21:27 / 22.05.2020
2 327

Xitoy taraqqiyoti O‘rta Osiyo va Yaqin Sharqqa qanday ta’sir qildi?

Xitoy taraqqiyoti O‘rta Osiyo va Yaqin Sharqqa qanday ta’sir qildi?
Foto: Google Photos
Bugungi kunda Xitoydagi ilmiy-industrial sivilizatsiyaning fantastik ravishda o‘sishi kishini lol qoldiradi. Jahondagi maishiy texnikaning yarmisini ishlab chiqaradigan dunyo fabrikasiga aylangan mamlakat boshqa davlatlar iqtisodiyotiga ham ta’sir o‘tkazib kelmoqda. «Daryo» kolumnisti, rossiyalik siyosatshunos Mixail Magid Xitoy va uning kelajagiga bog‘liq dunyo iqtisodiyoti haqida fikr yuritadi.

So‘nggi 20 yil ichida bu mamlakatda ulkan shaharlar barpo qilindi. Lekin gap faqat yirik osmono‘par binolar va tezkor trassalarda ham emas. XXR so‘nggi 40 yil mobaynida o‘sish sur’atlarini yiliga sakkiz foizdan pasaytirmay kelayapti (oxirgi yillarda o‘sish sekinlashdi) va u jahondagi maishiy texnikaning yarmisini ishlab chiqaradigan dunyo fabrikasiga aylandi.

Ko‘pchilik AQSH antibiotiklar bozoridagi Xitoyning ulushi 95 foizni tashkil qilishini va ularning aksariyat tarkibiy qismlari Amerikaning o‘zida ishlab chiqarilmasligini yaqindagina bilgach, muayyan dilxiraliklarga yo‘liqdi. Hozirda AQSHning eng katta xavotir olayotgan narsasi shuki, bunday yuqori o‘sish sur’atlari bilan XXR tez orada zamonaviy Gonkongning gigant variantiga aylanadi va ushbu iqtisodiy maxluq hammani, jumladan, AQSH iqtisodiyotini ham «yanchib» tashlaydi (Jon Meyershaymer).

Boshqa tahlilchilar (Minksin Pey) Xitoydagi kapitalizmning kuchsiz ekanini ta’kidlamoqda: AQSH, Yaponiya va Germaniyaga nisbatan texnologik jihatdan bir necha yilga (agar bir necha o‘n yilga bo‘lmasa) orqada qolgani, Xitoy kompaniyalarini va davlatning o‘zini ham juda katta qarzlari borligi (YAIM dan 3-3,5) bu fikrga asos bo‘lar ekan. Samarasiz va zararga ishlovchi davlat korxonalari deyarli 30 trillion dollardan iborat aktivlarni nazorat qiladi va mamlakatda mavjud bo‘lgan kredit mablag‘larining taxminan 80 foizini iste’mol qiladi, biroq ular YAIMdan taxminan 23 foizdan 28 foizigacha bo‘lgan ulushini beradi, xolos.

Yana bir fundamental ziddiyat esa – Si Szinpinning shaxsan hukmronligi o‘rnatilgani, markazlashuvning kuchayayotgani hamda amalda mamlakat qo‘lda boshqaruv rejimiga o‘tgani bilan bog‘liqdir. Yaqin o‘tmishda XXRni hokimiyatni o‘zaro taqsimlab olgan bir necha klanlar (taxminan 7 yoki 8) va guruhlarning boshida turuvchi keksa partiya rahbarlari tomonidan boshqarilar edi. Hech qayerda rasman belgilab qo‘yilmagan ushbu norasmiy mexanizm mamlakatning butun siyosatini belgilardi. Uni Xitoy ustidan butun hukmronlikni o‘z qo‘liga jamlagan va partiya va davlatning barcha muhim strukturalariga o‘z tarafdorlarini qo‘yib, mustaqil klanlarni esa yo‘q qilgan Si Szinpin tomonidan yo‘q qilindi.

