date
views 2 322

Dunyodagi vaziyat: Kasallanish holatlari soni 2 millionga yaqinlashmoqda, Britaniyada qo‘rqinchli statistika

Dunyodagi vaziyat: Kasallanish holatlari soni 2 millionga yaqinlashmoqda, Britaniyada qo‘rqinchli statistika
Foto: EPA/Vostock-photo
Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda koronavirusdan zararlanish holatlari ikki millionga yaqinlashmoqda. Ayni vaqtda AQSH epidemiya markazi bo‘lib turibdi, Qo‘shma Shtatlarda zararlanish holatlari soni 600 mingdan oshgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Yevropada kasallik tarqalishi tempi pasaya boshlagani haqida ma’lum qilgan; qit’adagi ayrim davlatlar karantin choralarini yumshatishni boshlagan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda virusdan zararlanish bilan bog‘liq holatlar soni 1 mln 988 mingdan oshdi, 125,6 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan, sog‘ayganlar soni 466 mingdan oshgan.

Nyu-York gubernatori Endryu Kuomo prezident Trampning qator shtatlarda karantinni bekor qilish niyati haqida aytgan fikrlariga keskin munosabat bildirib, AQSH prezidenti «mutlaq» vakolatga egalik qilmoqchiligini aytib o‘tdi.

«Men prezident nima haqida gapirganini tushunmadim. Bizda konstitutsiya bor. Konstitutsiyada bizda qirol yo‘q deyilgan. «Men butun mamlakat ustida hukmronlik qila olaman, chunki men prezidentman», deyish – haddan oshishdan boshqa narsa emas. Bu qirollarga xos odat. Bizda Jorj Vashington degan qirol bo‘lmagan, prezident Jorj Vashington bo‘lgan», dedi Kuomo Today Show tok-shousi efirida.

Nyu-York shtatida, dushanba kungi ma’lumotlarga ko‘ra pandemiyadan 671 kishi vafot etgan. Kuomo har kuni o‘rtacha 2 ming nafardan bemor shifoxonalarga olib kelinayotganini aytgan. AQSHda shu vaqtgacha Covid-19’dan halok bo‘lganlar soni 25,2 mingga yetgan.

Britaniya: har beshinchi o‘lim
O‘tgan hafta oxiridagi ma’lumotlarga ko‘ra, Angliya va Uelsda ro‘y bergan har beshinchi o‘lim Covid-19 bilan bog‘liq edi. Britaniyaning bu ikki hududida o‘tgan haftada jami 16 ming o‘lim qayd etilgan va bu holatlarning 3475tasi koronavirus tufayli ro‘y bergan.

Britaniyaliklar uyda qolishga chaqirilmoqda / GETTY IMAGES
Hozirda Buyuk Britaniyada virusdan zararlanganlar soni 93,8 mingdan, vafot etganlar soni 12,1 mingdan (bu statistika Shotlandiya va Shimoliy Irlandiyani ham o‘z ichiga oladi) oshdi.

Oy boshida Britaniyada Covid-19’dan o‘lim darajasi hozirgidan kamroq edi. 3 aprel kuni o‘sha haftadagi kunlik o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha rekord qayd etilgandi - 569 o‘lim. O‘shandan buyon kunlik o‘limlar soni kundan-kunga uzluksiz o‘sib kelmoqda: 9 aprel kuni 980 kishi vafot etdi, 14 aprel kuni 778 o‘lim haqida ma’lum qilindi.

16 ming o‘lim - bu bir haftada qayd etilgan eng yuqori o‘lim ko‘rsatkichidir. Milliy statistika byurosi vakili Nik Straypning so‘zlariga ko‘ra, bungacha odatda yilning bu mavsumida mamlakatda bir haftada o‘rtacha 10 ming o‘lim qayd etilardi.

Strayp raqamlarni «juda muhim» va «anormal» deba atagan, shu bilan birgalikda, u bu ortiqcha 6 ming o‘limning faqat yarmi koronavirus hissasiga to‘g‘ri kelishini qayd etgan.

Buyuk Britaniya budjet javobgarligi boshqarmasi (OBR) prognozlariga ko‘ra, bu kvartalda mamlakat iqtisodiyoti 35 foizga qisqaradi.
Bunday prognoz mamlakatdagi joriy karantin uch oyga cho‘zilishi mumkinligini hisobga olgan holda berilgan. OBR barcha cheklovlar bekor qilinganidan keyin iqtisodiyot o‘sishi tiklana boshlashini qayd etgan.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi esa seshanba kuni pandemiya Buyuk Britaniya iqtisodiyotida so‘nggi yuz yillikdagi eng chuqur retsesiyasini yuzaga keltirishi mumkinligini bildirgan.

Yevropa: «munozarali kartina»
Yevropaning ba’zi qismlarida kasallik tarqalishi sekinlasha boshladi, ayrim davlatlarda ko‘tarilish cho‘qqisidan o‘tilgani aytildi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rasmiysi Margaret Harris esa shoshilmaslikka chaqirmoqda.

Avstriyada ayrim do‘konlar ochildi, ko‘chada niqob taqib yurish majburiy / AFP
«Yevropadagi kartina umumiy emas. Biz avvaliga kasallik keng tarqalgan Ispaniya va Italiyada kasallik tarqalishi sekinlasha boshlaganini kuzatmoqdamiz. Lekin boshqa davlatlarda, masalan, Turkiya va Buyuk Britaniyada o‘sish davom etmoqda.

