17:17 / 28.04.2020
2 886

«Dubay ma’muriyati – aqlli tuzilma ». BAAdagi pandemiya kurashi va o‘zbeklar haqida suhbat

«Dubay ma’muriyati –  aqlli tuzilma ». BAAdagi pandemiya kurashi va o‘zbeklar haqida suhbat
Isoqjon Abdujalilov
Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida istiqomat qilib kelayotgan, faoliyatini turli sohalar bilan bog‘lagan vatandoshimiz Isoqjon Abdujalilov bilan Kun.uz nashri pandemiya, iqtisodiy inqiroz va dunyo davlatlarida kuzatilayotgan ijtimoiy vaziyatlar haqida suhbat uyushtirdi. Isoqjon Dubaydagi iqtisodiy va ijtimoiy vaziyat, amirlikda yashayotgan o‘zbekistonliklar ahvoli va ularning yaqin kelajakdagi rejalari haqida ma’lumot berdi.

– Sizni tanishtirishda faoliyati turli sohalar bilan bog‘liq, deya ta’rif berdik. Shundan kelib chiqib, o‘zingiz haqingizda ko‘proq ma’lumot bersangiz.
– BAAning Dubay amirligida 2015 yil boshidan beri istiqomat qilib kelaman. Ko‘pchilik o‘zbeklar qatori bu davlatga turistik viza orqali kelganman va, dastlab, savdo sohasida ishladim. Keyinchalik bu yerda mavjud ko‘plab savdo markazlaridan birida xizmat ko‘rsatish sohasida ishlaganman.

So‘ng BAAning Fly Emirates aviakompaniyasida ma’lum muddat ishlashga muyassar bo‘ldim. Hozir yana savdo sohasida, inglizcha aytganda retail – chakana savdo bilan shug‘ullanmoqdaman.

– Isoqjon, bizga BAAning eng rivojlangan shaharlaridan biri – Dubayda pandemiya qanday boshlangani va qay tarzda davom etayotgani haqida ma’lumot bersangiz. Ayni paytda shaharda karantin talablari yumshaganmi?
– Albatta, dunyoning aksar hududlaridagi kabi BAAda ham karantin talablari ma’lum ma’noda yumshadi.

Dubay amirligining o‘zida yanvar oyining oxirida Xitoydan kelgan sayyoh oilada ilk koronavirusdan zararlanish holati qayd etilgan edi. Lekin bu vaqtda hali amirliklar kasallik tarqalishini cheklash uchun qat’iy cheklovlar joriy etmagan edi.

12 mart kuni xalqaro pandemiya vaziyati e’lon qilingandan so‘ng Dubayda ham boshqa davlatlar kabi qat’iy choralar ko‘rila boshladi. Dastlabki kasallik yuqtirgan oilaning kimlar bilan muloqotda bo‘lgani va qayerlarga borgani aniqlanib, muloqotda bo‘lganlar va tashrif buyurgan hududlari o‘rab olindi. Lekin o‘ta qat’iy cheklov holatlari vujudga kelgani yo‘q. Chunki BAA dunyodagi yirik turistik manzil va havo yo‘llari liniyalariga ega davlat hisoblanadi. Shuning uchun hududda birdaniga hamma narsa to‘xtab qolgani yo‘q. Kasallanish soni ortishi bilan choralar ham qat’iylashtirib borildi.

BAAda 26 aprel holatiga ko‘ra, 10 349 nafar zararlanish holati qayd etilgan. Ulardan 2000 nafarga yaqini sog‘aygan, o‘lim holatlari esa 76 tani tashkil etadi.

– O‘zbekistonda koronavirusga chalingan birinchi fuqaro aniqlangandan so‘ng cheklov choralari birdaniga qat’iylashtirildi. Dubayda cheklovlar kuchaytirilishi qay tarzda sodir bo‘ldi?
– Dubayda avval odamlar to‘planadigan joylar: ovqatlanish maskanlari, chilimxonalar, klublar faoliyati to‘xtatildi. Va ulardan keyin, 25 martda savdo markazlari faoliyati to‘xtatilib, Dubayda komendantlik soati e’lon qilindi. Bunda ertalab soat 06:00 dan kechki 20:00 gacha ko‘chaga chiqishga ruxsat berilib, boshqa paytda ko‘chaga chiqish taqiqlandi. Va Dubay ma’muriyati amirlik bo‘ylab sterilizatsiya- tozalash ishlarini boshladi. O‘z navbatida, Dubay BAAning boshqa hududlari uchun lokomativ vazifasini ham bajardi: boshqa hududlar ham amirlikdagi sterilizatsiyadan keyin o‘z hududlarida shunday ishlarni amalga oshirishni boshladi.

