12:18 / 08.04.2020
3 008

Epidemiyadan so‘ng Xitoyni nimalar kutmoqda?

Epidemiyadan so‘ng Xitoyni nimalar kutmoqda?
Foto: EPA/Vostock-photo
Dekabr oyida Xitoyda paydo bo‘lgan va keyinchalik boshqa qit’alarga tarqalgan yangi turdagi Covid-19 kasalligi bugun dunyo kun tartibidagi eng asosiy masala bo‘lib turibdi. Pandemiya nafaqat global iqtisodiyotga, balki AQSH va Xitoy o‘rtasidagi raqobatga ham jiddiy ta’sir o‘tkazishi kutilmoqda. Ya’ni bundan keyin Xitoyning siyosiy va iqtisodiy maqsadlarida ba’zi o‘zgarishlar yuz berishi aniq.
Quyidagi maqolada ayni mana shu masalalar xususida so‘z yuritiladi.

Yangi xalqaro tartib o‘rnatilishi kutilmoqda
Ma’lumki, mart oyi o‘rtalariga kelib, Xitoy virusga qarshi kurashda g‘olib bo‘lganini e’lon qilgandi. Endilikda mamlakatda kasallikka chalinishning faqat chet el bilan bog‘liq holatlari qayd etilmoqda. Epidemiya markazi esa AQSH va Yevropaga ko‘chib o‘tgan.

Koronavirusning butun dunyoga yoyilishi, xalqaro institutlar hamda mavjud tizimlarning ushbu jarayon qarshisida ojiz qolishi ortidan epidemiyadan so‘ng yangi bir xalqaro tartib o‘rnatilishi haqida bahslar yuzaga kela boshladi va bu bahslar hamon davom etmoqda.

AQSH tomonidan keskin tanqidlar bildirilmoqda
1980-yillarda Den Syaopin davri bilan «ochilish» jarayoniga kirgan Xitoyning tashqi siyosatdagi maqsad-muddaolariga baho berishdan avval ba’zi muhim tarixiy sanalarga to‘xtalib o‘tish joiz.

O‘n besh yillik muzokaralardan so‘ng, nihoyat 2001 yilda Xitoy Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi, aytish mumkinki, mamlakatning tashqi iqtisodiy faoliyatida jiddiy burilish yasagandi. 2008 yildagi Pekin Olimpiadasi «Bir dunyo, bir orzu» shiori bilan Xitoyning qaytadan uyg‘onganini butun dunyoga namoyish qiladi. Bundan tashqari, 2008 yildagi global moliyaviy inqirozdan jiddiy talafotsiz chiqib olgan Xitoy yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini davom ettirish bilan bir qatorda, yangi bozorlarga kirib bordi va G‘arb dunyosi bilan o‘zaro bog‘liq jarayonlarga kirishdi.

Ayniqsa, Si Szinpin davrida Xitoy xalqaro tizim tomonidan «revizion hokimiyat» sifatida baholana boshladi. Xitoy an’anaga ko‘ra, «tinch yuksalish», «insoniyatning umumiy taqdiri», «birgalikda g‘alaba qozonish», «boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik» kabi tinchliksevar, ayni paytda bir qadam orqada turib, vaziyatni kuzatadigan, darhol munosabat bildirmaydigan tashqi siyosat sohibidir. Bugungi kunda ham shunga o‘xshash tushunchalar Si Szinpinning nutqlarida tez-tez tilga olinmoqda. Biroq Xitoy faqatgina so‘zda qolib ketmaydigan va G‘arb tizimiga yo‘nalgan bir muqobil kuch sifatida odim tashlamoqda va ayniqsa, AQSH tomonidan keskin tanqidlarga uchramoqda.

AQSH-Xitoy raqobati epidemiya tufayli orqa fonga o‘tib qoldi
Rossiya bilan kengayib borayotgan hamkorlik aloqalari, «Avlod-Yo‘l» tashabbusi orqali Xitoyning AQSH manfaatlariga qarshi o‘laroq Yaqin Sharq, O‘rta Yer dengizi va Yevropada olib borayotgan faoliyati, hamkorlik mexanizmlari, G‘arbning markazlashgan tizimlarga muqobil sifatida yaratilgan yangi institutlar, harbiy-texnologik imkoniyatlarni kuchaytirish – bularning barchasi Xitoy tashqi siyosatidagi maqsadlarning asosiy vositalaridir.

