date

Putinning hududiy siyosatdagi ilk da’volari: tarixiy hujjatlar va zamonaviy voqelik

Putinning hududiy siyosatdagi ilk da’volari: tarixiy hujjatlar va zamonaviy voqelik

Sankt-Peterburg meri Anatoliy Sobchak (o‘ngda) va uning muovini Vladimir Putin. 
Rossiya siyosiy elitasining hududiy ambitsiyalari ildizlari ancha chuqur va tarixga borib taqaladi. Yaqinda e’lon qilingan Germaniya tashqi ishlar vazirligining arxiv materiallari bu masalada yangi va o‘ziga xos yondoshuvga yo‘l ochdi, deb xabar berdi spiegel.de.

2025 yil 21 iyul kuni “Germaniya Federativ Respublikasining tashqi siyosati haqida hujjatlar” to‘plamining navbatdagi jildi chop etildi. Bu jildda 1994 yilning birinchi yarmida ro‘y bergan muhim voqealar yoritilgani aytiladi. Ayniqsa, ushbu hujjatlar orasida Rossiyaning u paytdagi siyosiy manzarasi va yetakchilarining nuqtayi nazarini aks ettiradigan manbalar ham bor.

Der Spiegel nashri mazkur arxivlarni o‘rganar ekan, GFRning Sankt-Peterburgdagi bosh konsuli tomonidan tayyorlangan qaydlar o‘ta diqqatga sazovorligini alohida ta’kidladi. 1994 yil 14 yanvar kuni yozilgan xabarnomada Vladimir Putin tomonidan aytilgan hududiy masalalarga oid fikrlar qayd etilgan.

Ushbu manbada Putin Rossiyaning Ukraina va Qozog‘istonga bo‘lgan hududiy munosabati haqida ochiq gapirgani tilga olingan. Uning so‘zlariga qaraganda, Qrim, Sharqiy Ukraina va Shimoliy Qozog‘iston kabi hududlar har doim Rossiya tarkibida bo‘lgan, ular hech qachon begona yer sifatida qabul qilinmagan. Putin fikricha, bu hududlar endi boshqa davlatlar tasarrufiga o‘tganini rus xalqining ongiga singdirish deyarli imkonsiz.

Putin o‘shanda rus xalqiga xos bo‘lgan, ammo yevropaliklar uchun tushunish mushkul bo‘lgan milliy tuyg‘ular haqida ham alohida to‘xtalib o‘tgan. Shuningdek, u Ukraina va Qozog‘istonda yashovchi ruslar ahvolini ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan yaxshi emasligini bildirgan.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1994 yilda Putin Sankt-Peterburg shahar meriyasida yuqori lavozimda ishlagan. Aniqrog‘i, u o‘sha yil mart oyidan boshlab shahar hokimining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

Ochiq ma’lumotlardan ma’lum bo‘lishicha, 1991-1995 yillar mobaynida GFRning Sankt-Peterburgdagi bosh konsuli sifatida Eberhard fon Puttkamer ishlagan. Mana shu diplomatning qaydlari tarixiy kontekstda katta ahamiyat kasb etadi.

Putin Rossiya prezidenti etib saylanganidan so‘ng, bu kabi hududiy da’volar so‘zdan amalga, ba’zi hollarda esa to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy harakatlarga aylangani ham kuzatildi. 2014 yilda Qrim Rossiya tomonidan anneksiya qilindi, 2022 yilda esa Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushni boshladi va bir nechta hududlarni o‘z nazoratiga oldi. Mazkur harbiy mojaro haligacha davom etmoqda.

Putin SSSRning parchalanishini “XX asrning eng yirik geosiyosiy fojiasi” sifatida baholagan. Uning ta’kidlashicha, Sovet Ittifoqi tarqalishi natijasida Rossiya o‘zining katta hududlarini yo‘qotgan. Putin fikricha, SSSR tarkibidan chiqqan respublikalar o‘zlari bilan birga Rossiya yerlarini ham olib chiqib ketgan. Tahlilchilar bu fikrlar bilan asosan Ukraina va Qozog‘iston nazarda tutilganini aytib o‘tishmoqda.

Yaqin yillarda Rossiya rasmiy shaxslari va turli darajadagi amaldorlar Qozog‘istonga ham hududiy da’volar bilan chiqishni boshladi. Masalan, 2020 yil dekabrida Rossiya davlat dumasining ilm-fan va ta’lim qo‘mitasi raisi Vyacheslav Nikonov Qozog‘iston hududini “Rossiya va Sovet Ittifoqi tomonidan berilgan katta sovg‘a” deb atagani katta bahslarga sabab bo‘ldi.

2022 yil yanvar oyida Qozog‘istonda ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan paytda ham, ayrim rossiyalik deputatlar qo‘shni davlat hududiy yaxlitligiga tahdid soluvchi bayonotlar bilan chiqishgan.

Tarixiy arxivlar va bugungi voqealar Rossiyaning hududiy siyosatdagi uzviyligini ko‘rsatadi. Bu esa, ayniqsa, postsovet hududida xavotirli tendensiyalarni yuzaga keltirmoqda va mintaqaviy barqarorlik uchun jiddiy xavf solishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putinning hududiy siyosatdagi ilk da’volari: tarixiy hujjatlar va zamonaviy voqelik