
Ukrainaga qarshi olib borilayotgan urushda Rossiya armiyasi tarkibida jang qilgan 66 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi, deb BBC va “Mediazona” nashrlari xabar bermoqda. Ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu urush davomida 118 139 nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lgan bo‘lib, ulardan 500 dan ortig‘i xorij fuqarolaridir.
Rossiya armiyasida xizmat qilgan xorijliklarning jami 28 davlatdan bo‘lgani aniqlangan. Qurbonlar soni bo‘yicha eng yuqori o‘rinlardan birida, katta ehtimol bilan, Shimoliy Koreya fuqarolari turadi. Janubiy Koreya razvedkasi halok bo‘lgan shimoliy koreyaliklar soni 600 nafarga yetishi mumkinligini bildirmoqda. Ammo bu borada rasmiy tasdiq yo‘q.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida Tojikiston 72 kishi bilan birinchi o‘rinda, O‘zbekiston esa 66 nafar fuqarosi bilan ikkinchi o‘rinda turibdi. Ma'lum bo‘lishicha, Tojikistondan 43 nafar, O‘zbekistondan esa 46 nafar kishi jazoni yengillashtirish va'dasi bilan urushga jalb etilgan. Ularning aksariyati “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan.
Huquq faollari fikricha, Rossiya urushga migrantlarni jalb etish orqali ularga bosim o‘tkazmoqda. Ularga urushda qatnashish evaziga Rossiyaga kirish taqiqini olib tashlash, fuqarolikni tezlashtirib berish, yoki deportatsiyadan qutulish va'da qilingan. Ayrim hollarda esa migrantlar Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzishga tahdid orqali majburlangan.
MDHdan tashqaridagi yo‘qotishlar ichida eng ko‘p qurbon Nepalga to‘g‘ri keladi – 70 kishi. Shuningdek, 50 nafar nepallik bedarak yo‘qolgan. Nepal hukumati Rossiyaga DNK namunalarini yuborib, o‘z fuqarolarini aniqlashga harakat qilmoqda.
Gruziya fuqarolari orasida ham yo‘qotishlar mavjud — 63 nafar. Ularning aksariyati 1990-yillarda Gruziya nazoratidan chiqqan Janubiy Osetiya va Abxaziya hududlaridan bo‘lgan. Kavkazdan jalb etilganlar orasida professional harbiylar va sobiq ofitserlar ham bor.
Rossiya armiyasi tarkibida jang qilganlar orasida Afrikaning bir necha mamlakatlaridan ham fuqarolar bor: Efiopiya, Zambiya, Markaziy Afrika Respublikasi, Tanzaniya va Togo. Shuningdek, Shri Lanka hukumati 288 nafar iste’fodagi harbiy fuqarosining Rossiyaga yollanganini, ulardan 16 nafari halok bo‘lganini bildirdi.
BBC xabariga ko‘ra, Rossiya safida “sanog‘li” amerikaliklar ham bor. Ukraina armiyasi tarkibida esa 2–3 ming atrofida amerikalik ko‘ngilli jang qilmoqda.
Bundan tashqari, Rossiya qurolli tuzilmalarida xizmat qilib urushda halok bo‘lgan 54 nafar Ukraina fuqarosi ham aniqlangan. Ular urush boshlanishidan oldin Ukraina nazoratidagi hududlarda ro‘yxatda bo‘lgan shaxslardir.
Ushbu statistik ma'lumotlar Rossiya urushi global miqyosda ko‘plab insonlarning hayotiga qanday og‘ir ta’sir o‘tkazayotganini yana bir bor ko‘rsatmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar