
Aktrisa Jeyn Birkinga tegishli bo‘lgan va Hermès brendining mashhur Birkin modelini yaratishga ilhom bo‘lgan asl sumka Sotheby's auksionida 10,1 million dollarga sotildi. Bu modalar tarixi uchun rekord sanaladi — u dunyodagi eng qimmat sumkaga aylandi, deb yozmoqda Kun.uz sayti.
Sumkani sotib olgan xaridor yaponiyalik shaxsiy kolleksioner bo‘lib, uning shaxsiyati ommaga oshkor etilmadi.
Ilgarigi eng qimmat Hermès sumkasi 2021 yilda 513 ming dollarga sotilgan krokodil terisidan tikilgan, brilliantlar bilan bezatilgan Kelly sumkasi edi.
Sotheby's'ning ma’lum qilishicha, sumka 10 daqiqalik qizg‘in torgda, to‘qqiz nafar xaridor ishtirok etgan jarayonda sotilgan.
Moda olamining orzu qilingan aksessuari
Qora charmdan tayyorlangan ushbu sumka 1985 yilda aktrisa va xonanda Jeyn Birkin uchun maxsus yaratilgan. U samolyotda Hermès kompaniyasi rahbari Jan-Lui Dyuma bilan yonma-yon o‘tirganida sumkasini tushirib yuborgan va ichidagi buyumlar yerga sochilib ketgan.
Shunda u Hermès rahbaridan nega ayollar uchun kattaroq va qulay sumkalar yaratilmasligi haqida so‘raydi. Bu savol Jan-Lui Dyumani ilhomlantiradi va u ko‘p o‘tmay yangi sumka dizaynini tayyorlaydi.
Ayni o‘sha prototip Hermès tarixida yangi sahifa ochgan: keyinchalik uning asosida yaratilgan Birkin sumkalari hashamat timsoliga aylanadi.
1994 yili Jeyn Birkin mazkur sumkasini OITSga qarshi kurashishga bag‘ishlangan xayriya tashkiloti foydasiga auksionga qo‘ygan.

Sotheby's vakili Morgan Halimi bu narx sumkaning afsonaviy tarixi va noyob merosiga bo‘lgan qiziqishni yorqin namoyon etishini aytdi:
«Bu sumka – zamonaviy afsonaning boshlanish nuqtasi. Aynan shu sumka tufayli dunyo moda olamidagi eng ko‘p istalgan aksessuarga ega bo‘ldi», – dedi u.
Bugungi kunda Hermès'ning ayrim Birkin modellari o‘n minglab dollar turishi mumkin. Ularning egalari orasida Viktoriya Bekhem, Keyt Moss va Jennifer Lopes kabi yulduzlar bor. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar