishi evaziga Ukraina himoyachilari raqibning shaharning sharqiy chekkalari va uning yo‘ldosh shahri bo‘lmish Mirnograd tomon jadal yurishini to‘xtata olgandi. O‘shanda rossiyaliklar muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Pokrovsk-Konstantinovka trassasini to‘sib qo‘yishning uddasidan chiqolmagandi.

Ammo Selidove qulagach, Rossiya bo‘linmalari ushbu hududda yana faollashishi mumkin, faqat endi shaharni janubdan aylanib o‘tib, Solenoy daryosi o‘zani hamda temiryo‘l bo‘ylab Novotroitskoye va Shevchenko posyolkalari yo‘nalishida harakatlanish orqali.

Pokrovskdagi vayrona bino. 2024 yil 19 oktyabr
Fermin Torrano / Anadolu / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press

30 oktyabr kuni ukrain milliy telemarafoni efirida shahar harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Dobryak Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalari Pokrovsk atrofidagi mudofaa chiziqlarini mustahkamlayotganini ma’lum qildi.

U shaharga kirish va undan chiqish vaqtincha cheklanganidan ogohlantirgan.

«Pokrovskda mudofaa istehkomlari qurilmoqda va biz allaqachon shaharga kirib joylashyapmiz, shaharning ma’lum qismlari to‘siladi. Hozirda shaharda bir necha eshelon barpo etilmoqda, ular Pokrovsk mikrorayonlari va ko‘chalarining bir qismini to‘sib qo‘yadi», — deya izoh bergan shahar rahbari jurnalistlarga.

Uning ma’lumotiga ko‘ra, otishmalar chog‘ida urushga qadar bo‘lgan infratuzilmaning 80 foizi vayron bo‘lgan, ammo shaharda hamon 12 ming kishi qolmoqda, shundan 55 nafari bolalar.

Pokrovskdagi turar joylar atrofida «Ajdaho tishlari». 2024 yil 23 oktyabr
Fermin Torrano / Anadolu / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press

Buni front qulashi deyish mumkinmi?

Germaniyaning Welt nashri hisoblariga ko‘ra, oktyabr oyi boshidan buyon Rossiya qo‘shini Ukrainaning 478 km kv hududini egallagan. Urush boshidagi faol harbiy harakatlar yakunlangan 2022 yil marti oxiridan buyon bu mutlaqo rekord ko‘rsatkichdir.

Ukrainaning DeepState proyektiga ko‘ra, o‘tgan oyda rossiyaliklar yigirmaga yaqin aholi yashash manzillarini (Vuhledar va Selidove shaharlari ham shuning ichida) egallab olgan.

Isroillik harbiy ekspert David Gendelmanng e’tibor qaratishicha, bu holatda gap ukrain kuchlari raqib jonli kuch va havodagi ustunligi tufayli chekinishi haqida bormoqda. Amalda Rossiya qo‘shini ancha sustkashlik bilan ilgarilagan.

«„Front qulashi“ kabi bunday bayonotlar — asosan hissiyotga berilgan holda qilingan. Amalda esa qulash haqida gap yo‘q», — deydi tahlilchi BBC uchun intervyuda va bu urush davomida front faqat bir marta — Rossiya tomonida «qulagani»ni qo‘shimcha qilgan.

Kuraxovodan tinch aholini evakuatsiya qilish davom etmoqda. Noyabr oyi boshidagi holatga ko‘ra, bu shahar — Rossiya armiyasining asosiy maqsadiga aylangan va uning atrofida janglar ketmoqda
«Bunday holat 2022 yil kuzida aynan Rossiya tomonida, ukrainlar Xarkiv yo‘nalishida yorib o‘tganida kuzatilgandi, — deydi u. — Ana u yerda muayyan katta uchastkada front chindan ham qulagandi».

2022 yil sentyabrida Ukraina qurolli kuchlari Xarkiv oblastining Balakliya shahri atrofida Rossiya mudofaasini yorib o‘tgan va qisqa muddat ichida katta hududni ozod etgandi. Shu bilan birga, ayrim uchastkalarda rossiyaliklarning chekinishi xaotik kechgan, ular qurshovga tushib qolishgan va ko‘p miqdordagi texnika va o‘q-dorilarni tashlab ketishgandi.

O‘sha vaziyatdan farqli o‘laroq, Ukraina qurolli kuchlarining Donbass janubi va markazidan chekinishi asosan uyushgan holatda kechmoqda, ba’zida arergard janglar olib borilmoqda — ma’lum hududni himoya qilishda davom etish katta qurbonlarga sabab bo‘lishi aniq bo‘lgan sharoitlarda chekinishga qaror qilinmoqda.