Aprelning boshlarida esa Dubay amirligida komendantlik soati 24 soatgacha davom etdi va bu vaqtda ko‘chaga chiqish butunlay taqiqlandi. Dubay ma’muriyatini aqlli tuzilma deb atash mumkin, chunki ular fuqarolariga onlayn ruxsatnomalar berishni tashkil qilishdi. Masalan, fuqaro mobil ilova orqali so‘rov yuborishi mumkin va ma’muriyat uni ko‘rib chiqib, zaruriy ehtiyojlar sabab, belgilangan soatlarda ko‘chaga chiqish uchun onlayn ruxsatnoma berdi. Biroq bu ruxsatnoma ham oxirgi muddatlarda 3 kunda bir martagina ko‘chaga chiqish imkonini berayotgan edi. Dubayda komendantlik soati 24 aprel holatiga ko‘ra, ancha yumshatildi.

Boshqa amirliklarda esa hozirgacha soat 08:00 dan 18:00 gacha komendantlik soati amal qilmoqda.

– Dubayda 3 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. Lekin shunday bo‘lishiga qaramay, hudud iqtisodiyoti mustahkam ildizlarga ega. Siz ta’kidlaganingizdek, hozir savdo nuqtalari yopilgan, aviakompaniyalar, bir qancha moliyaviy markazlar ham faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Sizningcha, ulardagi vaziyat tez orada o‘z iziga qaytadimi?
– Menimcha, butun dunyoda bo‘lgani kabi Dubayda ham tez orada hammasi o‘z holiga qaytadi, deyish fikridan yiroqman. Lekin Dubay o‘z iqtisodiyotini ushlab turish uchun yetarli ishlar qilmoqda. Masalan, Emirates aviakompaniyasi o‘z faoliyatini to‘xtatishi ma’lum miqdorda iqtisodiy yo‘qotish bo‘ldi. Bu vaziyatda Dubay amiri Shayx Muhammad bin Rashid al-Maktum boshchiligida kompaniyaga kvota berish tarzida moliyaviy yordam ko‘rsatildi. Ingliz tilida aytganda Financial injection tadbirlari ishlari amalga oshirildi.

Shuningdek, yirik kompaniyalar, xoldinglar o‘z xohishlari bilan davlatga, ishchilariga mavjud zaxiralari – aktivlari orqali yordam berishga harakat qilmoqda. Bu borada tahsinga sazovor ishlar qilayotgan kompaniyalar mavjud.

Lekin hammasi iziga tushadi, deyish fikridan yiroqman. Chunki sayyohlar oqimi yana qaytishi ehtimoldan uzoq. Bu juda ko‘p faktorlarga bog‘liq. Masalan, sayyohlar kelishi uchun ular yashab turgan hududlar ham ochilishi kerak. Biroq Dubay o‘z sayyohlarini manzillariga kuzatish jarayonida «Hali yana ko‘rishamiz», degan mazmunda xayrlashmoqda.

– Siz ham bevosita savdo sohasida ishlab kelmoqdasiz. Umuman, Dubayda istiqomat qiladigan o‘zbekistonliklarning turmush tarzida pandemiya sabab qanday o‘zgarishlar kuzatildi. Ularning fikrlari qanday?
– Ko‘pchilik Dubay rezidentlari kabi o‘zbekistonliklar ham, asosan, savdo, ovqatlanish maskanlarida, xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritadi. Ularning faoliyati esa hozir to‘xtagan. Bunday vaziyatda ba’zi kompaniyalar o‘z quvvatidan kelib chiqqan holda ma’lum xodimlariga pul to‘lanadigan ta’til berishdi.

Buning ham o‘z hisob-kitobi bor. Masalan, agar siz kompaniyada 6 oy va undan ko‘p ishlagan bo‘lsangiz, bunday ta’til olish huquqiga ega bo‘lasiz. BAAda ishchi vizasi 2-3 yil muddatga beriladi. Ba’zi tashkilotlar esa xodimlariga haq to‘lanmaydigan ta’til berdi. Ayrim kompaniyalar o‘z xodimlarini ishdan bo‘shatishga ham majbur bo‘ldi.

Va umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, Dubayda yashayotgan ko‘pchilik qatori o‘zbekistonliklar ham bu holatlardan jabr ko‘rdi.