Koronavirus epidemiyasini jilovlash uchun uning eng erta bosqichlarida Xitoy jiddiy choralar ko‘rmaganining ehtimoliy sabablaridan biri shuki, XXRda juda kamdan kam hollardagina muhim qarorlarni Si Szinpinning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’qullashisiz ham chiqarilishi mumkin xolos. Bunday sharoitda barcha vakolat favqulodda ravishda bitta odamning qo‘lida jamlangani va uning chegaralangan kompetentligi muhitida xatolarini bartaraf etishning mushkulligi (chunki xatoning tan olinishi hokimiyat tepasida bo‘lgan kuchli odamning shaxsiy obro‘siga putur yetkazishi mumkin) sababidan amalda xatolarning ko‘payishi ehtimoli ortadi.

Foto: Google Photos
Yana boshqa keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy muammolar ham mavjud, bular – aholining tez qarishi (demakki, iqtisodiyotga soliq yukining ortishi), sanoatning keskin o‘sishining ekologiyaga vayronkor ta’siri kabilardir. Koronavirus bilan bir qatorda, Amerikaning Xitoy eksportini cheklashga qaratilgan sanksiyalari, mamlakat iqtisodiyotiga o‘sish sur’atlarining pasayishi xatarini solmoqda.

Xitoydagi rejim saylovlar orqali legitimlashga va hukumatdagi oligarxlar guruhlarini almashtirishga qodir mexanizmga ega emas. Uni aholi oldidagi oqlab turgan yagona narsasi – iqtisodiyotning tez sur’atlarda o‘sayotganidir. Ayrim tahlilchilar (Banko Milanovich) bu holatni Xitoy kapitalizmining yutug‘i deb qaraydi: diktatorlik usullari bilan boshqaradigan kompartiya iqtisodiyot o‘sib turgan paytda aholining qo‘llab-quvvatlashiga ega bo‘ladi (siyosiy kapitalizm terminining ildizi shunda) va shu sababli ham u o‘sish sur’atlarini ta’minlashdan manfaatdor bo‘lib, muttasil o‘sishni ta’minlash uchun hamma narsani qiladi (Xitoyda allaqachon kapitalizm barpo qilingan va ko‘plab milliarderlar oliy martabali partiya a’zolarining oilalari bilan aloqador hisoblanadi).

Lekin sistemaning zaif tarafi ham aynan shu yerda – o‘sish to‘xtab qolsa, bu ertami, kechmi baribir sodir bo‘ladi, ehtimol, allaqachon sodir bo‘lgandir, – Xitoyni g‘alayon va inqiloblar kutib turibdi. Bu mamlakatda rasmiy kasaba uyushmalaridan tashqari boshqa har qanday kasaba uyushmalari taqiqlangani sababli xitoylik ishchilar norasmiy guruhlarga birlashgan holda noroziliklar uyushtiradi (rasmiy kasaba uyushmalari esa hukumat nazorati ostida ishlaydi va odatda, ish tashlashlarni qo‘llab-quvvatlamaydi). Ushbu qudratli ishchilar harakati kelajakda mamlakatdagi ahvolni o‘zgartirishga qodir.

Xitoyning jadal sur’atlar bilan rivojlanishining sabablaridan biri – kapitalistik globalizatsiyadir. G‘arbdagi kompaniyalar o‘z ishlab chiqarishlarining ulkan qismini XXRga ko‘chirishgan, chunki bu yerda ishchilarga ancha kam haq to‘lash mumkin. Bu orqali ular AQSH, Fransiya va Britaniyaning avvalgi sanoat hududlarini endilikda ishsizlik, giyohvandlik va faqat vaqtinchalik ish topish mumkin bo‘lgan ijtimoiy tanazzul hududlariga aylantirdi.

Foto: Google Photos
Ishidan ayrilgan odamlarning kallasini band qilish uchun esa ularga Greta Tunbergdan iqtiboslar keltiradigan hamda hezalaklarning o‘zaro nikohlarini rasman qayd qilish kerakmi yoki yo‘q degan mavzulardan keskin bahslar tashkillaydigan kuchli tashviqot mashinasini ishga soldi. Birlamchi, dolzarb masalalardan odamlarni chalg‘itib, ularning diqqatini shu kabi ikkinchi darajali masalalarga qaratish bu – propaganda shakllaridan biri hisoblanadi, lekin uning ildizlari sanoatni Xitoyga ko‘chirilishi jarayonlari bilan chambarchas bog‘liqdir.

