date

AQSh senatori Markaziy Osiyo uchun qonun taklif etdi


Vashingtonda "C5+1" sammitiga bag'ishlangan qabul marosimida AQSh senatori Jim Rish Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlariga o'z hamkasbi Stiv Deyns bilan birgalikda Jekson-Venik tuzatmasini bekor qilish bo'yicha qonun loyihasini taqdim etganini ma'lum qildi. Jekson-Venik tuzatmasi 1974-yilda AQShda qabul qilingan bo'lib, u emigratsiya qilishni cheklagan davlatlarga savdo imtiyozlarini taqiqlashni nazarda tutgan.

Ushbu tuzatma asosan sobiq Sovet Ittifoqiga qaratilgan edi. Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikka erishganiga 30 yildan oshgan bo'lishiga qaramay, bu cheklovlar hali ham savdo, investitsiya va hamkorlikka to'sqinlik qilmoqda.

Rishning ta'kidlashicha, cheklovlarni olib tashlash "iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga yo'l ochadi" va Qo'shma Shtatlar bilan Markaziy Osiyo o'rtasida umumiy strategik manfaatlarga asoslangan sheriklikni rivojlantirishga imkon beradi. U mintaqani "murakkab qo'shnichilik"da, ya'ni kuchayib borayotgan Xitoy va barqarorsizlashayotgan Rossiya o'rtasida joylashganini eslatib o'tdi.

Senatorning so'zlariga ko'ra, AQSh kabi "tayyor sherik"ning mavjudligi Markaziy Osiyo davlatlariga o'z kelajagini mustaqil belgilab olishiga yordam beradi. "Diplomatik platforma "C5+1"ning o'n yilligida biz mamlakatlarimiz o'rtasida hamkorlikning yangi davrini boshlayotganimiz ayni muddaodir," dedi Rish.

Ushbu tashabbus nafaqat AQShning iqtisodiy manfaatlariga xizmat qiladi, balki xorijda iqtisodiy o'sishni qo'llab-quvvatlab, amerikalik biznes uchun yangi bozorlarni ochadi. Shuningdek, senatorning fikriga ko'ra, chuqurroq savdo aloqalari mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlaydi va Markaziy Osiyo davlatlariga iqtisodiy imkoniyatlarni diversifikatsiya qilishga yordam beradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSh senatori Markaziy Osiyo uchun qonun taklif etdi