2002 yilda SARS (o‘tkir nafas olish yetishmovchiligi sindromi) tarqalishi nisbatan cheklangan hududlarga ta’sir ko‘rsatgan va tez orada yakun topgandi. O‘sha paytda kasallik JSTga yangi a’zo bo‘lgan va 2008 yildagi Olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilishi kutilayotgan Xitoyning dunyoga o‘zini namoyon etishiga ozmi-ko‘pmi to‘sqinlik qilgandi. Albatta, Xitoyning hozirgi vaziyati 2002 yildagidan nafaqat iqtisodiy jihatdan, balki tashqi siyosat nuqtayi nazaridan ham tubdan farq qiladi.

Covid-19 inqirozi ortidan Xitoy yangi qiyinchiliklar bilan yuzma-yuz kelmoqda. Joriy munozaralar Covid-19’ning AQSH va Xitoy o‘rtasidagi kuchlar raqobatiga ta’siri nuqtayi nazaridan ham rivojlanib bormoqda. Epidemiyaga qadar, AQSH va Xitoy o‘rtasida ko‘plab masalalarda raqobat davom etayotgandi. Hozirda esa ushbu raqobat epidemiya tufayli orqa fonga o‘tib qoldi.

Munozaralar qozoni hali ancha qiziydi
Aytish mumkinki, AQSH va Xitoy o‘rtasidagi munozarali kurash bundan keyin ham Covid-19’ning yechimi, vaksina va dori-darmon masalalari bo‘yicha o‘zgaruvchan yo‘nalishda davom etadi.

So‘nggi paytlarda vaziyat keskinlashdi. AQSH prezidenti Donald Tramp «Xitoy virusi» iborasi bilan Xitoyni ayblar ekan, o‘z navbatida Chin davlati hukumati AQSHni epidemiyani jiddiy qabul qilmaganlikda va Yevropaga yetarli darajada yordam ko‘rsatmaganlikda aybladi. Hatto virus Xitoyga AQSH armiyasi tomonidan olib kelingani haqidagi da’volar ham o‘rtaga chiqdi. G20 yig‘ilishidan keyin ikki mamlakat o‘rtasidagi keskinlik biroz bo‘lsa-da pasaydi, hamkorlikka oid kelishuvlar amalga oshirildi. Albatta, bu holat vaqtinchalik ekanini ham unutib qo‘ymaslik kerak. Agar AQSH oldida saylov jarayonlari turganini inobatga olsak, Xitoyga qarshi keskin bahs va munozaralar qozoni hali ancha qiziydiganga o‘xshaydi.

Ushbu raqobat kelgusida Yevropa negizida davom etishi kutilmoqda. Xitoy uzoq vaqt davomida ko‘plab Yevropa mamlakatlari, xususan, Germaniya bilan hamkorlik qilish yo‘llarini izlamoqda. Qolaversa, Covid-19’ga qarshi kurash doirasida Xitoyning Yevropaga bo‘lgan e’tibori yanada kuchaydi.

«Sog‘liqni saqlash diplomatiyasi» ko‘lami kengaymoqda

Virusga qarshi g‘alaba e’lon qilinganidan so‘ng Xitoy tibbiy asbob-uskunalar va tajribali mutaxassislar yordamida «Yevropaga yordam beruvchi mamlakat» imijini yaratishga kirishdi. Albatta, buni Xitoyning putur yetgan obro‘ qo‘rg‘onini ta’mirlash uchun qilinayotgan harakat sifatida ham baholash mumkin. Ba’zi Yevropa mamlakatlari, xususan, Serbiya va Italiya YEIning beparvoligini tanqid qilib, Xitoy bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda.

Ayni paytda Xitoy Yaqin Sharqda Eron va Iroqqa ham yordam berishda davom etmoqda. Albatta, bu mintaqalar ham Xitoyning «Avlod-Yo‘l» loyihasining bir qismidir. O‘rta Yer dengizi havzasi bilan birgalikda olib qaraganda, Xitoy o‘z tashqi siyosatiga «sog‘liqni saqlash diplomatiyasi»ni ham qo‘shganga o‘xshaydi.

