11:40 / 20.01.2018
5 498

"Ko‘zlarimni ochgan qizaloq..."

"Кўзларимни очган қизалоқ..."
Ust-boshi yupungina ikki bola — bir qiz, bir o‘g‘il do‘konim oldidan o‘tib ketayotgandi. Kun salqin bo‘lishiga qaramay, ikkovi ham yupqa kiyingan, qizning oyog‘idagi shippak yirtilib ketgan edi. Ular haqida ko‘chaning tilanchi bolalari degan xayolga bordim. Eshikdan chiqib, qahr-g‘azab bilan:

— Bu yerda nima qilib yuribsizlar?! Kimning bolasisizlar? Qani bu yoqqa kel-chi!- dedim.

Qiz qo‘rqib ketdi, chog‘i yonidagi bolaning qo‘lidan mahkam tutib olgancha:

— Biz yomon bolalar emasmiz. Shu ko‘chada bir ishxona bor. Onam o‘sha yerda farroshlik qiladilar. Kechgacha hamma xonalarni tozalab, hovlini supuradilar. Onam kechga yolg‘iz qolmasliklari uchun ukam bilan ularning oldilariga borayotgandik…

Ko‘nglim buzilib, hozirgi vajohatimdan uyalgan bo‘lsam-da, sir boy bermay ularni do‘konga chaqirdim:

— Hali kech tushishiga ancha bor, qani bu yerga kelinglar-chi!
Bolalar qo‘rqa-pisa do‘konga kirishdi. Peshtaxta ortidagi stol-stulchaga taklif qildim. Ular onasiga biror yomonlik qilishim mumkinligidan qattiq qo‘rqishgandi, chamamda, aytganimga indamay bo‘ysunishardi.

— Uylaring bu tomonga yaqinmi?

— Ha,- qizcha xayrixohligimni sezdi chog‘i, sal o‘zini erkinroq qo‘yib javob bera boshladi.

— Hu, anavi ko‘rinib turgan maktabning orqasidagi ko‘p qavatli uylarda yashaymiz. Biz o‘sha maktabda o‘qiymiz. Onam maktabimizda ham farrosh bo‘lib ishlaydilar.

— Bu bola ukangmi?- Qizcha ham, bola ham birdaniga bosh qimirlatib tasdiq ishorasini berdi.

— Otang nima ish qiladilar?

Negadir bu savolimdan qizcha ham bola ham ma’yus tortib, boshini egib oldi:

— Otam… Ular hech qayerda ishlamaydilar… Ishlolmaydilar. Otam betoblar. Rossiyaga ishlagani ketgandilar. O‘sha yerda baland binodan yiqilib tushganlar. Umurtqalari singan…

— Xudo shifo bersin. Xudo xohlasa, otang tuzalib ketadi, – Ularga taskin berishga berdimu, ikkalovi ham bu gapimdan battarroq tushkunlikka tushganini sezib qoldim.

— Do‘xtirlar uch oylik umri qolgan, deyishibdi. Onam buvimlarga aytib yig‘layotganlarini eshitib qolgandim.— Qizcha kattalardek mulohaza bilan gapirdi.— Mayli, amaki, biz endi ketsak bo‘ladimi? Kech tushib qoldi, onamga “boryapmiz” deb qo‘ng‘iroq qilganimizga ancha bo‘ldi…

— Aftidan ular “bu odam bizni qo‘yib yubormaydi”, deb qo‘rqayotgan edi. Bolalar shirinliklar, do‘kondagi yeguliklarga ko‘z ostidan qarab qo‘yishganini sezib turgandim. Shuning uchun ularni mehmon qilishni xohladim. Qahva qaynatgichda sut qaynatib, kakao qo‘shdim. So‘ng taqsimchada pechene bilan oldilariga qo‘ydim. Bola kakaoni ichib, pechenedan yedi, qizcha esa faqat kakao ichdi xolos.

— Sen pecheneni yoqtirmaysanmi? Unda yong‘oqli pirojniy bera qolay?- dedim qizchaga.

— Yo‘q, shunga ham katta rahmat… Faqat bu pechenelarni onamga olib bormoqchi edim, agar ruxsat bersangiz,— qizcha katta-katta ko‘zlarini iltijoli tikib, yolvorgandek so‘radi. — Onam biz uchun dam olmay ishlaydilar, lekin hech qachon o‘zlari bir yaxshi narsa olib yemaydilar. Otam-ku kasal yotibdilar, onam ham kasal bo‘lib qolsalar biz nima qilamiz?

Men bolaligimdan hech qachon muhtojlik ko‘rmay o‘sgandim. Bola bo‘lib biror nimaga zoriqqanimni ham eslolmayman. Narsa-buyum, yeguliklarku mayli, men hatto odam qadrini ham bilmas ekanman. Ota-onam omonat, bugun ularning diydoriga to‘yib qolay, ertaga armonda qolmasligim uchun, bugun ularning ko‘nglini topay deb hech o‘ylamagan ekanman. Qizaloq ikki dona pecheneni onasiga ilinganini, uning betob bo‘lib qolishidan xavotirdaligini aytib men g‘ofilni g‘aflat uyqusidan turtib uyg‘otgandi. Yig‘lab yubormaslik uchun ko‘zlarimni yashirdim.

— Sen pechenengni yegin. Men onang va otang uchun alohida beraman. Ularga mening salomimni aytgin, otang albatta tuzalib ketsin,- dedim.

Yelim xaltaga shirinliklardan, konfet-shokoladlardan, guruch, makaronlardan soldim. Xaltani qo‘liga tutqazgandim, qizcha yana bir g‘alati gap qildi:

— Amaki, siz bizga berayotgan bu narsalaringizga rozimisiz?

— Ha, albatta rozi bo‘lib, chin ko‘ngildan beryapman. Sizlar yaxshi bola ekansizlar. Onangga mening rahmatimni aytgin.

— Onam bizga “Norozilik narsa buyurmaydi, bozordan bir narsa xarid qilsangiz ham roziligini so‘ranglar” deydilar-da, shunga so‘ragandim,- dedi qizcha qo‘lidagi
Xaltaga qayta-qayta qaragancha.

— Siz boymisiz?, — Boyadan beri gapga qo‘shilmay turgan bolakay birdan so‘radi. Nima deb javob berishni bilmay bir muddat so‘zimni yo‘qotdim. Jim turganimni tasdiq ma’nosida tushungan bola gapida davom etdi:

— Boy bo‘lsangiz ham juda yaxshi inson ekansiz. Men ham katta bo‘lsam sizga o‘xshagan yaxshi boy bo‘laman!..

Qizcha bilan bolakay rahmat aytib, xayrlashib do‘konni tark etishdi. Bu tasodifiy tanishuv dunyoqarashimni o‘zgartirib yubordi…
Umida Aziz

Manba: Tafsilot.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » "Ko‘zlarimni ochgan qizaloq..."