Shu tariqa, Xitoyning rivojlanishi dunyoni qay darajada o‘zgartirganini ko‘rish mumkin. Bu o‘zgarishlar, shuningdek, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq davlatlariga ham, albatta, ta’sir qilgan. XKP (Xitoy kommunistik partiyasi) rahbariyati, umumiy aholisi soni besh mlrd kishidan iborat bo‘lgan ushbu barcha geografik hududni Yevropa va Afrikagacha cho‘zilgan savdo yo‘llari orqali yagona umumiy bozorga birlashtirmoqchi. XXR yagona Yevrosiyo loyihasini yaratmoqda va faqat uni ifodalash uchun «Makon va yo‘l» terminologiyasini qo‘llayapti xolos.

Gap neft va gaz quvurlari, dengiz va havo portlari, quruqlik va dengiz kommunikatsiyalarini o‘z ichiga olgan global tizim ustida bormoqda va u Xitoyga kamida bir trillion dollarga tushadi. Tayinki, bunga parallel ravishda Xitoyning siyosiy ta’siri ham ortib boradi – ko‘plab yo‘llar va portlar Xitoyning xususiy va davlat investorlari bilan birgalikda egalik qilish huquqi ostida bo‘ladi va ularni xitoylik muhandis va menejerlar boshqaradi. Ko‘p sonli dengiz portlari ikki xil maqsadli - harbiy va fuqarolik portlari bo‘ladi va ular Xitoyning harbiy dengiz floti bazasiga aylanadi.

Biroq ayrim tahlilchilar, xususan, Stiven Kotkin ushbu loyihaning iqtisodiy samarasiga shubha bildirmoqda. Xitoyning «Makon va yo‘l» dasturi doirasida qator mamlakatlarga hotamtoylik bilan tarqatib chiqqan o‘nlab milliard dollarlik kreditlarini qaytarishning o‘zi qiyin ish ekan. Boz ustiga, jahon va XXR iqtisodiyotining koronavirus epidemiyasi sharoitidagi keyingi rivojlanish istiqbollari ham mavhum bo‘lib qolmoqda.

Foto: Google Photos
Shunga qaramay, AQSHdan farqli o‘laroq, XXR hozirgi paytda Pekin bilan hamkorlik qilayotgan mamlakatlarga nisbatan qat’iy siyosiy talablar qo‘ymayapti. Bu esa Qozog‘iston va O‘zbekiston singari mamlakatlar o‘zi orqali o‘tadigan kuchli tranzit-transport yo‘laklarini yaratish uchun amalda XXRning investitsiyalariga umid bog‘lashlari mumkinligini anglatadi. XXR yo‘llar qurilishiga investitsiyalar kiritish bilan bir qatorda, mahalliy bozorlarni va foydali qazilmalarni o‘zlashtirishga hamda mahalliy kompaniyalar bilan birgalikdagi qo‘shma korxonalar tashkil qilishga, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotiga keng ko‘lamli investitsiyalar kiritilishga ham qiziqmoqda.

Bularning barchasi Xitoyning yirik miqyosli yagona bozor tashkil qilish borasidagi strategiyasining bir qismi sifatida qaralishi mumkin va unda, albatta, strategik o‘rinlarni Xitoyga tegishli xususiy kapital va davlat kapitali egallab oladi. Lekin bu narsa bir vaqtning o‘zida Qozog‘iston va O‘zbekistonda ham iqtisodiy o‘sishga turtki berishi ham mumkin.

Umuman olganda, Xitoyning infrastruktura ob’ektlari va boshqa ob’ektlarning qurilishiga yo‘naltirilgan investitsiyalari mintaqa iqtisodiyoti uchun sezilarli effektga ega. Qozog‘istonlik o‘lkashunos Ruslan Izimovning qayd etishicha, agar Markaziy Osiyodan, xususan, O‘zbekiston hududidan Pekinni Fors ko‘rfazidagi va Yevropadagi strategik sheriklari bilan bog‘lovchi Xitoy uchun hayotiy muhim bo‘lgan transport arteriyalari o‘tadigan bo‘lsa, unda Xitoyning o‘zi «Makon va yo‘l»ning ushbu qismidagi barqarorlikdan manfaatdor bo‘ladi. Bu holatda Xitoy mintaqadagi iqtisodiy barqarorlikni ham ta’minlashdan manfaatdor bo‘ladi va ehtimolki, inqiroz holatlari kelib chiqqan taqdirda buning uchun sezilarli mablag‘larni ajratadi. Xitoy o‘zining dunyodagi siyosiy va harbiy ta’sirini kuchaytirishga intilayotgan bo‘lsa-da, uning Markaziy Osiyo, shuningdek, Yaqin Sharq borasidagi siyosati ehtiyotkorona va pragmatik bo‘lib qolmoqda.

