date

G‘azo yana bo‘lindi: Isroil yangi yo‘lak barpo etdi

G‘azo yana bo‘lindi: Isroil yangi yo‘lak barpo etdi
G‘azo sektoridagi harbiy harakatlar yangi bosqichga kirdi. Isroil armiyasi tomonidan amalga oshirilgan so‘nggi operatsiya natijasida Xon Yunis shahri ikkiga bo‘lindi — g‘arbiy va sharqiy qismlarga. Bu haqda bir qator Isroil axborot agentliklari ma’lumot tarqatdi.

Ma’lum qilinishicha, “Magen Oz” nomli harbiy amaliyot yakuniga yetkazildi. Bu operatsiya Isroil armiyasi uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib, uning asosiy maqsadi — XAMAS harakatining Xon Yunisdagi kuchlariga zarba berish va shaharni nazorat ostiga olishdan iborat bo‘lgan.

Yo‘lakning umumiy uzunligi taxminan 15 kilometrni tashkil qiladi. Ushbu operatsiyada Golani va Barak brigadalari ishtirok etdi. Ular ikki tarafdan harakat qilib, o‘zaro birlashishga erishishdi. Janglar davomida bir necha hafta mobaynida XAMASning o‘nlab jangarilari yo‘q qilingani, bir qancha yer osti infratuzilmalari — maxsus tunnellar, qurol-yarog‘ omborlari va boshqa obyektlar ham nishonga olingani aytiladi.

Hozirda G‘azo sektori deyarli to‘liq segmentlarga bo‘linib ulgurgan. Ilgariroq qurilgan Morag yo‘lagi orqali Rafah shahri Xon Yunisdan ajratilgan edi. Yangi yaratilgan “Magen Oz” yo‘lagi esa aynan Xon Yunisning o‘zidagi qismlarni parchalab turibdi.

Isroil harbiylari bu orqali ikki asosiy maqsadni ko‘zlayotganini aytishmoqda: birinchisi — XAMAS harakatining logistikasini murakkablashtirish, ikkinchisi — gumanitar ehtiyojlar uchun xavfsiz yo‘nalishlar yaratish. Bu taktika ularning ta’biricha, “jang sahnasini soddalashtirish”ga yordam beradi.

Bu orada xalqaro kuzatuvchilar yangi vaziyatni jiddiy baholashga kirishgan. Chunki aholi yashash joylarining uzluksiz bo‘linishi nafaqat harbiy, balki insonparvarlik nuqtayi nazaridan ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Mavjud holat shuni ko‘rsatmoqdaki, G‘azodagi tuzilish endi yanada qiyin va ziddiyatli shaklga kelmoqda. Yangi frontlar va yo‘laklar orqali ta’sir doirasi kengaymoqda, ammo bu bilan birga xavfsizlik va insonparvarlik masalalari ham yanada dolzarblashmoqda.

Fikrlar turlicha, kurash esa, afsuski, hozircha to‘xtayotgani yo‘q.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » G‘azo yana bo‘lindi: Isroil yangi yo‘lak barpo etdi