08:46 / 16.03.2020
7 180

Dunyo aqldan ozyapti

Dunyo aqldan ozyapti
Insoniyat ajoyib. Qo‘rquv, vahima, hayajon, g‘azab, nafrat va sevgi... Shu tuyg‘ularimiz bilan biz balki insonmiz.
Koronavirus balosi kelib, insonlarda qo‘rquv va vahima hissi, ayniqsa, kuchaydi.

Avstraliyada bir ayol do‘konda tualet qog‘ozi talashib, bir erkakning qorniga pichoq suqib olibdi. Londonda esa singapurlik talaba xitoylikka o‘xshagani uchun do‘pposlab ketilgan. Hind okeanidagi Reunion oroli aholisi esa sohilga kelgan kruiz kemasi yo‘lovchilarini toshbo‘ron va haqoratlar bilan kutib olibdi.

Albatta, Avstraliyada tualet qog‘ozlari yetarlicha mavjud. Londonda esa do‘pposlangan talabaning koronavirusga hech qanday aloqasi yo‘q. Reunion sohiliga kelgan kemadagi yo‘lovchilar orasida ham virusga chalingan hech kim bo‘lmagan.

Shunga qaramay, virus vahimasi va qo‘rquvi odamlarni mantiqqa zid ishlarni va hatto jinoyatlarni sodir etishga undamoqda.
Demak, odam qo‘rqqanda, vahimaga berilganda, na tarbiya, na madaniyat uni to‘g‘ri yo‘lga boshlay oladi. Qo‘rquv odamni aqlga sig‘maydigan ishlarni qilishga undaydi, hatto bir parcha qog‘oz uchun odam o‘ldirishgacha olib borishi mumkin ekan.

O‘rtoqlar, koronavirus o‘tib ketadi. Bu darajada vahimaga berilmaylik.
Virus yuqtirganlar orasida 40 yoshgacha bo‘lganlarda o‘lim holati 0,2 foiz, 50 yoshgacha bo‘lganlar orasida 0,4 foiz. 70 dan 80 yoshgacha bo‘lganlar orasida esa 8 foiz, 80 dan yuqori bo‘lganlarda 21 foiz ekani aniqlangan.

Demak, eng xavfli yosh guruhi 70 va undan yuqori bo‘lganlarda. Agar siz shu yoshdagilar guruhiga mansub bo‘lsangiz, imkon qadar, ko‘chaga kamroq chiqing. Oziq-ovqatingizni farzandlaringiz olib kelib bersin. Qarindosh-urug‘lar, ziyoratchilarni ham kamroq qabul qiling. Shu yoshda bo‘lib virusga chalingan taqdiringizda ham sog‘ayib ketish imkoniyatingiz 80 foizdan yuqori. Bu juda katta ko‘rsatkich!

Yoshingiz 40 dan oshmagan bo‘lsa, Xudo ko‘rsatmasin, virus yuqtirgan taqdiringizda ham 99,8 foiz holatda sog‘ayib ketishingiz shubhasiz. Matematika tilini o‘zimizning tilga o‘girsak, 100 foiz tirik qolasiz, desak ham bo‘ladi.

Aksariyat odamlar koronavirusni o‘ta yengil formada o‘tkazishi ham ma’lum. Ya’ni, oddiy tumovga chalingan odamdek qiynalasiz, xolos. Albatta, boshqalarga yuqtirmaslik uchun uyda o‘tirish yoki karantinda bo‘lish muhim. Ayni paytda kasallik simptomlari — yo‘tal, isitmaga qarshi dorilar ichish tavsiya qilinadi.

Bu virusning zarari shunchalik kam bo‘lsa, davlatlar va mutaxassislarning bunchalik qattiq choralar ko‘rishi sababi nimada? Sababi shuki, bu hozircha bedavo kasallik, vaksina va davolash usullari mavjud emas. Shu bois, o‘lim holati qancha kam bo‘lmasin, bedavo va yuqumli kasallikka qarshi global miqyosda va maksimal darajada kurashiladi. Qoidasi shunaqa. Zotan, bitta hayot ham juda qadrli. Saqlab qolinadigan hayot bitta bo‘lsa ham, bunga erishish uchun qattiq kurashish kerak.

Xullas, o‘zingizni va boshqalarni ehtiyot qiling, buning choralarini ko‘ring, lekin aqlga zid darajadagi vahimalarga berilishning keragi yo‘q.
Salomat bo‘laylik.
Behzod Mamadiyev

Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Manba: Sof.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dunyo aqldan ozyapti