O‘zbekistonda avgust oyi uchun jami 4,2 mln nafar pensionerga 6,7 trln so‘m miqdorida pensiya to‘lab berildi. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi ma’lum qildi, deb xabar berdi.
Mamlakatdagi eng ko‘p pensionerlar Samarqand viloyatida 443,3 ming nafar, Farg‘ona viloyatida esa 494,1 ming nafar inson qayd etilgan. Avgust oyida mazkur hududlar uchun har biriga 700 mlrd so‘mdan ortiq pensiya mablag‘lari yo‘naltirilgan. Respublika miqyosida eng ko‘p pensiya Toshkent shahridagi pensionerlarga to‘langan, jami 823,9 mlrd so‘m. Pensiya jamg‘arma ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtda 371,9 ming nafar pensioner ro‘yxatdan o‘tgan.
Eng kam pensiya oluvchilar va mablag‘lar esa Sirdaryo viloyatida qayd etilgan — 107,2 ming nafarga 175,9 mlrd so‘m to‘langan. Shu bilan birga, Jizzax viloyatida ham ulush nisbatan past bo‘lib, 143,1 ming nafar pensiya oluvchiga 218,9 mlrd so‘m ajratilgan.
Qolgan hududlardagi to‘lovlar va pensionerlar soni quyidagicha:
Toshkent viloyati — 670,7 mlrd so‘m (377,9 ming nafar);
Andijon viloyati — 541,1 mlrd so‘m (391,8 ming nafar);
Qashqadaryo viloyati — 596,3 mlrd so‘m (376,7 ming nafar);
Namangan viloyati — 449,9 mlrd so‘m (328,7 ming nafar);
Buxoro viloyati — 433,2 mlrd so‘m (263,8 ming nafar);
Surxondaryo viloyati — 413,8 mlrd so‘m (281,6 ming nafar);
Xorazm viloyati — 349,8 mlrd so‘m (228,9 ming nafar);
Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 355 mlrd so‘m (222,9 ming nafar);
Navoiy viloyati — 289 mlrd so‘m (140 ming nafar).
Avvalroq ma’lum qilinganidek, ushbu ko‘rsatkichlar respublikadagi jami pensionerlar sonini to‘liq ifodalamaydi. O‘zbekistonda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tuzilmalaridan pensiyaga chiqqanlar hisobi va to‘lovlari alohida yuritiladi. Shuningdek, joriy yilning 28-avgust kuni mamlakat aholisi soni 38 mln kishidan oshgani ma’lum qilindi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!