
Hindistonda amalga oshirilgan yangi ilmiy tadqiqot jarrohlik amaliyoti vaqtida instrumental musiqa tinglash bemorlarda narkozga bo‘lgan ehtiyojni sezilarli darajada kamaytirishi mumkinligini isbotladi. The Independent yozishicha, tadqiqot Dehlidagi Lok Nayak shifoxonasi va Maulana Azad tibbiyot kollejida o‘t pufagini olib tashlash operatsiyasi (laparoskopik xolesistektomiya) o‘tkazilgan 56 nafar bemor ustida olib borilgan.
2023-yil mart — 2024-yil yanvar orasida amalga oshirilgan ushbu tadqiqotning asosiy maqsadi — narkoz miqdorini qisqartirish va operatsiya oldidagi stress darajasini pasaytirish edi. Barcha bemorlarga bir xil narkoz majmuasi berilgan bo‘lsa-da, faqat bir guruh operatsiya paytida quloqchin orqali musiqa tinglagan. Ularga hind nayi yoki pianino asosidagi tinchlantiruvchi kompozitsiyalar qo‘yilgan.
Narkozga ehtiyoj keskin kamaydi
Natijalarga ko‘ra, musiqa eshitgan bemorlarga asosiy narkoz vositasi — propofol — ancha kam miqdorda kerak bo‘lgan. Ularga soatiga har kg uchun o‘rtacha 6,7 mg, nazorat guruhida esa 7,86 mg propofol zarur bo‘lgan. Mutaxassislar buni “ko‘zga ko‘rinarli farq” deb baholagan.
Shu bilan birga, musiqa tinglagan bemorlarda operatsiya davomida yurak urishi yoki qon bosimi ko‘tarilganda qo‘shimcha beriladigan kuchli og‘riq qoldiruvchi dori — fentanilga ham ehtiyoj tug‘ilmagan.
Stress darajasi past, tiklanish tez
Tadqiqotda qondagi kortizol miqdori orqali baholangan fiziologik stress ham ancha pastligi aniqlangan. Operatsiyadan keyin nazorat guruhida kortizol o‘rtacha 536 ml, musiqa eshitgan bemorlarda esa 417 ml bo‘lgan. Bu — jarrohlikka organizmning kuchli stress bilan javob qaytarmaganini anglatadi.
Shuningdek, musiqa eshitgan bemorlarda narkozdan uyg‘onish ham yengil kechgan va tiklanish jarayoni tezroq bo‘lgan.
Mutaxassislar musiqani arzon, xavfsiz va klinikada oson qo‘llanishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha terapiya sifatida baholamoqda. Tadqiqot kelgusida jarrohlik amaliyotlarida musiqadan foydalanish ommalashishi mumkinligini ham ko‘rsatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.