23:14 / 04.04.2020
3 957

Rossiyadagi holat: 30 aprelgacha cho‘zilgan ta’til, Putinni tanqid qilgan Jirinovskiy

Rossiyadagi holat: 30 aprelgacha cho‘zilgan ta’til, Putinni tanqid qilgan Jirinovskiy
Foto: Getty Images
3 aprel soat 10:30 holatiga ko‘ra, Rossiyada koronavirus yuqtirganlar soni 3548 nafarni tashkil etmoqda. Ulardan 235 nafari sog‘ayib 30 nafari vafot etgan. So‘nggi bir sutkada 771 nafar odamda virus aniqlandi, 45 nafar bemor sog‘aydi va 6 ta o‘lim holati qayd etildi. Rossiya bo‘ylab virusga chalinganlarning asosiy qismi poytaxt Moskvada aniqlangan: 2475 nafar.

Rossiya bo‘ylab virus tarqalishi tezlashgan, shu bois mamlakatda karantin choralari kuchaytirildi. Vladimir Putin 2 aprel kuni rossiyaliklarga ikkinchi marta murojaat qilib, mamlakatda xavfli virus yanada tarqalib ketmasligi uchun choralar kuchaytirilishini ma’lum qildi.

Jumladan, Rossiya Federatsiyasida ish haqi to‘lanadigan ta’til muddati 30 aprelgacha uzaytirildi. Agar epidemiologik vaziyat yaxshilansa, ish haqi to‘lanadigan ta’til qayta ko‘rib chiqilib, qisqartirilishi ham mumkin;

Federal davlat organlari, budjetdan tashqari jamg‘armalarning davlat boshqaruv organlari, Rossiya tarkibidagi sub’ektlarning davlat organlari hamda OAV belgilangan ta’til paytida uzluksiz ishlashini ta’minlaydigan xodimlar sonini aniqlashlari kerak;

Gubernatorlarga qo‘shimcha vakolatlar beriladi: hafta oxiriga qadar ular hudud iqtisodiyoti va mintaqadagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni hisobga olgan holda profilaktika choralarini belgilashi kerak;

Mulkchilik shaklidan qat’i nazar, qaysi tashkilotlar faoliyatini to‘xtatishi va qaysi tashkilotlarni kengaytirish mumkinligini mintaqalar, ya’ni gubernatorlar mustaqil ravishda hal qilish huquqiga ega bo‘ldi;

Mintaqalar o‘z hududida, mintaqalararo yuk tashish bilan shug‘ullanadigan transport vositalari bundan mustasno, fuqarolar va transport vositalarining harakatlanishi uchun maxsus tartib o‘rnatishi lozim;

Tibbiy muassasalar, dorixonalar, zarur buyumlar do‘konlari, doimiy ishlashi lozim bo‘lgan, favqulodda vaziyatlarda zarur ishlarni amalga oshiradigan, avariya holatida ta’mirlash va boshqa ishlarini bajaradigan tashkilotlar hamda banklar odatdagiday ishlashda davom etadi;

Qo‘shimcha cheklovlar joriy qilish haqidagi qarorlarni mintaqalar markaz bilan muvofiqlashtirgan holda qabul qiladi;

Mintaqalardagi ishlar prezidentning hududlardagi vakillari tomonidan muvofiqlashtiriladi. Barcha ma’lumotlar markazdagi maxsus kengashga yuborilishi kerak.
Putin murojaati vaqida gubernatorlarning vakolati oshirilgach, ular o‘z hududida qat’iy choralar ko‘rishni boshlab yubordi.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov respublikadagi federal ahamiyatga ega yo‘llar, shuningdek, 5 apreldan boshlab respublikaga havo va quruqlik orqali kirib-chiqishni batamom yopishga buyruq berdi. 5 apreldan boshlab Chechenistonga kirmoqchi bo‘lgan avtomashinalar, poyezd va samolyotlar respublika hududiga qo‘yilmaydi va hech qanday izohsiz ortga qaytariladi. Albatta, bu taqiq respublikaga oziq-ovqat olib kirayotgan yuk poyezdlari va mashinalarga taalluqli bo‘lmaydi. Chechenistonda rasmiy ravishda 5 apreldan yo‘llarni yopish e’lon qilingan bo‘lsa ham, aslida martning oxiridan boshlab bu respublikaga tranzit mashinalar qo‘yilmayotgan edi.

Chechenistonda karantin qoidalari joriy qilinishi munosabati bilan 3 apreldan boshlab soat 20:00 dan ertalabki soat 8:00 gacha ko‘chada yurish taqiqlandi. Bu haqda respublika rahbari Ramzan Qodirov o‘z telegram kanalida ma’lum qildi.

Orenburgda karantin choralarini nazorat qilish uchun qo‘shimcha politsiya kuchlari jalb qilindi. Sverdlovsk viloyatidagi Novouralsk shahriga kirib-chiqish yopildi, shahar aholisi uchun ko‘chalarda harakatlanish cheklandi. Faqat shahar meriyasi bergan ruxsatnoma bilan harakatlanish mumkin. Bu haqda shahar meri qaror qabul qilgan.

Moskva shahrida e’lon qilingan karantin qoidalari 1 maygacha uzaytirildi. Bu haqdagi qarorni Moskva meri Sergey Sobyanin imzolagan.

Boshqirdiston bo‘ylab ko‘p qavatli uylarning jami 34 288 ta yo‘lagi 2 aprelgacha dezinfeksiya qilindi. Respublika uy-joy kommunal boshqarmasi boshlig‘i Ildus Mamayevning aytishicha, Boshqirdistonda ko‘p qavatli uylarda jami 47 740 ta yo‘lak bor va yaqin kunlarda ularni dezinfeksiya qilish ishlari yakunlanadi. Uzoq Sharqdagi Saxalinda dezinfeksiya ishlariga harbiylar jalb qilindi.

