
Jahon sayyohlik sanoatida 2025 yilning dastlabki oylarida kutilmagan lider paydo bo‘ldi. Saudiya Arabistoni turizmdan daromadlarning o‘sishi bo‘yicha dunyodagi barcha mamlakatlarni ortda qoldirdi, deb xabar berdi mamlakat Turizm vazirligining matbuot xizmati.
Vazirlik ma’lumotlariga qaraganda, 2025 yilning birinchi choragida xorijlik sayyohlar Saudiyada 13,2 milliard dollar sarflagan. Bu raqam 2024 yilning shu davriga nisbatan taxminan 10 foizga ko‘proq. Bu nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki mamlakatning turizm sohasiga qaratgan jiddiy e’tiborining ham natijasidir.
E’tiborlisi shundaki, xorijlik mehmonlar soni ham keskin oshgan — 2019 yilning shu oylariga nisbatan 102 foizga ko‘p. Bu ko‘rsatkich jahon bo‘yicha o‘rtacha o‘sish darajasidan 3 foiz, Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha esa 44 foiz yuqori ekani qayd etilgan.
Saudiya Arabistonining bu kabi yuqori sur’atdagi rivojlanishi mamlakatning uzoq muddatli strategik maqsadlariga yaqinlashayotganini anglatadi. Podshohlik o‘z oldiga juda katta marralarni qo‘ygan: har yili 150 millionga yaqin xorijlik turistni jalb etish va o‘zini sayyohlik bo‘yicha jahondagi eng mashhur yo‘nalishlar qatoriga olib chiqish.
Bu natijalar mamlakatning "2030 Vijn" strategik dasturi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar va investitsiyalar samarasi sifatida baholanmoqda. Saudiya nafaqat ziyorat turizmi (Haj va Umra), balki madaniy, sport va ekoturizm sohalarida ham faol harakat qilmoqda.
Yaqinda o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmalar, sport musobaqalari va madaniy festivallar Saudiyaning jahon xaritasidagi imidjini keskin o‘zgartirdi. Mamlakatda vizalarni elektronlashtirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va mehmonlar uchun qulaylik yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.
Ko‘zga ko‘rinarli darajadagi bunday o‘sish nafaqat turizm sohasi, balki mehmonxonachilik, logistika, savdo va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Saudiya Arabistoni o‘zining an’anaviy neftga asoslangan iqtisodini diversifikatsiya qilishga intilmoqda va turizm bu jarayonda yetakchi kuchlardan biriga aylanmoqda.
So‘zsiz, Saudiyaning bu kabi muvaffaqiyatli qadamlari boshqa mamlakatlar uchun ham o‘rnak bo‘ladi. Mamlakatning sayyohlar uchun yanada ochiq va zamonaviy manzilga aylanishi, shubhasiz, kelgusi oylarda yana ko‘plab rekordlarni yangilashga turtki bo‘ladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar