date

Shimoliy Koreya maktablarida rus tili nega majburiy bo‘ldi?

Shimoliy Koreya maktablarida rus tili nega majburiy bo‘ldi?

Shimoliy Koreyada ta’lim tizimi joriy yildan jiddiy o‘zgarish bilan boshlandi: rus tili 4-sinfdan boshlab barcha o‘quvchilar uchun majburiy fan sifatida darsliklarga kiritildi. Bu haqda Rossiya tabiiy resurslar va atrof-muhit vaziri Aleksandr Kozlov ma’lumot berdi. U Rossiya—KXDR hukumatlararo komissiyasi raisi sifatida 27-noyabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ushbu yangilikni e’lon qilgan.

Vazirning ta’kidlashicha, rus tilini o‘qitishni erta yoshdan joriy etish ikki davlat o‘rtasidagi ta’limiy hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi. Qolaversa, Rossiyaning o‘zida ham bu yo‘nalishda qiziqish oshib bormoqda — hozirda mamlakat bo‘ylab 3 mingdan ortiq maktab o‘quvchisi koreys tilini o‘rganmoqda. Ular orasida aksariyat bolalar koreys tilini ikkinchi yoki uchinchi xorijiy til sifatida tanlagan.

Ta’lim sohasidagi hamjihatlik

Aleksandr Kozlovning so‘zlariga qaraganda, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik faqat maktab darajasi bilan cheklanib qolmayapti. Qator sohalarda kadrlar malakasini oshirish, mutaxassislarni qayta o‘qitish bo‘yicha qo‘shma dasturlar faol amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, bank ishi, energetika, tibbiyot va geologiya sohalaridagi mutaxassislar uchun qo‘shimcha o‘quv kurslari tashkil etilgan.

Vazir misol sifatida 2025-yilda Koreyaning 29 nafar geologi Rossiyadagi geologiya muassasalarida amaliyot va o‘quv dasturlarini muvaffaqiyatli yakunlaganini keltirdi. Ular qidiruv va razvedka ishlari, laboratoriya tahlillari, geologik xaritalash, ma’lumotlar bazasini yuritish kabi muhim yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.

Shimoliy Koreyada rus tili an’anasi

Kozlov ta’kidlashicha, rus tili Shimoliy Koreyada ko‘p yillardan beri eng mashhur uchta xorijiy tildan biri bo‘lib kelgan. Hozirda mamlakatning o‘zida 600 ga yaqin fuqaro rus tilini professional darajada o‘zlashtirmoqda. Ya’ni majburiy fan sifatida kiritilishi amaldagi qiziqish va ehtiyojni yanada mustahkamlab qo‘ymoqda.

Xorijda o‘qish va talabalar almashinuvi

Hukumatlararo komissiya hisobotiga ko‘ra, 2024/25 o‘quv yilida KXDRning 96 nafar talaba Rossiya oliygohlariga o‘qishga qabul qilingan. Ular asosan Uzoq Sharq Federal universiteti, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (MGIMO) va Rossiya xalqlar do‘stligi universitetini tanlagan.

Shu bilan birga, Rossiyaning o‘zida ham koreys tiliga qiziqish oshgan: 300 nafarga yaqin rossiyalik student koreys tilini o‘rganishni yo‘qori darajada tanlagan. Bu til asosan mamlakatdagi uchta yirik pedagogika universitetida o‘qitilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Shimoliy Koreyada rus tilining majburiy fanga aylantirilishi ikki davlat o‘rtasidagi strategik yaqinlik, madaniy aloqalar va ta’limiy integratsiyaning yanada kuchayganini ko‘rsatadi. Bu jarayon kelgusida ham yangi yo‘nalishlar bilan boyishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Shimoliy Koreya maktablarida rus tili nega majburiy bo‘ldi?