Kannavaro Italiyadan kelgan jurnalist bilan suhbatda nimalar dedi?

Italiyalik jurnalist Nikolo De Devitiis Oʻzbekistonga tashrif buyurib, “Fabio Kannavaro bilan 24 soat” nomli maxsus koʻrsatuvni tasvirga oldi. Ushbu loyiha orqali muxlislar nafaqat mashhur mutaxassisning kundalik faoliyati, balki Oʻzbekiston terma jamoasidagi muhit bilan ham yaqindan tanishish imkoniga ega boʻlishdi.
Koʻrsatuv davomida Kannavaro mehmonni Toshkentda shaxsan kutib olib, milliy jamoaning yangi bazasi, u yerda yaratilgan zamonaviy sharoitlar va mashgʻulot jarayonlari bilan tanishtirdi. Shu bilan birga, u oʻzining oylik maoshi, jamoa oldiga qoʻyilgan vazifalar va eng muhimi — Jahon chempionatidagi maqsadlari haqida ham ochiq fikr bildirdi.
Jurnalistning asosiy qiziqishlaridan biri — terma jamoamizning yetakchi futbolchilari bilan uchrashuv edi. Kannavaro buni mashgʻulotlardan keyinga qoldirdi. Shundan soʻng Nikolo Eldor Shomurodov va Abduqodir Husanov bilan suhbatlashib, ularning fikrlari va kayfiyati bilan qiziqdi.
De Devitiis shuningdek, Toshkentdagi «Bunyodkor» stadionida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston — Gabon oʻyinini ham kuzatdi. Oʻyindan keyin u hazilomuz tarzda Kannavaroga: “Koʻrdingmi, sen gʻalaba qozonding — men omad olib kelaman!” dedi. Italiyalik mutaxassis esa kulgan holda: “Shunday boʻlsa, seni Jahon chempionatiga ham olib boraman”, deya javob qaytardi.
Suhbat davomida Kannavaro jamoani raqobatbardosh darajaga olib chiqish ustida ish olib borayotganini taʼkidladi. Uning aytishicha, maqsad — mundialda Oʻzbekistonni raqiblar uchun noqulay, jiddiy kuch sifatida namoyon etish.
Jurnalist shuningdek, Kannavaroning futbolchilik faoliyatiga ham murojaat qildi. U Italiya bilan qoʻlga kiritilgan jahon chempionligi, “Oltin toʻp” tarixi va Chempionlar ligasi haqida fikrlarini soʻradi. Qizigʻi, Kannavaro joriy mavsumda ushbu musobaqa gʻolibi sifatida “Bavariya”ni taxmin qildi.
Qisqacha aytganda, bu koʻrsatuv — oddiy intervyu emas, balki Oʻzbekiston futbolining ichiga “kirgan” reportaj. Kannavaro esa aniq signal berdi: bu jamoa hali koʻpchilikni hayratda qoldiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!