– Bu payt oralig‘ida qisqa muddatda Dubayga yoki BAAning boshqa amirliklariga ish yoki sayohat yuzasidan borgan o‘zbeklar ham bor edi. Ularning ortga qaytishi yoki ma’lum muddat BAAda qolishi, ularning hujjatlari bilan bog‘liq muammolar qanday hal etilgani haqida ma’lumotga egamisiz?
– Bunday insonlar bilan hujjatlarga bog‘liq muammo kuzatilmadi. Chunki BAA pandemiya davrida turistik, ishchi yoki rezidentlik vizasi bo‘lishidan qat’i nazar, muddati tugagan vizalarni joriy yilning oxirigacha uzaytirib qo‘ydi. Bu ijobiy holat bo‘ldi, deb bemalol aytish mumkin.
Bundan tashqari, mamlakatdan chiqib ketishni xohlagan o‘zbekistonliklar uchun Dubayda joylashgan konsullik idorasi orqali charter reyslari tashkil qilindi.

Dubayda ilk marta 29 mart kuni O‘zbekiston fuqarosida koronavirus aniqlangan. Bu ma’lumot Dubay bosh konsulxonasining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida o‘zbekistonliklarga e’lon qilindi. Va konsullik doimiy ravishda o‘zbekistonliklarni ma’muriyat e’lon qilayotgan cheklov qoidalariga amal qilishga chaqirmoqda.

Ayni paytgacha qisqa muddatga kelgan o‘zbekistonliklarning Dubayda bo‘lib turganidan xabarim bor.

– Bu qisqa muddatda Dubayda ish joyidan ayrilib, vaqtincha daromadsiz qolib ketgan o‘zbekistonliklarga kim tomonidan va qanday yordam berilmoqda?
– Bunday shaxslarga Dubaydagi o‘zbekistonliklar ham yordam berishga harakat qildi. Lekin yordamga muhtojlar hali ham bor. Chunki Dubayda qachon hayot avvalgi iziga qaytishi, ularning yana ish topishi mavhum. Shuning uchun ayrim kopmaniyalar o‘z ishchilariga vataniga qaytib ketishi uchun chipta olib berishi ehtimoli bor, ayrimlarida esa yo‘q.

Aeroportlar may oyidan ochilishi kutilmoqda. Lekin eshitishimga ko‘ra, Abu-Dabi milliy havo yo‘llari aviakompaniyasi kechroq faoliyatini boshlashni reja qilgan.

Emirates aviakompaniyasi esa pandemiya davrida faoliyatini to‘xtatgan bo‘lsa-da, chet davlatlarda bo‘lib turgan amirlik fuqarolarini, rezidentlarini qaytarish uchun charter reyslar amalga oshirib turdi.
Ayni paytda ish o‘rniniyo‘qotgan o‘zbeklar, asosan, o‘zlarida mavjud zaxira mablag‘ asosida yashab turishibdi.

– Dubayda ishlab turganlarning ko‘pchiligi daromadini vatanga, oilalariga yuborar edi. Mana shunday shaxslar hozir qanday vaziyatda?
– Ko‘pchilik o‘zbeklar yo‘llar ochilgach vatanga qaytib ketishni reja qilmoqda. Lekin Dubay ma’muriyati ish o‘rinlarini saqlab qolish borasida sa’y-harakatlarini to‘xtovsiz davom ettirmoqda. Ish topish uchun ko‘mak beradigan tashkilotlar ham bunga yordam berishmoqda.

Dubay uchun vaqtincha yashovchi shaxslarning -rezidentlarning borligi ham muhim. Shuning uchun amirlik o‘z harakatlarini qilmoqda. Lekin bu tadbirlar hammani qamrab ola olmaydi. Va hozir 2 xil toifa: pandemiyadan keyin ish topib ketish umidida Dubayda qolishni rejalashtirayotgan va vatanga qaytishni xohlayotganlar guruhlari shakllanmoqda.

Ish topishda va ish o‘rnini saqlab qolishda raqobat katta rol o‘ynaydi. Chunki ko‘p yillik tajribaga ega odamlarning ham ish o‘rnini yo‘qotishi holatlari kuzatildi.

– Boshida savdo sohasigacha aviakompaniyada ham faoliyat yuritganingiz haqida aytdingiz, bu esa bizga qiziq. Chunki Dubayning tashrif qog‘ozi ham uning aviakompaniyasi hisoblanadi va dunyoda katta obro‘ga ega tashkilot sanaladi. Ayni paytda aviakompaniyada ishlar qanday tashkil etilmoqda?
– Menimcha, kompaniya katta yo‘qotishga uchramaydi. Chunki 2008 yildagi iqtisodiy inqirozda ham kompaniya hatto bir nafar xodimini ham ishdan bo‘shatmagan. Va bu kompaniya amirlik hukumati bilan bog‘liq, ikkalasi esa birgalikda katta ishlar qilishga qodir.