Tinch okeani mintaqasi kurashning yana bir sohasi bo‘lib qolmoqda. Ma’lumki, Xitoy bir muncha vaqtdan beri mintaqadagi AQSH ittifoqchilariga qarshi dengiz patrullarini kuchaytirgan. Agar virus AQSH harbiy kuchlariga ta’sir etsa, Xitoy Janubiy Xitoy dengizidagi kemalarini harakatga keltirishi mumkin. Albatta, ushbu vaziyatni oqilona baholash kerak: Chin o‘zini namoyon etishiga imkon topgan va Yevropa bilan hamkorlik qilish uchun fursat tug‘ilgan ayni damlarda harbiy harakatlar olib borilishi dargumon.

Tashqi siyosat ikki asosiy masalaga yo‘naltiriladi
Kelgusi davrda Xitoy o‘zining tashqi siyosatini ikkita asosiy masalaga yo‘naltirishi mumkin:

Birinchidan, u global nufuzini qayta tiklab, uni yanada mustahkamlab olishga harakat qiladi. Epidemiyaning oldini olmagani va dunyoni o‘z vaqtida bundan xabardor qilmagani uchun tanqid qilinayotgan Xitoy endi yangi hamkorlik-yordam faoliyati bilan «Dunyoga yordam beruvchi Xitoy» imijini shaklantirishga urinadi.

Ikkinchidan, AQSH va G‘arbga qarshi qilayotgan raqobatining bir qismi o‘laroq, o‘z tizimini dunyoga tushuntirishga harakat qiladi. G‘arb institutlarining kamchiliklari va disfunksiyalariga urg‘u beradi. Shunday qilib, u buyuk kuch raqobatining yetakchisiga aylanganini isbotlash orqali o‘z siyosiy ta’sirini chuqurlashtirishda davom etadi.

Covid-19 – burilish nuqtasi
Covid-19 epidemiyasi Xitoy iqtisodiyoti uchun ham, jahon iqtisodiyoti uchun ham burilish nuqtasi bo‘lishi aniq. Uzoq vaqt davomida yuqori o‘sish sur’atlariga erishgan Xitoy iqtisodiyotida ayni damda biroz pasayish kuzatilmoqda. Ma’lumki, AQSH-Xitoy raqobati ham savdo urushlari ko‘rinishida davom etayotgandi. Yanvar oyida ikki tomon kelishuvga erishgan bo‘lsa-da, Xitoy savdo urushlari jarayonida ham bir qator salbiy ta’sirlarga uchradi – tashqi savdo hajmi qisqarib, iqtisodiy o‘sish sur’atlari sekinlashdi.

Xitoyda virus ustidan g‘alaba qozonganini e’lon qilishi ortidan endilikda ikkinchi kurash davri boshlanadi. Albatta, bu faqat Xitoyning o‘zigagina bog‘liq jarayon emas. Virusning butun dunyoga asta-sekin tarqalishi o‘z navbatida o‘nglanish jarayonlari ham tadrijiy ravishda amalga oshirilishiga olib keladi. Shu sababli, Xitoy hatto to‘liq quvvat bilan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan taqdirda ham global miqyosda talabning keskin tushib ketgani, aloqalar zanjiri uzilib qolgani sababli u ko‘zlagan o‘sish sur’atiga yil davomida erisha olmasligi mumkin.

Maqsadlar xavf ostida
Ayni paytda Xitoy so‘nggi 40 yillikda kuzatilmagan iqtisodiy tanglikni boshdan kechirmoqda. Ta’kidlanishicha, epidemiya mobaynida mamlakatda 8 million kishi ishsiz qolgan. Iqtisodiy pasayishlar sabab endilikda Xitoy hukumati o‘z xalqining talablarini qondira oladimi yoki yo‘qmi – bu ham bir muammo.

Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin 2020 yilda iqtisodiyot uchun ikkita muhim maqsadni ko‘zlagan edi: 2020 yilda Xitoyda qashshoqlikni butunlay tugatish va 2010 yildan 2020 yilgacha Xitoy iqtisodiyotini ikki baravar oshirish. Hozir ikkala maqsad ham xavf ostida turibdi.

Ma’lumki, Xitoyda epidemiya nazoratga olinishi natijasida hayot asta-sekin normal holatga qaytishni boshladi. Ammo iqtisodiyotdagi «to‘satdan to‘xtash» sababli yangi rivojlanish muqadddimasining qanchalik tez yozilishi noma’lum bo‘lib turibdi. Albatta, bu noaniqlik Xitoy iqtisodiyoti bilan bir qatorda jahon iqtisodiyotining kelajagiga ham ta’sir qiladi.

