
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSH va Rossiya delegatsiyalarining Kremldagi muzokaralari bilan ayni paytda xalqqa va hamkorlarga murojaat qilib, urushni tugatish shartlari borasidagi keskin pozitsiyasini ma’lum qildi. Uning Telegram kanalida e’lon qilingan hamda Yevropa yetakchilari bilan o‘tkazgan uchrashuvlarida bildirilgan asosiy fikrlari quyidagilardan iborat bo‘ldi:
Yengil yechimlar kutilmayapti: «Biz tinchlikka erishishda oson yechimlar bo‘lishini kutmayapmiz. Hozirda murakkab muzokaralar jarayoni ketmoqda va Ukraina o‘zining milliy manfaatlari hisobiga tinchlikka erishmaydi. Urush adolatli yakunlanishi lozim».
Hududiy masala – eng qiyini: «Muzokaralardagi eng qiyin masala — hududiy masala bo‘lib qolmoqda. Ukraina xalqi hech qachon bosib olingan yerlarning Rossiyaga o‘tishini tan olmaydi. Hududiy yaxlitlik xalqaro huquqning asosidir va bu borada chekinmaymiz».
Xavfsizlik kafolatlari muhim: «Tinchlik nafaqat vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish emas, balki chindan ham mustahkam va uzoq muddatli bo‘lishi kerak. Buning uchun G‘arb davlatlari tomonidan Ukrainaga aniq va mustahkam xavfsizlik kafolatlari taqdim etilishi kerak. NATOga a’zolik xavfsizligimizning eng arzon kafolati bo‘lib qoladi».
Yevropa bilan muvofiqlashtirish: «AQSH rejasining yanada takomillashgan ko‘rinishi muhokama qilinmoqda. Lekin har qanday tinchlik shartnomasi Yevropa hamkorlarimiz ishtirokisiz yakunlanmaydi. Hozir Fransiya, Germaniya va boshqa yetakchilar bilan hamkorlikda pozitsiyalarimizni muvofiqlashtiryapmiz».
AQSH signallarini kutish: «Biz AQSH delegatsiyasining Moskvadagi muloqotlardan so‘ng bizga yuboradigan signallarini kutyapmiz. Keyingi qadamlar aynan shu ma’lumotlarga bog‘liq bo‘ladi. Men Donald Tramp bilan uchrashuvga tayyorman, ammo bu muzokaralar natijalariga qarab hal bo‘ladi».
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.