Vayolett Jessop
Foto: “Uspehvgolove.ru”
Mashhur “Titanik” kemasining fojiali taqdiri barchamizga ma’lum. U o‘zining ilk reysidayoq halokatga uchragan va ummon qa’riga g‘arq bo‘lgan. Lekin “Titanik”ning ikkita “aka-uka”si bo‘lganini hamma ham bilavermaydi. Eng qizig‘i, ushbu kemalarning ham taqdiri ayanchli yakunlangan.
Shuningdek, har uchala kemaning shum taqdiriga bir ayol kishining bog‘liqligidan-da ko‘pchilik bexabar. Vayolett Konstans Jessop ismli styuardessani “qora beva” deb atash mumkin va u bir vaqtning o‘zida dunyo bo‘ylab dengiz sayohatiga chiqqan eng omadli ayollardan hisoblanadi.
Foto: korabley.net
XX asr boshida “Uayt Star Layn” kemasozlik kompaniyasi o‘zining kattaligi va tezligi bilan ajralib turadigan bir necha yirik transokeanlararo suzuvchi kemalar ustida ish boshlaydi. “Harlend end Vulf” konstruktor byurosi 1907 yili Belfast shahrida ushbu loyihani ishlashga tushadi.
Uchta laynerning birinchisi “Olimpik” deb nomlanadi va 1911 yil 14 iyun kuni foydalanishga topshiriladi. Ikkinchisi “Titanik” 1912 yil aprelda, uchinchisi va oxirgisi “Britannik” 1915 yil dekabrda ilk reysini amalga oshiradi.
Vayolett ismli styuardessa
1887 yil 2 oktyabr kuni Argentinaning Bayya Blanka shaharchasida irland muhojirlari Uilyam Jessop va Ketrin Kelli oilasida qiz farzand dunyoga keladi va unga Vayolett ismini berishadi. Bolaligida qizaloq sil bilan kasallanadi va shifokorlar uning tuzalishiga umid yo‘qligini aytishadi, lekin qiz sog‘ayib ketadi. Otasi vafot etgach, Vayolett oilasi bilan Buyuk Britaniyaga ko‘chib keladi va u yerda ayollar ibodatxonasi qoshidagi maktabda o‘qiy boshlaydi.
Vayolett oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lgani sababli, onasi xastalanib qolganda tirikchilik uning gardaniga tushadi. Qiz kemasozlik kompaniyasidagi yo‘lovchi kemalarda styuardessa sifatida ish boshlaydi.
23 yoshli Vayolett Jessop 1911 yil iyun oyida endigina qurib bitkazilgan “Olimpik” kemasining styuardessalari qatoriga kiradi. Qizga bu safar xush kelmaydi, chunki kema Atlantika okeani orqali suzib o‘tishi kerak edi. Biroq uning boshqa chorasi ham yo‘q edi.
1911 yil 20 sentyabr kuni “Olimpik” boshqa bir layner “Houk” bilan to‘qnashib ketadi. Kemalarga shikast yetadi, lekin cho‘kmaydi. Halokatda hech kim qurbon bo‘lmaydi, shuningdek, Jessop ham omon qoladi.
Boshqa kemalardan farqli o‘laroq, “Olimpik” uzoqroq “yashaydi”. Birinchi jahon urushidan keyin Nyu-Yorkka 257 ta reysni amalga oshiradi va 1935 yilda metallolomga topshiriladi. Balki Vayolett yo‘q bo‘lgani uchun “Olimpik” uzoqroqqa borgandir.
Foto: Commons.wikimedia.org
Temirjon ayol
1912 yil aprel oyida har qancha qarshilik qilishiga qaramay, Vayoletni “Titanik”ka o‘tkazishadi. Uni “Titanik”ning buyuk kelajagiga ishontirishadi.
