date

Paxta narxlari yuzasidagi mish-mishlarga oydinlik kiritildi

Paxta narxlari yuzasidagi mish-mishlarga oydinlik kiritildi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «paxta terimi uchun 1 kilogrammiga 1 800 so‘m to‘lanadi» degan xabarlarga munosabat bildirdi. Rasmiy izohda ta’kidlanishicha, bu ma’lumot haqiqatga mos kelmaydi va hech qanday rasmiy hujjat bilan tasdiqlanmagan.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda paxta narxlari quyidagicha belgilangan:
– Mashina orqali yig‘ilgan paxtaning har kilogrammi uchun 1 373 so‘m to‘lanadi.
– Qo‘l mehnati bilan yig‘ilgan paxtaning har kilogrammi uchun esa 2 000 so‘mlik tavsiyaviy narx belgilangan. Shu bilan birga, terim davrida klasterlar, fermer xo‘jaliklari rahbarlari va terimchilar o‘rtasida o‘zaro kelishuv asosida haq to‘lash miqdori mustaqil ravishda belgilanishi mumkin.
– Paxta yetishtirish xarajatlarini qoplash maqsadida esa davlat byudjeti hisobidan har kilogramm uchun qo‘shimcha 1 000 so‘m subsidiya ajratiladi.
Vazirlikning ta’kidlashicha, bu tartib agrar sohada barqarorlikni ta’minlash, paxta ishlab chiqaruvchilar manfaatini himoya qilish va terimchilar mehnatini rag‘batlantirish maqsadida joriy qilingan.
«Shu bois, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan 1 kilogramm – 1 800 so‘m haqidagi xabar asossiz. Paxta narxlari haqidagi rasmiy ma’lumotlar faqat davlat manbalari orqali jamoatchilikka yetkaziladi. Turli taxminlar va tekshirilmagan axborotlar esa jamiyatda noaniqlik va turli talqinlarga olib kelishi mumkin», – deyiladi vazirlik bayonotida.
Shu munosabat bilan ommaviy axborot vositalari va blogerlarga murojaat qilinib, ma’lumot tarqatishda xolislikka amal qilish hamda jamoatchilikka noto‘g‘ri ma’lumot bermaslik so‘raldi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil kuzida qo‘lda yig‘ilgan paxtaning har kilogrammi uchun 2 500 so‘mdan haq to‘lanishi belgilangan edi. Bu yil esa narxlarda o‘zgarish kiritilgani rasmiy ravishda ma’lum qilindi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Paxta narxlari yuzasidagi mish-mishlarga oydinlik kiritildi