
AQSHda ta’lim sohasidagi eng katta inqirozlardan biri yuzaga keldi — mamlakatning ichki xavfsizlik vazirligi tomonidan qabul qilingan qarorga muvofiq, mashhur Harvard universiteti endi almashinuv dasturlari doirasida chet ellik talabalarni qabul qila olmaydi. Bu haqda The New York Times o‘z manbalarga tayanib xabar berdi.
Universitetga yuborilgan rasmiy xatda Ichki xavfsizlik vazirligi almashinuv dasturlari uchun talabalarni qabul qilish huquqini beradigan sertifikatni zudlik bilan bekor qilganini ma’lum qilgan. Bu hujjat universitetga xalqaro talabalarni rasmiy ravishda qabul qilish imkonini beruvchi muhim huquqiy asos edi. Endi esa bu huquq to‘xtatildi.
NYT jurnalistlarining ta’kidlashicha, bu qaror hukumat bilan Harvard universiteti o‘rtasidagi murakkab munosabatlarning eng yuqori nuqtaga chiqishi, ya’ni “qarama-qarshilikning jiddiy keskinlashuvi” sifatida baholanmoqda.
Hozircha rasmiy izoh berilmagan bo‘lsa-da, masalaning ildizi ancha chuqur. 11 aprel kuni Tramp ma’muriyati universitet rahbariyatiga xat yuborib, universitet boshqaruvida keng qamrovli islohotlar o‘tkazishni, qabul siyosatini o‘zgartirishni, professura va rahbariyatning xilma-xillik haqidagi siyosatini qayta ko‘rib chiqishni talab qilgandi. Shuningdek, Tramp ma’muriyati talabalar va o‘qituvchilar tomonidan Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi chiqishlarga qarshi chora sifatida kampusda niqob taqishni taqiqlashni taklif etgan.
14 aprelga kelib esa Tramp ma’muriyati tomonidan Harvard universitetiga ajratiladigan 2,2 milliard dollarlik grant mablag‘lari va 60 million dollarlik shartnomalar muzlatib qo‘yildi. Bu qaror AQSHda oliy ta’lim sohasidagi moliyaviy siyosatda ham qattiq burilishga sabab bo‘ldi.
O‘z navbatida, Harvard universiteti bu qarorga qarshi kurashish niyatida ekanini ochiq bayon qildi. Aprel oyi oxirida ta’lim muassasasi Tramp ma’muriyati ustidan sudga da’vo arizasini tayyorlayotganini e’lon qildi.
Zamin.uz tahririyatidan:
Chet ellik talabalarning ta’lim olish huquqini cheklash, AQSH ta’lim tizimining erkin va inklyuziv xususiyatiga jiddiy zarba bo‘lishi mumkin. Harvard — faqat universitet emas, balki akademik so‘z erkinligi, ilmiy mustaqillik va global ta’lim merosining ramzidir. Bu qaror esa ta’lim sohasidagi siyosiy bosimlar qay darajada xavfli ekanini yana bir bor ko‘rsatib turibdi.
Siz bu voqeaga qanday qaraysiz? Amerika ta’lim tizimi haqiqatan ham siyosiy qurolga aylanyaptimi? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar