
Shimoliy Koreyada muvaffaqiyati ortib, “kibrlanib ketgan” deb baholangan ikki tadbirkor “aksilrespublika faoliyati”da ayblanib, jamoatchilik oldida qatl etildi. Daily Mail tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Pxenyanda amalga oshirilgan qatlni yuzlab odamlar, hatto maktab o‘quvchilari ham majburiy ravishda tomosha qilgan.
Xabarlarda aytilishicha, yoshi 50 atrofida bo‘lgan tadbirkorlar elektr velosipedlar, akkumulyatorli mototsikllar uchun ehtiyot qismlar, oddiy velosipedlar sotish, ta’mirlash va ijaraga berish bilan shug‘ullangan. Ular rasman Sadong tumani kasaba uyushmalari orqali ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa-da, katta daromad olishi sabab mahalliy aholi orasida “yirik rahbarlar” sifatida tanilgan.
Biroq ayrim fuqarolar ularning haddan tashqari qimmat narx qo‘yishi, tovar sifati pastligi va kibrli muomalasi sabab norozilik bildirgan.
Natijada tadbirkorlar “Reaksion fikr va madaniyatni qabul qilmaslik to‘g‘risida”gi qonunni buzganlikda, shuningdek, noqonuniy valyuta aylanishi va davlatga qarshi ma’lumotlarni tarqatish uchun tashqi tashkilotlar bilan hamkorlik qilishda ayblangan.
Ma’lumotlarga qaraganda, ular avgust oyida qo‘lga olingan, birgalikda so‘roq qilingan va sentyabr boshida o‘lim jazosiga hukm qilingan. Tadbirkorlarga aloqador yana 20 ga yaqin kishi yo surgunga yuborilgan, yoki mehnat lagerlarida “qayta tarbiyalash”ga jo‘natilgan.
Manbalar aytishicha, qatl ochiq maydonda o‘tkazilgan va aholi majburiy ravishda yig‘ilgan.
“U yerda kamida 200 kishi to‘plandi, bolalar ham olib kelindi. O‘quvchilar darsdan ozod qilinib, qatlni tomosha qilishga majbur bo‘ldi”, — deydi guvohlardan biri.
Rasmiylar bu jazo “iqtisodiy tartibsizlikning oldini olish va jamoaga saboq berish” maqsadida amalga oshirilganini ma’lum qilgan. Tahlilchilarga ko‘ra, bu voqea davlatning xususiy biznes ustidan nazoratni yanada kuchaytirishi va tashqi aloqalarni cheklashga intilishidan darak beradi.
Qatlning vaqti ham e’tiborga molik: Kim Chen Inning Xitoydagi safari yakunlanganidan ko‘p o‘tmay sodir etilgan. Manbalar bu orqali hukumat jamoaga “tashqi hamkorlik qilinsa ham ichki intizom buzilmasligi shart” degan signal berganini qayd etmoqda.
Hodisadan keyin bozorda savdo keskin pasaygan, tadbirkorlarga tegishli korxonalar bankrot bo‘lgan, akkumulyator va ehtiyot qismlar narxi keskin oshgan yoki umuman sotilmay qolgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.