19:45 / 08.05.2020
3 007

Rossiya: Koronainqirozning plyus va minuslari

Rossiya: Koronainqirozning plyus va minuslari
Foto: Getty Images
Rossiya koronavirus bilan Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga nisbatan ancha kech ro‘baru bo‘ldi. Ammo epidemiya jiddiy qabul qilinmagani va boshqa ba’zi omillar kunlik virusga chalinish holatlarining 10 mingdan oshib ketishiga sabab bo‘ldi. Ushbu qo‘rqinchli raqamlar esa inqirozning dahshatli manzarasini chiza boshladi.

Rossiya – e’tibor markazida
2020 yil boshidan e’tiboran yangi turdagi koronavirusga qarshi kurash eng katta global muammoga aylandi. Agar bugungi kunga qadar sodir bo‘lgan voqealarga nazar tashlansa, dunyo, aslida, ushbu epidemiyaga tayyor emasligi va har bir mamlakat virusga qarshi o‘z imkoniyati va uslubi bilan kurashayotganini ko‘rish mumkin.

Hatto Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ham ushbu balo qarshisida ojiz qoldi. So‘nggi yillarda xalqaro maydondagi muammolarga shunchaki munosabat bildirish, bayonot berish bilangina kifoyalanib kelayotgan BMT ham bu borada e’tirofga arzigulik biror ishni qoyillata olmadi. Qolaversa, Covid-19’ning o‘limchil soyasi ostida qolgan Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi natijasida yuzaga kelgan kemtik kelgusida global siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy muvozanatda jiddiy o‘zgarishlar yuzaga kelishiga ishora qilmoqda.

Bugungi kunda sayyorada Turkmaniston, Shimoliy Koreya, Lesoto va bir necha orol davlatni hisobga olmaganda, koronavirus tajovuziga duchor bo‘lmagan davlat qolmadi. Albatta, ushbu jarayonda ba’zi davlatlar ko‘proq, ba’zilari esa kamroq yo‘qotishga uchradi. Hukumatlar tomonidan qabul qilingan qarorlar ham turlicha bo‘ldi. Ayniqsa, Rossiya so‘nggi kunlarda virus shiddat bilan yoyilayotgan mamlakat sifatida dunyo afkor ommasi e’tibor markazida bo‘lib turibdi.

Raqamlar ortishining qanday sabablari bor?
Agar Xitoy-Rossiya chegarasi 4 ming kilometrdan ko‘proq masofani tashkil qilishini, qolaversa, virusning «vatan»i Xitoy ekanini hisobga olsak, Rossiyadagi bu holat, aslida, oldinroq ro‘y berishi mumkin edi. Rossiya yanvar oyida Xitoy va Mo‘g‘uliston bilan chegaralarini yopdi. Aytish mumkinki, ushbu qadam Covid-19 bilan «uchrashuv»ni keyinga surdi. Shu bilan birgalikda, Rossiya boshqa davlatlar bilan chegaralarini 30 martga qadar ochiq qoldirdi. Bu esa aprel oyining ikkinchi yarmidan mamlakatda koronavirus keng miqyosda tarqalishiga sabab bo‘ldi. Xo‘sh, kunlik holatlar soni 10 mingdan kam bo‘lmayotgan Rossiyada raqamlar tobora yuqorilab borayotgani yana qanday omillar bilan bog‘liq?

Covid-19 grippning bir turi sifatida baholandi
Rossiyada dastlab ushbu kasallikka chalinganlar odatiy shamollash yoki gripp, deb baholandi. Natijada kerakli chora-tadbirlar ko‘rilganiga qaramay, xalq Covid-19’ni jiddiy qabul qilmadi. Ya’ni xuddi Skandinaviya mamlakatlarida bo‘lgani kabi koronavirus grippning bir turi sifatida qabul qilindi.

Epidemiya fitna nazariyalariga bog‘landi
Shuningdek, ba’zi ruhoniylarning ommaviy marosimlarni davom ettirishi, ayrim doiralarda esa epidemiyani fitna nazariyalariga bog‘lashga urinilgani pirovardida ruslarning jarayon bilan bog‘liq asl haqiqatni anglab yetishiga to‘sqinlik qildi. Zotan, Rossiyada har yil qish oylarida ko‘plab insonlarning gripp va shamollashdan vafot etishi, qolaversa, statistikaga ko‘ra, Covid-19 o‘lim darajasining 2 foiz ekani ham ruslarni g‘aflatda qoldirdi.

