
Foto: Getty Images
Yangi koronavirus pandemiyasi Yaqin Sharqdagi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vaziyatni yanada murakkablashtirib yuborishi mumkin va bu asosan fuqarolik urushi ketayotgan arab davlatlarida sodir bo‘ladi, deb yozadi The New York Times nashri.
Koronavirus pandemiyasi Yaqin Sharqda urush ketayotgan hududlardan bosh olib ketayotgan qochqinlarga talafot keltiradi. Bundan tashqari, koronavirus Yaqin Sharq mamlakatlaridagi qonuniylik va tartib bilan bog‘liq muammolarni ham yuzaga keltiradi. Yaqin Sharq mamlakatlari hukumatlari pandemiya borasida aholi salomatligini muhofaza qilish uchun tezkor choralarni ko‘rishga intilayotgan bo‘lsa-da, bu avtoritar rejimga asoslangan hukumatlarning hokimiyat tepasida qolishi uchun sabab bo‘la olmaydi.
2011 yilgi «Arab bahori» isyonlari va o‘tgan yildagi norozilik namoyishlaridan olingan saboq shuki, siyosiy kuchlarning barchasi ishtiroki ta’minlanmagan siyosiy tizim, korrupsiya, adolatsizlik va iqtisodiy nochorlik texnokratiyaga asoslangan rejimlar uchun majburlov kabi choralar muvaqqat chora. Pandemiyadan so‘ng Yaqin Sharq mamlakatlarida fuqarolarni boshqaruvda ishtirok etish tendensiyasi kuchayadi. Ayniqsa, Liviya, Yaman va Suriyada pandemiya bu mamlakatlardagi siyosatga halokatli ta’sir qiladi.
Liviya
Polkovnik Muammar Kaddafi davrida Liviyada sog‘liqni saqlash tizimi ancha zaiflashgan edi. Uning hokimiyatdan ag‘darilishidan to‘qqiz yil o‘tib, mamlakatda bir qator fuqarolik urushlari natijasida sog‘liqni saqlash tizimi yanada abgor holatga keldi. Korrupsiya esa tizimni yanada izdan chiqardi.
2019 yil aprel oyida boshlangan Xalifa Xaftarning xalqaro jamiyat tomonidan dastaklanayotgan bosh vazir Faiz as-Saroj hukumatini ag‘darish uchun Tripoliga qilgan zarbasi natijasida bir necha marotaba tibbiyot bo‘linmalariga hujum uyushtirildi. Dunyo hamjamiyati pandemiya bilan ovora bo‘lib qolayotgan bir vaziyatda Liviyada qurolli to‘qnashuvlar yanada avj olmoqda.
Ikkiga ajralib qolgan mamlakatda o‘zaro kurashuvchi raqiblar pandemiya sharoitida aholi salomatligini muhofaza qilish uchun yetarli darajada ishlar olib borayotgani yo‘q. Koronavirusning oldini olish uchun komendantlik soati va ommaviy yig‘inlarni taqiqlash bilangina koronavirusga qarshi kurashib bo‘lmaydi. Boz ustiga, neft narxining tushib ketishi, neft terminallarining Xaftar armiyasi tomonidan qamalga olinishi va dushmanlashayotgan elitaning o‘z jangarilariga haq to‘lashdan bosh tortayotgani kabi holatlar koronavirusga qarshi tadbirlarni samarasiz qilmoqda.

Harbiy amaliyotlar davrida niqob taqqan liviyalik jangarilar.
Foto: Getty Images
Mamlakatda siyosiy hokimiyat qurolli guruhlarga tobe ekan, mazkur guruhlar sog‘liqni saqlashdagi inqirozdan o‘z nufuz va ta’sirlarini yoyishda foydalanishi ham mumkin. Xaftar nazoratidagi jangarilar shimoliy Liviyadagi shifokorlarga koronavirus bilan bog‘liq vaziyat borasida haqiqatni aytgani uchun tahdidga uchramoqda. Liviyaning bir tumanida koronavirus aniqlanadigan bo‘lsa, u holda mazkur tumanning aholisi jangarilarning shafqatsizligiga ham duchor bo‘lishi mumkin.
Yaman
Liviya bilan solishtirganda Yamandagi vaziyat anchayin dahshatli tus oldi. Yamanda urush va kasalliklar simbioz holatda yashamoqda. Hozirgi zamonda Yamanda yuzaga kelgan vabo kasalligini tarqalishi Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiyaning Yamandagi shifoxonalarni, suv ta’minoti markazlarini havo hujumi nishoniga aylanishi natijasi hisoblanadi.
Harbiy amaliyotlar natijasida bugunda yamanliklar ocharchilikni boshidan kechirib, yamanliklarning hayoti bugunda xorijdan keladigan yordam va yoqilg‘i importiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Bugun Yamanda koronavirus bilan bog‘liq holat qayd etilmaganini, avvalo, mamlakatda virusni aniqlashga yordam beradigan testlarning mavjud emasligi bilan izohlash mumkin. Koronavirus pandemiyasi kuchayadigan bo‘lsa, yamanliklar koronavirus va ocharchilik o‘rtasida qolib ketadi.
Harbiy amaliyotlar Yamandagi sog‘liqni saqlash tizimini parokanda qildi, shifokorlar mamlakatdan qochib chiqmoqda. Virus tarqaladigan bo‘lsa, aholi zich yashaydigan mamlakatda yanada ko‘proq qurbonlar bo‘lishi, mamlakatda jangari guruhlar hokimiyatni o‘z qo‘liga olishi mumkin.
Suriya
Suriya ham o‘z tarixi mobaynidagi eng murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Assad rejimi va uning himoyachisi rasmiy Kreml qurolli kuchlari mamlakatda muxolifot qo‘l ostida bo‘lgan hududlarga havo zarbasi bermoqda. Natijada mamlakatda shifoxonalar vayron bo‘ldi. Uch million aholiga ega bo‘lgan Idlib viloyatida bor-yo‘g‘i 153 dona sun’iy nafas oldirish apparati mavjud. Suv ta’minotidagi uzilishlar, aholining o‘ta zich joylashuvi kabi holatlar Idlibda koronavirusdan vafot etadiganlar soni 100 mingdan oshib ketishini taxmin qilishga asos bo‘ladi.

Foto: Getty Images
Suriya iqtisodiyoti inqirozga yuz tutgan, Suriya lirasi esa qadrsizlanishda davom etmoqda. Koronavirus pandemiyasi boshlangunga qadar Suriyada iqtisodiy tanglik va tibbiy yordam olishning imkonsizligi sabab bir qator norozilik namoyishlari bo‘ldi. Hozirgi vaziyatda bunday noroziliklar yanada avj olishi mumkin.
Yaqin Sharq mintaqasining boy mamlakatlari ham neft narxining arzonlashuvi natijasida mashaqqatli davrlarni boshidan o‘tkazyapti. Sayyohlikni, logistikani va savdo-sotiqni rivojlantirish istiqbollari hozircha ko‘rinmayapti. Boy arab mamlakatlari mazkur iqtisodiy qiyinchilik davrida o‘z davlatlari budjetlarini cheklashga majbur bo‘lmoqda. Shunday bir vaziyatda boy arab mamlakatlari saxovatidan Misr, Marokash va Iordaniya kabi mamlakatlar mahrum bo‘lishi aniqroq bo‘lib qoldi. Koronavirus sabab bu mamlakatlarda yuzaga kelgan og‘riqli vaziyat biroz tinchigan, norozilik uyushtirayotganlar yangi kuch to‘plash uchun hozir karantinda yangi rejalar tuzayotgan hamdir.
Arab davlatlari rahbariyati qiyinchiliklar oldida bugun yakkama-yakka qolmoqda. Shunday og‘ir damlarda boy arab ko‘rfazi mamlakatlari, xalqaro tashkilotlar, AQSH va Yevropa Ittifoqi olib keladigan yordam bu safar bo‘lmaydi. Xalqaro tashkilotlar iqtisodiy qiyinchilikni boshidan kechirayotgan arab mamlakatlariga ma’lum miqdorda yordam bersa-da, ularning ham xalqaro resessiya kuzatilayotgan bir davrdagi mablag‘lari zaxirasi cheklangan. Yevropa Ittifoqi koronavirusdan misli ko‘rilmagan darajada aziyat chekmoqda. AQSH esa koronavirus sabab ichki siyosati bilan ovora bo‘lib qoldi.
Arab mamlakatlari hozircha vaziyatni o‘nglashi mumkin. Buning uchun kichik o‘zgarishlardan boshlab, mamlakatdagi siyosiy vaziyatni chuqur tubdan o‘ylab ko‘rish – boshqalarning qo‘li bilan olib borilayotgan siyosiy nizolardan voz kechish kerak.
Jahongir Ergashev tayyorladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar