O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov «CAFA Nations Cup-2025» musobaqasida Qirg‘izistonga qarshi uchrashuv arafasida o‘z fikrlarini baham ko‘rdi.
– Hammasi yaxshi, barcha ruhiy va jismoniy jihatdan tayyor. Ertangi o‘yinga jiddiy hozirlik ko‘ryapmiz, – dedi u suhbat davomida.
Shomurodovdan Turkmanistonga qarshi o‘tgan bahs haqida so‘rashdi. Uning ta’kidlashicha, o‘yinda ko‘proq gol urilmaganiga asosiy sabab omad yetishmagani bo‘lgan. – Yigitlar juda ko‘p harakat qildi. Eng muhimi – g‘alaba qozondik. Nasib qilsa, keyingi bahslarda gollar soni ko‘payadi, – dedi hujumchi.
Qirg‘iziston bilan bo‘ladigan to‘qnashuv haqida u shunday fikr bildirdi: – So‘nggi yillarda ularga qarshi ko‘p to‘qnashganmiz. Juda chayir va oxirigacha qarshilik ko‘rsatadigan jamoa. Biz uchun oson bo‘lmaydi, lekin finalga yo‘l olish uchun barcha imkoniyatni ishga solamiz. Albatta, muxlislarni xursand qilish muhim vazifa.
Eldorning aytishicha, o‘tgan finalda Eronga qarshi g‘alaba qozonish imkoniyati qo‘ldan boy berilgan. Bu safar esa maqsad faqatgina kubokni qo‘lga kiritish. – Avvalo Qirg‘izistonni ko‘proq gol urib ortda qoldirishimiz kerak, – dedi u.
Uzoq masofadan zarbalar haqida ham to‘xtaldi: – Bu vaziyatga bog‘liq. Har doim ham uzoqdan zarba berish samarali emas. Agar jamoadoshingiz qulayroq holatda bo‘lsa, unga to‘pni uzatish to‘g‘riroq. Bizning tarkibda uzoqdan kuchli zarba berishga qodir futbolchilar bor, lekin asosiysi – sherik uchun qulay imkoniyat yaratish.
Muxlislar stadionga kamroq kelayotgani haqida esa u shunday dedi: – Balki stadion ko‘pchilik uchun uzoq joyda joylashgandir.
Shuningdek, «Istanbul Bashakshehir» klubiga moslashish jarayoni ham yaxshi kechayotgani, Abbosbek Fayzullayev bilan birga o‘ynayotgani yoqimli taassurot berishi haqida qayd etdi. Soch turmagini o‘zgartirishi haqida esa quyidagicha izoh berdi: – Ilgari unga e’tibor qilmasdim. So‘nggi paytlarda parvarishga ko‘proq e’tibor qaratayapman, bu ham bir yangilik sifatida qabul qilinsa bo‘ladi.
Shomurodovning intervyusi muxlislarga jamoa oldida turgan asosiy maqsad – finalga yo‘l olish va g‘alaba uchun bor kuchni ishga solishdan iborat ekanini yaqqol ko‘rsatdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!