11:10 / 03.08.2020
6 876

Sulaymon Rojihiy: puli yo‘q milliarder

Sulaymon Rojihiy: puli yo‘q milliarder
Saudiya Arabistonidagi Al-Qosim shahridagi xurmo bog‘ida 200 mingdan oshiq xurmo daraxtlari bor va Alloh yo‘lida sarflanadi. Ushbu bog‘da 45 xil xurmo mavjud bo‘lib, yillik ishlab chiqarish 10000 tonna xurmoni tashkil etadi.

Bu bog‘ yer yuzidagi eng katta vaqfdir. Ushbu bog‘dan tushgan mablag‘ butun dunyo bo‘ylab masjidlar qurish, xayriya ishlari va ikkita muqaddas masjidda (Makka va Madina) iftorlik qilishga sarflanadi.

Ushbu bog‘ni Saudiya Arabistonining eng boy odami Sulaymon Rojihiy Alloh yo‘liga bag‘ishlagan.
Sulaymon Rojihiy qashshoqlikda o‘sgan. U maktabda o‘qib yurganida bir kuni maktab ma’muriyati ko‘ngilochar sayohat tashkil etib, kim borishni istasa bir riyoldan pul olib kelishlarini so‘radi.

U uyiga borib ota-onasidan pul so‘radi. Ammo ularning bir riyol ham puli yo‘q edi. Sayohat kuni yaqinlashgan sari uning xafaligi ham ortib borardi. Shu orada choraklik imtihonlar natijasi chiqib, u o‘z sinfida birinchi o‘rinni egalladi va falastinlik o‘qituvchisi unga 1 riyol mukofot berdi. O‘sha paytda uning quvonchini ko‘rsangiz edi!

Vaqt o‘tishi bilan u ta’lim oldi va ishlay boshladi. Jidda shahrida bir xonani ijaraga olib, islomiy bank ochdi va hayotini halollik, sodiqlik va mehnatsevarlik bilan boshladi. Alloh ham uning ishini barakali qildi.

Qisqa vaqt ichida “Ar-Rojihiy” deb nomlangan banklar tarmog‘i Saudiya Arabistoniga tarqaldi.

Biroq Sulaymon Rojihiy falastinlik o‘qituvchisini unutmagan edi. Izlab-izlab uni topdi. Ustozi nafaqaga chiqqan, iqtisodiy ahvoli ham unchalik yaxshi emas ekan.

Rojihiy ustozini mashinasiga o‘tqizib unga: "Men sizning oldingizda qarzdorman", dedi. Ustozi uning so‘zlariga hayron bo‘ldi.

Rojihiy ustoziga ko‘plab yillar oldin uning 1 riyol mukofot berganini eslatib qo‘ydi. O‘qituvchi kulib yubordi, “endi sen o‘sha riyolni menga qaytarishni xohlaysanmi?” dedi. Rojihiy aylanib-aylanib bir dang‘illama uy oldida mashinasini to‘xtatib, uy va mashinasini ustoziga hadya qilganini aytganida keksa ustozning ko‘zlaridan sevinch yoshlari to‘kildi. Yana barcha xarajatlarni ham Rojihiy o‘z bo‘yniga oldi.

Falastinlik o‘qituvchining ko‘zlarida yosh bilan uy va mashinaning juda qimmatligini aytganida, Rojihiy “siz o‘sha kuni menga bergan 1 riyol mukofot berganingizda mening baxtim sizning sevinchingizdan necha barobar katta edi”, dedi.

Hozirgi vaqtda Sulaymon ar-Rojihiy vaqfining narxi 60 milliard riyoldan ortiq.

U Saudiya kompaniyasi va “Ar-Rojihiy” bankining sohibi. Yaqinda u koronavirusiga qarshi kurashish uchun 170 million riyollik xayriya va Makkadagi ikkita mehmonxonani Sog‘liqni saqlash vazirligiga hadya qilgan.

Forbes jurnali uni dunyodagi 20 eng buyuk saxiy odamlardan biri deb atagan.
Dunyodagi eng katta islomiy bankini barpo etish bilan bir qatorda, Yaqin Sharqdagi eng yirik parrandachilik fabrikasi bo‘lgan Al-Watania Poultry kompaniyasiga asos solgan.

Saudiya Arabistonida Rojihiy oilasi tomonidan masjid qurilmagan shaharni topa olmaysiz.
Eng muhimi, ular 1,5 million kishini ish bilan ta’minlagan.

U shunday deydi: «Men saksondan oshdim! Menga endi nima kerak? Jamg‘arma mening to‘lovlarimni to‘laydi, meni turar joy, oziq-ovqat, tibbiy xizmat va transport bilan ta’minlaydi, men buni minimal darajada saqlashga harakat qilaman. Men yaxshi ta’minlanganman!"

Undan so‘rashdi: “Pulsiz milliarder ham bo‘ladimi?! O‘zingizni qanday his qilasiz?" deb so‘rashganda u yana tabassum qildi, ko‘zlari chaqnab ketdi va dedi: “Men yengilman! Men o‘zimni erkin his qilaman! Men o‘zimni qush kabi his qilyapman... va Alloh meni chaqirganda, Uning huzuriga yengil yuk bilan boraman!"

Yoqub Umar tayyorladi.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Sulaymon Rojihiy: puli yo‘q milliarder