
Bryussel – Yevropa Ittifoqi o‘zining tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan sun’iy intellekt qonunlarini belgilangan huquqiy muddatlarga muvofiq amalga oshirishda qat’iy turishini ma’lum qildi. Bu bayonot, so‘nggi kunlarda Google egasi Alphabet, Facebook egasi Meta, Yevropaning Mistral va ASML kabi kompaniyalari tomonidan qonunlarning kuchga kirishini kechiktirishga qaratilgan murojaatlarga javoban yangradi.
Yevropa Komissiyasi matbuot kotibi Tomas Renye 4-iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida quyidagicha izoh berdi:
"Men AI Act bo‘yicha ko‘plab xabarlar, murojaatlar va bayonotlarni kuzatdim. Juda aniq aytmoqchiman: soatni to‘xtatish yo‘q. Imtiyozli muddat yo‘q. Qonunni kechiktirish yo‘q."
Yevropa Ittifoqining AI qonuni 2025-yil fevral oyida kuchga kirdi. Shu yilning avgust oyida umumiy maqsadli sun’iy intellekt modellari uchun majburiyatlar kuchga kiradi. Yuqori xavfli deb tasniflangan SI tizimlariga oid talablar esa 2026-yil avgustdan e’tiboran majburiy bo‘ladi.
Komissiya yil oxirigacha raqamli qoidalarning ma’muriy yuklamalarini, xususan, kichik kompaniyalar uchun soddalashtirishga qaratilgan takliflar bilan chiqishni rejalashtirmoqda. Bu, ayniqsa, yangi qoidalarga moslashish uchun moliyaviy va texnik resurslari cheklangan kichik va o‘rta biznes vakillari uchun muhim yengillik bo‘ladi.
Ayni paytda, ba’zi yirik texnologik kompaniyalar ushbu qonunlarning bajarilishi katta xarajatlarga olib kelishini va innovatsiyalarning sustlashishiga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Yevropa esa bu tashvishlarga qaramay, sun’iy intellekt sohasida ishonchli va xavfsiz muhit yaratishga intilmoqda.
Yevropa Ittifoqining AI Act qonuni dunyoda ilk bor sun’iy intellektni to‘liq huquqiy asosda tartibga solishga qaratilgan bo‘lib, u global texnologiya yetakchilari – AQSh va Xitoy – fonida Yevropa texnologik mustaqilligini mustahkamlashga xizmat qiladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar