
Tailand janubida bir necha kundan beri yog‘ayotgan kuchli yomg‘irlar aholi uchun katta muammoga aylandi. 25 noyabr kuni e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Xat Yai sayyohlik shahri va yaqin hududlar suv toshqinlari ta’sirida qolgani “France24” tomonidan xabar qilindi.
Hukumat janubdagi Songxla provinsiyasida favqulodda holat e’lon qilgan. Meteorologiya departamenti yog‘ingarchilik hafta davomida yana davom etishi va toshqinlar kuchayishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Tabiiy ofatlar departamentiga ko‘ra, o‘tgan hafta oxiridan beri yog‘gan sel tusidagi yomg‘irlar Xat Yai va janubiy mintaqaning katta qismini suvga to‘ldirgan. To‘rtta provinsiyada yuz bergan toshqinlar oqibatida 13 kishi vafot etgan.
Mahalliy telekanallar qutqaruvchilarning odamlarni qayiq, skuter va harbiy mashinalar yordamida evakuatsiya qilayotgan lavhalarini namoyish etmoqda. 20-noyabrdan beri Songxla shahridagi uylaridan 1 200 dan ortiq fuqaro ko‘chirilgan.
Bosh vazir Anutin Charnvirakul qutqaruv ishlarini tezlashtirish uchun qo‘shimcha texnika va qayiqlar safarbar etilishini ma’lum qildi.
Tailandda odatda musson mavsumi iyun–sentyabrda bo‘ladi, ammo iqlim o‘zgarishi tufayli ekstremal yomg‘irlar kuchayib, vaziyatni oldindan bashorat qilish qiyinlashmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.