Agar dunyodagi vaziyat haqida gapiradigan bo‘lsak, kasallanish holatlarining 90 foizi Yevropa va AQSH hissasiga to‘g‘ri keladi», degan Harris.
U kasallik tarqalishi cho‘qqisi hali oldinda ekanini, vaksina esa bir yilgacha tayyor bo‘lmasligini aytib o‘tgan.

Bu hafta boshida Yevropaning bir qator davlatlari karantin choralarini bekor qilishni boshladi.
Dushanba kuni Ispaniya hukumati quruvchilar, zavodlar ishchilari va yana masofadan turib ishlayo olmaydigan bir necha toifadagi ishchi xodimlarga ishga qaytishga ruxsat berdi.

Ispaniya sog‘liqni saqlash vazirligi 14 aprel kuni 576ta o‘lim holati ro‘y berganini ma’lum qildi. Shu vaqtgacha mamlakatda 18056 kishi koronavirus qurboni bo‘ldi.

Italiya va Avstriyada ham karantin choralari yumshatildi, bu mamlakatlarda oziq-ovqat mahsulotlaridan boshqa mahsulotlar sotiladigan do‘konlarning bir qismi ochildi. Xususan, Italiyada kitob do‘konlari, kirxonalar, kimyoviy tozalash xonalari va bolalar uchun kiyimlar sotiladigan do‘konlar faoliyati tiklandi.

Italiyadagi bir qancha ixtisoslashgan kompaniyalar ham ishni qayta boshladiy, xususan, elektronika va qog‘oz ishlab chiqaruvchi korxonalar. Shu bilan birgalikda, ish joylarida qat’iy gigiyena qoidalariga amal qilinmoqda, ayrim hududlarda qat’iy karantin choralari saqlanib qolmoqda.

Qo‘shni Avstriyada 400 kvadrat metrdan kichik maydondagi do‘konlar faoliyatiga ruxsat berildi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) seshanba kuni karantin choralarini qisman bekor qilayotgan davlatlar uchun oltita tavsiya chiqardi.

Unga ko‘ra, davlatlar cheklovlarni olib tashlashdan oldin bir qator choralarga amal qilinganiga ishonch hosil qilishi kerak. Xususan, hukumat virusning odamdan odamga yuqishini, kasallanish bo‘yicha vaziyatni nazorat qila olishi lozim. Sog‘liqni saqlash tizimi virusning yangi tarqalishiga tayyor turishi, har bir Covid-19 holatini aniqlash, tekshirish, izolyatsiya qilish va davolash imkoniyatiga ega bo‘lishi, aholi esa virus xavfi haqida to‘la xabardor qilinishi kerak.

Shu bilan birgalikda odamlarga hamon uyda qolish tavsiya etilmoqda.

Rossiyada o‘sish davom etmoqda, Tbilisining yopilishi va Hindistonda og‘ir hafta
Rossiyada o‘tgan kunda Covid-19ga chalinish bilan bog‘liq yana 2774 holat qayd etildi, 22 bemor vafot etdi. Moskvada - 1 489, Moskva oblastida 460, Sankt-Peterburgda - 121, Komida - 97 holat qayd etilgan. Rossiyada jami holatlar soni 21 102ga yetgan, qurbonlar soni - 170 nafarni tashkil etmoqda.

Moskvada qat’iy karantin davom etmoqda / EPA
Gruziya bosh vaziri Georgiy Gaxariya koronavirus pandemiyasi munosabati bilan hukumat favqulodda holatni 10 maygacha uzaytirishini ma’lum qildi.

15 aprel kunidan kechki soat to‘qqizdan Kutaisi, Tbilisi, Batumi va Rustavi shaharlarida ko‘chaga chiqish taqiqlanadi. Gaxariyaning so‘zlariga ko‘ra, hozirda epidemiya qachon cho‘qqisidan o‘tishini aytib bo‘lmaydi.

So‘nggi bir kunda Gruziyada koronavirus yuqtirgan 24 kishi aniqlandi. Mamlakatda shu vaqtgacha qayd etilgan holatlar soni 296taga yetdi, 3 kishi vafot etgan.

Serbiyaning Nish shahrida politsiya qariyalar uyi direktorini qo‘lga oldi, bu yerda yashovchilarning 170 nafarida virus aniqlangan. Rahbar qariyalar uyida karantin qoidalariga amal qilinmagani uchun ayblanmoqda: bu yerga qarindoshlarning tashrifiga ruxsat berilgan va keksa kishilar ko‘chaga chiqishiga yo‘l qo‘yilgan. Endilikda unga 12 yillik qamoq jazosi tahdid solmoqda.

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi tomonidan 24 mart kuni e’lon qilingan qat’iy karantin choralari 3 mayga qadar uzaytirildi. Modining so‘zlariga ko‘ra, bu qaror shtatlar hukumatlari bilan kelishilgan holda qabul qilingan, u fuqarolarni karantin choralariga qat’iy amal qilishga chaqirgan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, yaqin vaqtlar ichida ayrim hududlarda karantin choralari yanada kuchaytirilishi mumkin. Shu bilan birgalikda, virus o‘chog‘iga aylanmagan hududlarda karantin choralari yumshatiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dunyodagi vaziyat: Kasallanish holatlari soni 2 millionga yaqinlashmoqda, Britaniyada qo‘rqinchli statistika