
Janubiy Koreyada sobiq prezident Yun Sok Yol atrofidagi siyosiy janjal yana avj oldi. Yonhap agentligining ma’lumot berishicha, prokuratura unga nisbatan yangi, jiddiy ayblovlarni — hokimiyatni suiiste’mol qilish va Shimoliy Koreyaga yordam ko‘rsatish aybini ilgari surdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayblovlarga o‘tgan yil oktyabr oyida Yun Sok Yol tomonidan berilgan dronlarni uchirish buyrug‘i sabab bo‘lgan. Tergovchilar fikricha, bu harakat Shimoliy Koreyaning harbiy javobini qo‘zg‘atish va keyinchalik mamlakat ichida harbiy holat e’lon qilish uchun bahona yaratish maqsadida qilingan bo‘lishi mumkin. Dronlardan biri Pxenyan yaqinida urib tushirilgani aytilmoqda.
Prokuraturadagi maxsus guruh dastlab uni “xorijiy tajovuzga undash” moddasi bo‘yicha javobgar qilish imkoniyatini ko‘rib chiqqan. Biroq bu holatni isbotlash uchun uni dushman davlat bilan bevosita til biriktirganini aniqlash kerak bo‘ladi. Shu sababli, ayni paytda “umumiy dushmanga yordam ko‘rsatish” moddasi asosida ayblov qo‘yildi.
Bu ayblovlarga sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon va kontrrazvedka xizmati rahbari Yo In Xyon ham tortilib, ularga nisbatan ham tergov boshlangan. Agentlik yozishicha, ushbu modda Janubiy Koreya manfaatlariga yetkazilgan har qanday harbiy zarar uchun qo‘llanishi mumkin bo‘lib, ayblanuvchilarning xorijiy davlat bilan aloqalari isbotlanishi shart emas.
Eslatib o‘tamiz, Shimoliy Koreya o‘tgan yili Seulni varaqalar tarqatish maqsadida chegara orqali dronlar yuborganlikda ayblagandi va Janubiy Koreya droni qoldiqlarini jamoatchilikka ko‘rsatgandi. Seul tomoni esa bu ayblovlarni rad etib, dronlar parvozini “maxfiy harbiy operatsiya”ning bir qismi sifatida izohlagan.
Yun Sok Yol 2022-yilda mamlakat rahbari bo‘lgan, ammo ortidan kelgan siyosiy to‘lqinlar uning taqdirini o‘zgartirdi. 2024-yil dekabrida Milliy Assambleya uni qisqa muddatli harbiy holat joriy etgani uchun lavozimidan chetlatdi. Keyinchalik impichment tasdiqlandi va u bir necha bor ozodlikka chiqishga urinib ko‘rgan bo‘lsa-da, natijasiz yakun topgan.
Hozirda sobiq prezidentga nisbatan tergov ishlari davom etmoqda. Koreya jamoatchiligi esa bu voqealarni mamlakat siyosiy tizimidagi yangi bosqich — javobgarlik va shaffoflik sinovi deb baholamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!