Shu yil 14 aprel kuni Vayolett navbatchiligini sherigiga topshirib, o‘z kayutasiga qaytadi-da, uxlab qoladi va qattiq silkinishdan uyg‘onib ketadi. Bu paytda “Titanik” aysbergga urilgan edi.
Boshqa styuardessalar kabi Vayolett ham kemaning eng yuqori palubasiga chiqishga buyruq oladi. Ekipaj tarkibida 23 nafar qiz bor edi va ular hech qanday yordam ko‘rsata olmasdi. Tungi soat 1:20 da styuardessalar 16-raqamli qayiqqa o‘tiradilar. Vayolett qayiqqa chiqqanida uning qo‘liga bir chaqaloqni berishadi. So‘ng noma’lum ayol bolani tortib oladi. Keyinchalik qiz bu ayol go‘dakning haqiqiy onasi ekanini bilolmagani, qo‘rqib va muzlaganidan so‘roq-savolga holi yo‘qligini aytib bergan.
“Titanik” halokatida 2224 yo‘lovchidan faqatgina 710 kishi omon qoladi. Ularning orasida, tabiiyki, Vayolett ham bor edi.
Foto: Commons.wikimedia.org
“Britannik”dagi hamshira
Taqdir uchinchi layner “Britannik”ni ham ayab o‘tirmaydi. Kemaning qurilish ishlari 1915 yili — Birinchi jahon urushi ayni avjiga chiqqan pallada tamomlanadi. Britaniya admiralligi laynerdan gospital kema sifatida foydalanishni ma’qul ko‘radi. 1916 yili Vayolett Britaniya qizil xoch jamiyatining hamshirasi sifatida “Britannik” bortiga chiqadi.
1916 yil 28 oktyabrda Gustav Ziss boshchiligidagi U73 suvosti kemasi Kea oroli va Gretsiya sohillari orasidagi Kea kanaliga minalar joylashtiradi. 21 noyabr kuni soatiga 20 uzel (37.04 km./s) tezlikda suzayotgan “Britannik” nemis minasiga duch keladi.
Avvaliga halokat jiddiy bo‘lib ko‘rinmaydi. Barchasi tongda kuzatiladi, bu paytda hamshiralarga nonushtani bo‘lmaslik buyurilgan edi. Ayni shu damda kema cho‘kayotgani aniqlanadi. So‘ng evakuatsiya e’lon qilinadi va 1036 nafar odam, shu jumladan, Vayolett Jessop ham qutqariladi.
Hozirgacha aniqlanmagan sabablarga ko‘ra, “Britannik” 55 daqiqada suv qa’riga g‘arq bo‘ladi, “Titanik” esa uch soatgacha cho‘kmagan. Kema kapitani Charlz Bartlett oxirigacha umidini so‘ndirmaydi va kemani sayozroq joyga olib chiqishga urinadi, lekin bu faqat qurbonlar soni ortishiga olib keladi xolos. Jami 21 kishi halok bo‘ladi.
Vayolett Jessop halokat vaqtida suvga sakraydi va boshi bilan kema balkasiga qattiq uriladi. Jarohat juda jiddiy edi, lekin buni Vayolett bir necha yil o‘tib, boshida yoriq paydo bo‘lganini aytgan shifokorning tashxisidan keyin anglaydi.
Nafaqadagi noyob topilma
Mazkur fojiadan tirik qaytgan Vayolett Jessop “Olimpik” loyihasiga qarashli har uchala kemaning halokatida omon qolgan yagona odamga aylanadi.
Birinchi jahon urushidan keyin Vayolett styuardessa sifatida yana ikki marta dunyo bo‘ylab sayohatga otlanadi. Uning umumiy mehnat staji 42 yilni tashkil qiladi. Angliyada nafaqaga chiqqan Jessop “Titanik” va “Britannik” halokati tadqiqotchilari uchun noyob topilma bo‘lib qoladi.
Vayolett Jessop 1971 yil 5 may kuni 83 yoshida yurak yetishmovchiligidan vafot etadi.
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»