Har bir ma’muriy hudud alohida va farqli choralar ko‘rmoqda

Foto: Dmitriy Serebryakov/TASS
So‘nggi kunlarda Rossiyada virusga chalinish holatlari ko‘payishining yana bir sababi esa davlatning ma’muriy tuzilmasidan kelib chiquvchi Covid-19’ga qarshi kurash usulidir. Ya’ni Rossiyaning har bir ma’muriy viloyati epidemiyaga qarshi kurashishda o‘z uslubidan foydalanmoqda, alohida va farqli choralar ko‘rmoqda. Ba’zi hududlar iqtisodiy jihatdan yetarli resurslarga ega emasligi sababli virusga qarshi kurashda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelyapti.

Ustiga ustak, shaharlararo transport harakati taqiqlanmagani uchun turli mintaqalarning farqli chora-tadbirlari, umumiy miqyosda olganda, mamlakatga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Cheklovlar tezda bekor qilindi
Aytish mumkinki, virus bilan bog‘liq holatlar soni ortishiga qarshi ko‘rilgan chora-tadbirlar juda qisqa muddatdan so‘ng bekor qilingani ham sabab bo‘ldi. Holatlar soni ortib borayotgan bir paytda ba’zi hududlarda chora-tadbirlar yumshatilishi, savdo markazlari va sartaroshxonalar ochilishi, niqob taqish majburiy emasligi kabi omillar umumiy vaziyatga jiddiy salbiy ta’sir o‘tkazdi.

Bemorlarning yarmidan ko‘pi Moskvada

Moskva meri Sergey Sobyanin Novaya Moskvadagi yangi infeksion shifoxonada
Foto: Vladimir Gerdo/TASS

Rossiyada koronavirusga qarshi kurashishni qiyinlashtiradigan yana bir nuqta – virusga chalinish holatlarining yarmidan ko‘pi poytaxt Moskvada aniqlanganidir. Tabiiyki, bu hol poytaxt shifoxonalari ishini yanada murakkablashtirmoqda.

Qolaversa, uzoq yillar davomida Rossiya sog‘liqni saqlash tizimida muammolar yig‘ilib qolgan edi. Garchi Vladimir Putinning energiya manbalari narxi yuqori bo‘lgan ikkinchi prezidentligi davrida (2004-2008 yillar) sog‘liqni saqlash, aholi sonining ko‘payishi kabi muhim sohalarga investitsiya kiritilganiga qaramay, tibbiyot sohasidagi ayrim muammolar bartaraf etilmadi. Masalan, 2019 yil oxirida ko‘plab shaharlarda tibbiyot xodimlari ish haqi kamligi sababli iste’foga chiqishdi va norozilik namoyishlarida ishtirok etishdi. Bu ham tabiiy ravishda Covid-19’ga qarshi kurashda salbiy ta’sir o‘tkazmoqda.

O‘limlar soni nisbatan kam. Nega?
8 may holatiga ko‘ra, Rossiyada koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq holatlar soni 188,7 mingdan oshgan bo‘lsa-da, vafot etganlar soni nisbatan kam - 1723 o‘lim. Buni Rossiyaning shunga o‘xshash kasalliklarga qarshi kurashda tajribaga egaligi va shifokorlar sovet tibbiy ta’lim tizimining merosxo‘ri ekani bilan izohlash mumkin.

G‘arb matbuoti Rossiyadagi o‘limlar soni asl haqiqatni aks ettirmasligini ham aytmoqda. Virusga chalinish holatlari tez sur’atda o‘sib borayotganiga qaramay, Rossiyadagi vaziyat AQSH va ba’zi Yevropa davlatlaridagi kabi ayanchli holda emas.

Koronavirus iqtisodiyotga zarba berdi
Ta’kidlash joizki, koronavirus epidemiyasi boshqa mamlakatlar qatori Rossiya iqtisodiyotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniq. Neft narxi keskin pasayib ketishining ayni mana shu davrga to‘g‘ri kelgani ham Rossiyaning ishini yanada qiyinlashtirmoqda.

Ma’lumki, Rossiya o‘z daromadining katta qismini energiya manbalari va harbiy texnologiyalar eksportidan oladi. Shu ma’noda, neft narxi sezilarli darajada pasayishi Rossiya iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir qiladi, deb aytish mumkin. Covid-19 tufayli qo‘llangan cheklovlarni olib tashlashga tezda kirishilgani ham, aslida, iqtisodiyotning yanada katta zarba ostida qolishining oldini olish uchun qilingan harakatdir.