Dunyo iqtisodiyotida o‘zaro bog‘liqlik mavjudligi tufayli virus ortidan kelgan iqtisodiy qiyinchiliklar ham domino ta’sirini yaratishi mumkin. Bunday paytda esa G20 tomonidan qabul qilingan qaror muhim ahamiyatga ega. «Katta yigirmatalik»ning 5 trillion dollarlik qutqarish paketi e’lon qilinishi natijasida AQSH va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy nizolar biroz vaqt mobaynida yumshoq bo‘lib qolishi kutilmoqda. Albatta, AQSHning saylov jarayonida ekanligi va Trampning nutqlari kutilmaganda keskin tus olishi mumkinligini ham yodda tutish lozim. Shu nuqtayi nazaridan, Covid-19 epidesiyasi – ham imkoniyat, ham xavf-xatardir.

Xitoy asosiy aybdor sifatida ko‘rilmoqda
Yevropa va AQSH bilan taqqoslaganda, G‘arbdagi shoshqaloqlik, tartibsizliklardan farqli o‘laroq, Xitoy boshqaruvida tartib mavjud. Si Szinpin epidemiya boshlangan payt to‘liq safarbarlik e’lon qildi va amalga oshirilgan jadal choralar tufayli endilikda davlat virusga qarshi kurashda to‘liq g‘alaba qozonish arafasida turibdi. Ammo Xitoyning axborot masalasida yetarlicha shaffof emasligi va virus bilan bog‘liq ma’lumotlarni yashirib kelganini ham hisobga olish kerak.

Ha, Xitoy garchi epidemiya ustidan g‘alaba qozonganini e’lon qilgan bo‘lsa-da, butun dunyoga virus tarqalishida u asosiy javobgar sifatida ko‘rilmoqda. Dekabr oyida yangi virus haqida ma’lumot almashishga uringan ba’zi shifokorlar va jurnalistlarning ta’qibga olingani ham ma’lum. Aslida, o‘shanda shifokorlardan biri virusdan vafot etgandi, shuning uchun ham keyinchalik uning oilasidan uzr so‘raldi.

Eng katta xavotir – ijtimoiy birdamlikning buzilganidir
Epidemiya bilan kurashish paytida Xitoyda inson huquqlarining buzilishiga olib keladigan amaliyotlar, ayrim sog‘liqni saqlash choralarining yetarli emasligi va aholi farovonligining pasayib ketishi sababli pirovardida ijtimoiy tartibsizliklar vujudga kelishi mumkin.

Ma’lumki, davlat va jamiyat o‘rtasidagi «ijtimoiy birdamlik shartnomasi» Xitoyda ko‘p yillar davomida mavjud bo‘lgan. Bugungi kunda Xitoy ichki siyosatidagi eng katta xavotir – bu ijtimoiy birdamlikning buzilganligidir. Uch oy davomida izolyatsiya qilingan Uhandagi ba’zi norozilik ko‘rinishlari ijtimoiy tarmoqlarda allaqachon tarqala boshladi. Shu bois, ehtimoliy ijtimoiy tartibsizliklarga qarshi Xitoyning ichkarida qanday qanday yo‘l tutishi, ayni paytda, tashqi siyosatda qanday qadami olishi diqqat markazida bo‘ladi. O‘ttiz yil oldingi Tiananmen va o‘tgan yildagi Hongkong voqealaridan so‘ng, Xitoyda yangi va jiddiy g‘alayonlar yetilayotgan bo‘lishi mumkin.

Si Szinpin oldida turgan sinov va imkoniyat
Xitoy siyosatining tashkiliy kuchi, sog‘liqni saqlash infratuzilmasi, Xitoy tizimining kelajagi va uni G‘arb bilan taqqoslash bundan keyin ham kun tartibida bo‘ladi. Qaysidir ma’noda, bu inqiroz Mao Szedun va Den Syaopin kabi «afsonaviy davlat rahbarlari» qatoriga kirgan Si Szinpin oldida turgan eng katta siyosiy sinov bo‘lib, ayni paytda Xitoy tizimining muvaffaqiyatini dunyoga isbotlash uchun berilgan qulay imkoniyat hamdir.

Otabek Tillayev tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Epidemiyadan so‘ng Xitoyni nimalar kutmoqda?