Emirates garchi yo‘lovchi tashish faoliyatini to‘xtatgan bo‘lsa-da, kargo xizmatlarini, yuk tashuv ishlarini to‘xtatgani yo‘q.
Hozir Emirates o‘zining iqtisodiy barqarorligini ma’lum miqdorda kargo xizmatlari orqali saqlab turibdi, deyish mumkin.

Bundan tashqari, ba’zi bir yo‘nalishdagi qatnovlar hanuz amalga oshirilmoqda. Masalan, London-Hitro yo‘nalishiga qatnovlar amalga oshirilmoqda. Bu ekipaj a’zolarini maxsus kiyimlar bilan ta’minlash va havo kemalarini maxsus stirilizatsiyadan o‘tkazish orqali amalga oshirilmoqda. Bu borada Dubay ilg‘or texnologiyalardan foydalanmoqda.

Dubay pandemiya boshlanishidan oldin ham jamoat joylariga termo-kameralar o‘rnatgan edi. Hozir esa ko‘p hududlarda aholini majburiy va bepul tarzda koronavirus uchun test qilish ishlarini amalga oshirmoqda.

– Hozirda Dubayda «Tez tibbiy yordam»ga talab qay darajada oshgan. Amirlikning o‘z fuqarolaridan tashqari chet el fuqarolarga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati qay darajada?
– Dubayda hech qachon odam ajratilmaydi. Xoh fuqaro bo‘lsin, xoh vaqtincha yashash huquqiga ega shaxslar yanvardan buyon hokimiyat tomonidan ularning bepul davolanishi haqida ma’lumotlar berildi. Hatto pandemiya boshlanishidan oldin davolash uchun hamma narsa tayyor ekani aholiga ma’lum qilingan edi.

– Butun dunyoda pandemiya sababli oziq-ovqatga bo‘lgan talabning oshishiga va narx-navoning ko‘tarilishiga, supermarket peshtaxtalari bo‘shab qolganiga guvoh bo‘ldik. Bu kabi holatlar Dubayda ham kuzatildimi?
– Ajablanarlisi, Dubayda bu kabi holatlar umuman qayd etilmadi. Faqatgina ayrim kichik dorixonalarda tibbiy niqoblarni topish bilan bog‘liq holatlar bo‘ldi. Biroq narz-navoda o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Dubayda qayerda narxning sun’iy ko‘tarilishi holati aniqlansa, tezda chora ko‘rilib, hatto yopib qo‘yishgacha borildi. Lekin Dubay amirligida bu kabi holatlar deyarli kuzatilmadi. Chunki hukumatnarx-navoni juda qattiq nazorat qilmoqda va yetarli oziq-ovqat zaxirasi ham mavjud, nazarimda.

– Pandemiya ta’sirida ko‘pchilikning rejalari, maqsad uchun qiladigan harakatlar yo‘nalishi o‘zgarmoqda. Sizningcha, bu sharoitda Dubay yana qayta kechagi Dubay bo‘la oladimi? Mahalliy aholining, sayyohlarning amirlikka nisbatan munosabati o‘zgaradimi?
– Menimcha, yo‘q. Chunki rezidentlarning hokimiyatga bo‘lgan ishonchi juda yuqori. Pandemiya davrida hukumat tomonidan maxsus mobil ilovalar ham yaratildi. Telefonimizga hukumat rahbarlaridan turli xabarlar, masalan, Ramazon bilan qutlov, ehtiyot choralarini ko‘rish tavsiyalari yuboriladi.

Hukumat fuqarolariga va rezidentlariga kelajakka umid bilan qarashni va hammasi yaxshi bo‘lishini ta’kidlab kelmoqda. Umuman, Dubayda kelajakka ijobiy qarash kayfiyati doim saqlanib qolgan.

Shuning uchun pandemiyadan keyin katta o‘zgarishlar bo‘lishiga unchalik ishonmayman. Dubay-ekspo ochilishini ham 2021 yilga kechiktirishdi.
Lekin hammasi yaxshi bo‘lishiga ishonamiz va umid qilamiz.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Dubay ma’muriyati – aqlli tuzilma ». BAAdagi pandemiya kurashi va o‘zbeklar haqida suhbat