Indoneziyada internat direktori zo‘ravonlikda gumonlanmoqda

Indoneziyaning Markaziy Yava hududida joylashgan Tlogosari qishlog‘idagi qizlar uchun mo‘ljallangan maktab-internat atrofida jiddiy mojaro yuzaga keldi. Mazkur ta’lim muassasasi o‘quvchilarga nisbatan ehtimoliy zo‘ravonlik holatlari ortidan faoliyatini to‘xtatdi.
Xalqaro nashr BBC xabariga ko‘ra, 58 yoshli maktab rahbari Kiyai Ashari bir necha o‘n nafar qizlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganlikda gumon qilinmoqda. Holat yuzasidan 2 may kuni yuzlab fuqarolar internat binosi oldiga to‘planib, norozilik namoyishi o‘tkazdi. Ular turli shiorlar bilan ayollar huquqlarini himoya qilishga chaqirdi.
Hozircha rasmiy ravishda bir nafar jabrlanuvchi ariza bilan murojaat qilgan. Biroq uning huquqiy vakili Ali Yusronning ta’kidlashicha, ehtimoliy qurbonlar soni 30 nafardan 50 nafargacha yetishi mumkin.
Dastlabki tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi o‘quvchi qizlarning xonalariga kirib, turli bahonalar ostida ularga nojo‘ya harakatlar qilgan. Ushbu hodisalar 2020 yildan 2024 yilgacha davom etgani aytilmoqda. Huquq-tartibot organlari bu kabi ayblovlar Ashariga nisbatan ilgari ham ilgari surilganini bildirgan. Ammo ayrim holatlarda jabrlanuvchilar va ularning ota-onalari keyinchalik o‘z ko‘rsatmalaridan voz kechgan.
Mutaxassislar va jamoatchilik faollari ushbu voqea ayrim internatlarda nazorat tizimi sustligini ko‘rsatishini qayd etmoqda. Mojaro ortidan Indoneziya Din ishlari vazirligi tomonidan mazkur internatning litsenziyasi bekor qilindi.
Hozirda ta’lim muassasasi yopilgan bo‘lib, o‘quvchilar uylariga qaytarilgan yoki boshqa maktablarga joylashtirilgan. Tergov ishlari davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!