
Shveysariyalik bolalar jilmayishadi va qiziqish bilan sigirning yon tomonida hosil qilingan maxsus teshikka qo‘llarini solishadi. Jonivor bu vaqtda shoshilmasdan ozuqasini chaynaydi yoki o‘zining chap tomonida nima sodir bo‘layotganiga qiziqish bildirmagan holda turishda davom etadi. Shveysariyadagi chorva fermasidagi maktab o‘quvchilari uchun ekskursiya ana shu tarzda bo‘ladi. Biroq jonivorlar fiziologiyasiga ana shunday o‘zgarishlar kiritish uchun qanday zaruriyat mavjud edi?

Bu kabi g‘alati holat sigirlar sog‘lig‘i haqidagi g‘amxo‘rlik va fermerlarning moliyaviy daromadi bilan tushuntiriladi. Sigir o‘z egasiga maksimal daromad keltirishi va yuqori sifatli sut berishi uchun sog‘lom bo‘lishi lozim. Biroq afsuski, sigirlarning murakkab tuzilgan ovqat hazm qilish tizimi har doim ham soat kabi bir maromda ishlamaydi, oshqozon-ichak tizimidagi buzilishlar esa hayvonlarning o‘limiga sabab bo‘ladi. Bu kabi patologik o‘zgarishlar ozuqaning keskin o‘zgarishi, ratsionga yangi qo‘shimchalarning joriy etilishi yoki boshqa sabablar tufayli yuzaga kelishi mumkin. Sigirning oshqozonidagi mikroorganizmlar yangi turdagi ozuqani hazm qilish uchun har doim ham moslasha olmaydi. Hazm qilish jarayonlarining buzilishi natijasida yig‘ilgan gazlar jonivorning halok bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bu kabi achinarli oqibatlarning oldini olish uchun ham maxsus qurilmalar o‘ylab topilgan.

Yosh jonivorlarning ko‘p kamerali oshqozonining birinchi bo‘limiga probkali maxsus voronka o‘rnatiladi. Keyinchalik yangi ozuqaviy qo‘shilmalar bilan tajriba o‘tkazish jarayoni yoki salomatlik holatini nazorat qilish uchun probkani ochish, mikroflora namunalarini olish yoki boshqa zaruriy taomillarni amalga oshirish mumkin. Oshqozonda to‘plangan, noqulaylik tug‘diradigan yoki o‘limga olib keladigan gazlar klapanning ochilishi bilan osongina yo‘qotiladi. Sigirlarning yon tomonidagi bu kabi qurilmalar Shveysariyadagi ko‘pgina yirik chorvadorlik majmualarida keng tarqalgan. Amaliy foydasidan tashqari, yon tomondagi bu kabi klapanlar sut fermalariga ekskursiyaga kelgan maktab o‘quvchilari va kattalar uchun ko‘rgazmali qo‘llanma vazifasini ham o‘taydi.

Manba: xabardor.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar