
Tailandda yuz bergan g‘oyat noodatiy voqea mamlakat ommaviy axborot vositalarida shov-shuvga aylandi — krematsiyaga tayyorlangan tobut ichida “o‘lgan” deb hisoblangan 65 yoshli ayol tirik holda topildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Nonthaburi provinsiyasidagi ibodatxona xodimlari tobutdan zaif taqillash ovozini eshitib, darhol uni ochishgan. Ochiq tobutda yotgan ayolning ko‘zlari yarim ochiq bo‘lgani va u qopqoqni taqillatgani aytiladi.
Ayolning akasi ma’lum qilishicha, u ikki yildan beri og‘ir bemor bo‘lib, bir necha kun avval nafas olmayotgandek ko‘ringan. Shu bois uni donorlik uchun Bangkokdagi shifoxonaga olib borishgan, ammo rasmiy o‘lim guvohnomasi yo‘qligi sabab qabul qilinmagan.
Shundan so‘ng tobut ibodatxonaga olib kelingan, lekin bu yerda ham hujjatlar mavjud emasligi uchun krematsiya bajarilmagan. Xodimlar marosim tartibini tushuntirib turganida tobut yana taqillab, odamlar hushidan ketay degan.
Ayol shoshilinch kasalxonaga yetkazilgan va shifokorlar unda og‘ir gipoglikemiya — qondagi qand keskin tushishi bo‘lganini aniqlagan. Aslida uning yurak va nafas olish faoliyati to‘liq to‘xtamagan ekani tasdiqlangan.
Ibodatxona ma’muriyati ayolning tibbiy xarajatlarini o‘z zimmasiga olgani aytilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.