XXR musulmon arab mamlakatlari bilan aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor. U Fors ko‘rfazidagi boy investorlar bilan hamkorlikka umid qilmoqda va o‘zi xarid qiladigan neftning asosiy qismini ham o‘sha yerdan sotib olmoqda. Xitoyda hukumatning Shinjondagi musulmon aholi bilan o‘zaro ziddiyatlari tufayli yuzaga kelgan muammolar, oqibatda, Yaqin Sharqdagi va Markaziy Osiyodagi musulmon mamlakatlar bilan XXRning munosabatlari yomonlashishiga olib kelishi kutilgan bo‘lsa-da, lekin hozirgi vaqtda bu narsa sodir bo‘layotgani yo‘q. Aftidan, Xitoyning pullari diniy xarakterdagi qarashlardan ustunroq bo‘lib chiqqan bo‘lsa kerak.

Foto: Google Photos
Pragmatizmga tarafdorlikni namoyish qilgan holda XXR Saudiya Arabistoni bilan ham va uning asosiy raqobatchisi bo‘lgan Eron bilan ham hamkorlik olib bormoqda va ular Eron bilan birga 2019 yilda hamkorlikdagi harbiy-dengiz mashg‘ulotlarini ham o‘tkazgan. Umuman olganda, Amerikaning sanksiyalaridan cho‘chigani tufayli Xitoy hozirda Eron bilan iqtisodiy hamkorlikni pasaytirmoqda.

Bir vaqtning o‘zida XXR Isroil bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlamoqda. Isroil ilmiy-texnik nuqtai nazardan Yaqin Sharqning nisbatan rivojlanganroq mamlakati sanaladi. Aholi jon boshiga nisbatan startaplar soni bo‘yicha Isroil jahonda birinchi o‘rinda turadi. Xitoy kompaniyalari ushbu mamlakat bilan hamkorlik uchun milliardlab dollar pul tikishga tayyor va undan yangi texnologiyalar va boshqa xay-teklarni sotib olmoqchi. Bu esa Xitoyning asosiy raqobatchisi bo‘lgan AQSHning g‘ashiga tegmoqda. Biroq Isroil AQSHning dunyodagi eng yaqin sherigi ekaniga qaramay, bu mamlakat hukumati ushbu masalada mustaqillik namoyon qilmoqda, chunki XXR bilan iqtisodiy hamkorlik uning uchun juda ham foydalidir.

Rossiyalik yetakchi xitoyshunos Aleksandr Gabuyevning fikriga ko‘ra, hozirgi paytda Pekin Yaqin Sharqda faol siyosiy va harbiy aralashuvlar maqsadiga ega emas. Bu mamlakat harbiylari o‘tkazgan o‘quv mashg‘ulotlarida ko‘rilgan tayyorgarlikdan ko‘zlangan maksimum maqsad – Yaqin Sharqdagi u yoki bu mamlakatlarda xaos yoki inqiloblar yuzaga kelgan taqdirda, u yerdan XXR fuqarolarni evakuatsiya qilishga qaratilgan operatsiyalarni o‘tkazishdir.

Kelajakda hammasi yana o‘zgarishi mumkin, lekin XXRning siyosiy va iqtisodiy qudrati avvalgidek o‘sib borsa. Zamonaviy dunyodagi va Xitoyning o‘zidagi koronavirus va yuqorida aytilgan boshqa omillar keltirib chiqargan inqiroz sharoitida kelajak borgan sayin mavhum bo‘lib bormoqda. «Makon va yo‘l» – Xitoyning o‘zi singari istiqbollari noaniq bo‘lgan, anchayin serxarajat loyihadir.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoy taraqqiyoti O‘rta Osiyo va Yaqin Sharqqa qanday ta’sir qildi?