Omsk shahrida turarjoylardan tashqari ko‘priklar, yo‘l o‘tkazgichlar ham dezinfeksiya qilinmoqda. Vladivostokda Bangkokdan kelgan yo‘lovchilarning 12 nafari aeroportdan qochib ketgan edi. Ularning barchasi topilgan va ikki haftalik karantinga joylashtirilgan.

Chelyabinskda politsiya xodimlari ovozkuchaytirgich orqali fuqarolarni karantin qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqirmoqda. Qoidalarni buzganlarga chora ko‘rilmoqda.

O‘z-o‘zini izolyatsiya qilish va karantin qoidalarini joriy etish juda kam odam yashaydigan olis Chukotkada ham joriy qilindi.
Peterburgda yo‘lovchi kamaygani sabab yigirmadan ortiq yo‘nalishlarda avtobus qatnovi to‘xtatildi.

Rossiya bo‘ylab tarqalayotgan koronavirus «o‘chog‘i» Moskva shahri bo‘lib turibdi, shu bois poytaxtga har qanaqa kirib-chiqish holatlarini cheklash taklif qilindi. Ma’lumot uchun: oxirgi bir sutkada Moskvada 595 ta koronavirus yuqtirish holati aniqlangan. Bu — bir kunda mamlakat bo‘ylab virus yuqtirganlarning 75 foizi degani.

«Spravedlivaya Rossiya» partiyasi yetakchisi Sergey Mironov Rossiyadagi amaldorlarga murojaat qilib, ularni o‘z xizmat mashinalarini tibbiyot xodimlariga foydalanish uchun berib turishga chaqirdi.

2 aprel kuni Rossiya davlat dumasida prezident Putinning 30 aprelgacha e’lon qilingan ish haqi saqlanib qolgan holda ta’til berish haqidagi qarori muhokama qilindi. Ayrim deputatlar, masalan, «Spravedlivaya Rossiya» partiyasidan saylangan deputat Mixail Yemelyanovga ko‘ra, bu qaror mamlakat uchun ikkita katta xavfni keltirib chiqarishi mumkin: «Birinchidan, iqtisodiy xavf, ikkinchidan aholining ruhiyati bilan bog‘liq xavf. Ammo prezident hammasini inobatga olgan deb o‘ylayman», dedi deputat.

Rossiyadagi eng keskin choralar poytaxt Moskvada joriy qilinmoqda. Bu haqda shahar meri Sergey Sobyanin qabul qilgan qaror shahar meriyasi saytida e’lon qilingan. 2 apreldan boshlab shaharda o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish qoidalariga rioya qilmaganlarni jarima qilish boshlandi. Moskva shahar dumasi tomonidan jarima miqdori aholi uchun 4000 rubl, haydovchilar uchun 5000 rubl etib belgilangan. 2 aprel kuni Moskva metrosida yo‘lovchilar harakatlanishi 84 foizga kamaygan.

Krasnodar o‘lkasida karantin qoidalarini nazorat qilish uchun jami 3318 nafar politsiya xodimlaridan tashqari kazaklar otryadi va ko‘ngillilardan iborat 884 ta otryad ish olib boryapti.

Qrimdagi sanatoriya va pansionatlarda qolayotgan dam oluvchilarga 6 aprelgacha u yerni tark etish talabi qo‘yilgan. Talabni bajarmaganlar qattiq rejimli karantinga olinishi haqida ogohlantirilgan. Ogohlantirish xatida yarimoroldagi sanatoriya va pansionatlar 1 iyungacha yopilishi bildirilgan.

Kareliyada karantin qoidalarini buzib ko‘chalarda, parklarda sport bilan shug‘ullanish maqsadida yugurib yurganlar 15000 rubl jarimaga tortildi. Bu haqda 2 aprel kuni respublika rahbari Artur Perfenchikov ma’lum qildi.

Foto: RIA Novosti
O‘zining turli mavzulardagi keskin bayonotlari bilan tanilgan rossiyalik siyosatchi, Rossiya liberal demokratik partiyasi rahbari Vladimir Jirinovskiy 2 aprel kuni Rossiyaning boshqa mamlakatlarga ko‘rsatayotgan yordami haqida tanqidiy fikr bildirdi.

«Biz har doim boshqa davlatlarga berilayotgan yordamlarga qarshi bo‘lganmiz. Aynan hozir xorij davlatlariga ko‘rsatilayotgan yordam va unga sarflanayotgan mablag‘ bu yerda o‘zimizga ham suv va havodek zarur. Hamma o‘zimizda niqob yetishmayotganini ko‘rib turibdi. Odamlar niqoblarni dorixonalardan topa olmay qo‘lda tikishmoqda», degan Jirinovskiy. Liberallar yetakchisi Rossiyaning Italiya va AQSHga yordam yuborganiga ishora qildi. Bu yordamlar shaxsan Vladimir Putinning topshirig‘i bilan amalga oshirilgandi.

Rossiyadagi aksariyat shaharlarda karantin va o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish qoidalari kuchga kirgan bo‘lsa-da, ko‘plab shaharlar va viloyatlarda tumanlararo jamoat transportlari hamon faoliyat ko‘rsatyapti. Bu haqda rus OAVlari yozmoqda. Bu holatlar ko‘rilayotgan choralar samara bermasligiga olib keladi. Oxirgi 3-4 kunda Rossiyada virus yuqtirganlar soni oshib boryapti. Ayniqsa, oxirgi bir sutkada 771 nafar odamda virus aniqlanishi Rossiya uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyadagi holat: 30 aprelgacha cho‘zilgan ta’til, Putinni tanqid qilgan Jirinovskiy