Zelenskiy atrofidagi siyosiy bo‘rhon: Flinn talablari va Moskva ta’nasi

Ukraina siyosiy sahnasi yana xalqaro e’tibor markaziga aylandi. Sabab — AQSHning sobiq milliy xavfsizlik maslahatchisi Maykl Flinn hamda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning bir vaqtning o‘zida turlicha, ammo keskin bayonotlar berishi.
Flinn o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Ukraina rahbariyatiga nisbatan qattiq tanqid bilan chiqib, prezident Vladimir Zelenskiyni «omadsiz yetakchi» sifatida atadi va uni hamda uning atrofidagi turli shaxslarni hibsga olishni talab qildi.
Uning fikricha, Kiyevdagi vaziyat uzoqdan turib boshqarib bo‘lmaydigan darajada keskinlashgan va Vashington endi urushni to‘xtatishga qaratilgan aniq yo‘llarni izlashga majbur.
Flinn bu bilan chegaralanib qolmadi:
«Amerika tinchlikka erishishi shart. Agar kerak bo‘lsa kuch bilan, lekin tinchlik bo‘lishi kerak. Ukrainaga ajratilgan milliardlab dollarlar korrupsiyalashgan globalistlarning manfaatidagi ma’nosiz urushga sarflanmoqda», — deya tanqid qiladi u.
Shu orada Moskva ham o‘z munosabatini bildirdi. Dmitriy Peskov Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermakning lavozimidan ketishi va Kiyevdagi kadrlar o‘zgarishi fonida «jiddiy siyosiy inqiroz yuzaga kelayotganini» ta’kidladi.
Uning fikricha, Ukraina hukumatining uzoq vaqtdan buyon tanqid qilinayotgan korrupsiya amaliyotlari AQSH va Yevropadan kelayotgan moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qisqarishiga olib kelishi mumkin.
Peskov shuni ham qo‘shimcha qildiki, bu jarayonlar qanday tugallanishi haqida hozirgi paytda aniq prognoz qilish imkonsiz — natija bir necha yo‘nalish bo‘yicha keskin farq qilishi mumkin.
Xulosa shuki, Vashingtondan kelgan qattiq bayonot va Moskvadagi tahlillar Kiyevdagi siyosiy faollik yana yuqori bosqichga chiqqaniga ishora qilmoqda. E’tibor markazida esa Zelenskiy atrofidagi kadrlar o‘zgarishi va G‘arb yordamining kelajagi turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!