
Britaniyada joylashgan Revolut banki O‘zbekiston, Qozog‘iston va boshqa bir qator davlatlardan Fransiyaga pul o‘tkazmalarini chekladi. Bu haqda Oninvest portali moliyaviy tashkilotning maktubiga asoslanib xabar berdi.
Revolut’ning mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi bu qaror bank tomonidan mustaqil ravishda qabul qilinmaganini, balki to‘lovlarni qayta ishlash bo‘yicha hamkorlarning talablariga rioya qilish zarurligi tufayli joriy etilganini ma’lum qildi. Cheklov kiritilgan davlatlar ro‘yxatiga Afg‘oniston, Armaniston, Ozarbayjon, Xitoy, Rossiya, shuningdek, Afrika va Yevropaning ayrim mamlakatlari kiritilgan.
Bungacha Rossiya fuqarolarining Yevropa Ittifoqida Revolut hisoblariga MDH davlatlarida ochilgan kartalar orqali mablag‘ o‘tkazishda muammolarga duch kelgani xabar qilingan edi. Oninvest ta’kidlashicha, pul o‘tkazmalari amalga oshirilmoqchi bo‘lgan hech bir bank sanksiyalar ostida emas.
Revolut — 2015 yilda Londonda tashkil etilgan britan neobankidir. Mazkur bank hisoblarni onlayn ochish va moliyaviy operatsiyalarni mobil ilova orqali boshqarish imkonini beradi.
Foydalanuvchilar mablag‘ni o‘nlab valyutalarda saqlash, ularni banklararo kurs bo‘yicha almashtirish va xorijga tezkor va kam komissiya bilan o‘tkazish imkoniga ega.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.