Nazarimizda, Rossiya oldingi yillarda neft va tabiiy gazni sotishdan olgan va 2020 yil aprel oyi hisobi bo‘yicha 165 milliard dollarni tashkil etuvchi daromaddan kelgusi davrda foydalanishga kirishadi.

Kreml tantanaga tayyorgarlikni boshlab yuborgandi, ammo…

Hududlarda izolyatsiyada bo‘lgan keksalar yashovchi uylar yaqinida konsertlar uyushtirilmoqda
Foto: Yegor Aleyev/TASS

Epidemiya Rossiyaning ichki va tashqi siyosatiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Masalan, mart oyida Rossiyada prezidentlik muddatini cheklovchi Konstitutsiya moddasi bekor qilinishi masalasida rejalashtirilgan referendum bekor qilindi. Shubhasiz, ushbu referendum bo‘lib o‘tadi va taklif qilingan tuzatishlar hech qanday muammosiz qabul qilinadi. Ammo bugun Vladimir Putinni qo‘llab-quvvatlash darajasi 60 foizdan oshgan bo‘lsa-da, sog‘liqni saqlash islohoti va ijtimoiy farovonlikni ta’minlash dasturlarini hayotga tatbiq etish vaqti allaqachon yetib keldi.

Koronavirus tufayli bekor qilingan yana bir muhim tadbir – har yili 9 may kuni o‘tkaziladigan Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligidir. Ta’kidlash joizki, Kreml bu yilgi tantanalarga juda katta e’tibor qaratayotgandi. Buning ikkita muhim sababi bor: birinchidan, urushda qatnashib, omon qolganlarning soni yildan yilga kamayib bormoqda, ya’ni urushda jang qilgan askarlar g‘alabaning 100 yilligini nishonlashda qatnasha olmasligi aniq. Qolaversa, Ikkinchi jahon urushi natijalari uni talqin qilishdagi turli yondashuvlar tufayli Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi yangi «Sovuq urush» davrida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuning uchun Moskva tantanaga tayyorgarlikni allaqachon boshlab yuborgan va dunyoning barcha rahbarlarini ushbu bayramga taklif qilgandi.

Har yomonning bir yaxshisi bor

Foto: Sergey Bobilev/TASS
Albatta, epidemiyadan so‘ng hayot nisbatan normal holatga qaytganida Rossiyaga foyda keltiradigan jihatlar ham yo‘q emas. Yuqorida aytib o‘tilganidek, hozirda Yevropa Ittifoqidagi kemtiklar tobora kengayib bormoqda. Zotan, Rossiya bilan munosabatda YEI allaqachon ikki blokka ajralib bo‘lgan. Ushbu masala bo‘yicha fikriy tafovutlar ortib borishi bilan Rossiyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar ham asta-sekin bekor qilinishi mumkin. Bunda Rossiyaning Italiyaga va hatto AQSHga «Rossiyadan muhabbat bilan» loyihasi doirasida yuborgan yordami katta rol o‘ynashi aniq.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘z iqtisodiyotlarini tezroq oyoqqa qo‘yib olish uchun 145 millionlik bozorga yana qaytishni istab qolishlari mumkin. Zotan, hozirdanoq ittifoq rasmiylari sanksiyalarni bekor qilish kerakligini ta’kidlay boshlashdi. Qolaversa, Rossiyaning YEIdagi eng katta raqibi – Buyuk Britaniyaning ittifoqdan rasmiy ravishda ajralib chiqqani va o‘tish jarayonining boshlanishi ham Rossiya va YEI o‘rtasidagi munosabatlarga ijobiy ta’sir o‘tkazadi.

Shubhasiz, javob keladi
Kelgusi ikki hafta davomida Rossiyani og‘ir kunlar kutmoqda. Milliy iqtisodiyot nuqtayi nazaridan, ehtimol, bu davr oylar, hatto yillar bilan o‘lchanar. Ammo bir haqiqatni ham e’tirof etish lozim: Rossiya harbiylarining Italiya ko‘chalarida italyan hamkasblari bilan birga Covid-19’ga qarshi birga kurashganlari, shubhasiz, o‘zining ijobiy javobini oladi.

Otabek Tillayev tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya: Koronainqirozning plyus va minuslari