Ayniqsa 2023 yil Baxmut uchun kechgan janglardagi taktika bilan taqqoslaganda farq yaqqol ko‘zga tashlanadi. O‘shanda shahardagi ko‘cha janglari vaqtida Ukraina qurolli kuchlari yaxshi tayyorlikka ega bo‘lmagan juda ko‘p jangchilardan ayrilgandi.

Gendelman Ukraina qurolli kuchlarining bugungi kundagi asosiy muammosi sifatida jonli kuch yetishmasligi deb biladi. Shaxsiy tarkibdagi kamchiliklar tufayli armiya kuchlarini frontning turli uchastkalariga tarqoq joylashtirishga majbur bo‘lmoqda, bu esa rossiyaliklarga bu bo‘linmalar orasida zaif nuqtalarga tig‘ urib, raqibning «toliqqan» mudofaasini bostirishiga imkon bermoqda.

Ekspertlar so‘zlariga ko‘ra, hozirda Ukraina qurolli kuchlarining asosiy muammosi — jonli kuch yetishmovchiligi
Razumkov markazining harbiy dasturlar bo‘yicha direktori, Ukraina qurolli kuchlarining zaxiradagi polkovnigi Mikola Sungurovskiy safarbarlik borasidagi muammolardan tashqari, Rossiyaning Donbassdagi yurishi ukrain rahbariyatidagi qator kamchiliklarni ham fosh qilganini aytadi.

«Ha, bu front qulashi emasdi, ammo — amalda jiddiy kamchiliklar va jiddiy muammolar mavjud. Barchasi rasmiylar ularga qanchalik tez va mazmunli reaksiya qilishiga bog‘liq», — deydi Sungurovskiy BBC bilan suhbatda.

U Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonlik shtabi tarkibi yetarlicha tayyorgarlikka ega emasligi, boshqaruv va harbiy tashkil etishdagi muammolarni sanab o‘tadi. Armiya qo‘mondonligi ayrim masalalarni hal qilmoqda, ammo tizimni yo‘lga qo‘yish uchun Kiyevdagi siyosiy rahbariyatdan ham faol harakatlar talab etiladi.

Bunday sharoitlarda Pokrovsk va Kuraxovoni okkupatsiyadan saqlab qolish mumkinmi?

«Agar qisqa muddatli istiqbol haqida gapiradigan bo‘lsak, bu operativ va strategik zaxiralarni ishga solish orqali amalga oshirilishi mumkin, — deya qayd etadi Sungurovskiy. — Ammo ularning hammasi ham to‘liq tayyor emas. Ikkinchidan, tushunishimcha, ular qish va bahordagi qarshi hujum uchun tuzilayotgandi. Va ayni vaqtda ulardan foydalanishni istashmaydi, chunki bu Ukraina qurolli kuchlarining kelgusi rejalariga ta’sir ko‘rsatadi».

Kuz oxiriga borib Rossiya armiyasining Ukrainada ilgarilashi noqulay ob-havo va zaxira tugashi tufayli to‘xtab qolishi mumkin
BBC'ning Ukraina siyosiy rahbariyatidagi manbasi frontdagi vaziyat «juda yomonligi»ni tan oladi. Ammo u noyabr boshida noqulay ob-havo tufayli Rossiyaning yurishi ancha sekinlashishidan umid qilmoqda.

Bundan tashqari, urush istiqbollari borasidagi noaniqlik AQSHdagi prezidentlik saylovlaridan keyin yo‘qolishi kutilmoqda.

«Vaziyat juda yomon, ammo halokatli darajada emas, — deya xulosa qiladi mulozim. — Yana bir bor ta’kidlayman, bu hali halokat degani emas».

U Pokrovsk va Kuraxovo yaqin oylar ichida qulashi mumkinligini istisno etmaydi, ammo shunday qayd etadi: asosiy maqsad — nafaqat Ukrainani davlat sifatida saqlab qolish, balki bundan buyon birorta oblast markazini boy bermaslik. Ko‘rinib turibdiki, gap Xerson va Zaporijjya haqida bormoqda, Vladimir Putin ularni ochiqchasiga «Rossiya hududi» deb atagan va mazkur oblast markazlaridan ukrain qo‘shinini «siqib chiqarish»ni talab qilgan. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya armiyasining «chaynovchi jag‘lari»: Donbassdagi ukrain fronti chindan ham «quladi»mi?