08:30 / 17.01.2021
1 299

Xitoycha kommunizm: ideologiya, singdirilgan mafkura va kelajak agressiyasi…

Xitoycha kommunizm: ideologiya, singdirilgan mafkura va kelajak agressiyasi…
Insoniyat sivilizatsiyasi boshlanganidan beri eng yaxshi boshqaruv shaklini izlamoqda. Ming yillar davomida bizning siyosiy tizimlarimiz o‘zgarib borayotgan siyosiy qadriyatlar va insoniyat sivilizatsiyasining taraqqiyoti bilan doimo bog‘lanib bordi.

«Qayta qurish» avjiga chiqayotgan kezlarda, garchand insoniyat boshqa boshqaruv shaklini o‘ylab topishiga hech kim ishonmasa ham, dunyo kommunizm va liberal demokratiyadan iborat bo‘lib qolmadi. Sharqiy Yevropa va Sovet Ittifoqidagi kommunistik rejimlarning qulashi G‘arb liberal demokratiyasining ustunligini ko‘rsatdi. Biroq liberal demokratiya qancha yashaydi va u eng ma’qul variantmidi?..

Amerikalik olim, janob Fukuyamaning so‘zlariga ko‘ra, g‘arb liberal demokratiyasi «insoniyat g‘oyaviy evolyutsiyasining yakuniy nuqtasi» va «siyosiy hukumatlarning boshqaruvida yakuniy shakli» deb da’vo qilindi. Ertami-kechmi G‘arb liberal demokratiyasi — «eng yaxshi» siyosiy tizim va insoniyatning «yakuniy» yutug‘i bo‘lib qolishi, siyosiy tizimlarning boshqa barcha shakllarini mag‘lubiyatga uchratib, yagona boshqaruv shakliga aylananishi kerak edi. Biroq biz o‘ylagandek, avtoritarizm barham topmadi. Aksincha, bugun o‘sha kommunizmdan qolib ketgan «eskilar»ning chidamliligi yanada oshib, G‘arb demokratiyasining ustun hukmronligi uchun misli ko‘rilmagan muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Eng qudratli hisoblangan kommunistik Sovet Ittifoqi parchalangach, boshqa hech qaysi bir partiyali mamlakat g‘arb yo‘lini to‘solmaydi deb o‘ylashgandi. Sharqiy Yevropa va Sovet Ittifoqida kommunizm qulaganidan qariyb o‘ttiz yil o‘tdi hamki, Xitoydagi kommunistik partiya G‘arb liberal demokratiyasiga katta qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Ko‘p yillar davomida kutilganidek, qulab tushish o‘rniga, Xitoy Kommunistik partiyasi ajoyib iqtisodiy mo‘’jiza yaratdi.

2011 yilda Xitoy rasman Yaponiyani ortda qoldirib, dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiyotga aylandi. Yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sish sur’ati 7 foizdan oshadigan bo‘lsa, Xitoy so‘nggi o‘n yil ichida eng yirik jahon iqtisodiyotiga aylanishi kutilmoqda. Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy 2014 yildayoq AQSHni ortda qoldirib, dunyodagi eng yirik iqtisodiyotga aylanib bo‘lgan.

Endi dunyo avvalgidan ham ko‘proq avtoritar rejimdagi mamlakat bilan murosa qilishga majbur bo‘lmoqda. Sovet Ittifoqining qulashi Sharqiy Yevropada ham kommunizmning inqiroziga olib keldi. Biroq, nima uchundir, yoppasiga liberal demokratiyaga o‘tib keta boshlagan boshqa kommunistik davlatlarga Xitoy ergashmadi. Professor Szinxan Zengning Xitoy ideologiyasiga oid izlanishlaridan ma’lum bo‘lishicha, XKPning hokimiyatda qolish uchun zarur bo‘lgan ikkita muhim strategiya — mafkuraviy moslashish va yetakchilik merosini institutsionalizatsiya qilishni o‘rganish kommunistik tizimni saqlab qolishda muhim o‘rin tutgan. Uning fikriga ko‘ra, mafkura va partiya yetakchiligiga merosxo‘rligi XKPni saqlab qolishida hal qiluvchi rol o‘ynagan.

Xitoy 30 yilda misli ko‘rilmagan iqtisodiy muvaffaqiyatlarga erishdi, biroq kommunizmning «xitoycha talqini» zo‘ravonlikka va kuchli avtoritar boshqaruvga qurilgan, degan shubhalar paydo bo‘la boshladi. Xitoy Kommunistik partiyasi konstitutsiyasiga ko‘ra, partiyaning «eng yuqori ideal va pirovard maqsadi» va nazariy jihatdan uning mavjud bo‘lishining yagona sababi — kommunizmga erishishdir. Biroq Xitoycha kommunizm «kitobidagidaqa» emas-ku.

Kommunistik partiyaning kapitalistik jamiyat barpo etishni rejalashtirayotgani g‘alati tuyuladi. Aslini oladigan bo‘lsak, Xitoy yaratayotgan jamiyatni kapitalistik deb atash ham unchalik to‘g‘ri emas. Nega desangiz, g‘arb liberal kapitalistik davlatlari Xitoy yaratayotgan ideologiyani kapitalizm deb tan olmaydilar. Kommunistik ideallardan uzoqlashish muqarrar ravishda Xitoyda kommunistik e’tiqodlarning pasayishiga va ulkan mafkuraviy bo‘shliqni yaratishiga olib keldi.

1980-yillarning oxirlarida ushbu vakuum, liberal ijtimoiy qadriyatlar bilan to‘qnashganida, XKPning mafkuraviy asoslarini zaiflashtirdi, bu esa butun mamlakat bo‘ylab demokratiyani qo‘llab-quvvatlovchi ommaviy norozilik namoyishlarini keltirib chiqardi. Qolaversa, bu pasayish nafaqat XKPning mafkuraviy asoslariga qaqshatqich zarba bo‘ldi, balki partiya ich-ichidan zil ketishiga olib keldi, deyiladi professor Szinxan Zengning xulosalarida.

1979 yildan 1992 yilgacha kvazi-kapitalistik iqtisodiy siyosat va XKPning sotsializmga sodiqligi o‘rtasida tub ziddiyatlar kelib chiqdi. Kvazi-kapitalistik iqtisodiy siyosatni iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun muhim deb hisoblagan elita qatlam boshqa guruhlar tomonidan hujumga uchraganligi haqida ham farazlar mavjud. XKP tarkibidagi bu bo‘linish bir qator jiddiy va salbiy oqibatlarga olib kelgan. 1992 yilda bozor iqtisodiyoti rasman tan olinganligi sababli, partiyadagi bo‘linish asta-sekin XKP kapitalizmga qanday borishi yoki bormasligi kun tartibida birinchi bo‘ldi.

Kapitalizmni tanqid qiluvchi va millatchi sotsializmning yangi shaklini afzal ko‘rgan «yangi chap» elita ijtimoiy-iqtisodiy ishlarda davlat uchun katta rol o‘ynashning ma’qul ekanligini, umuminsoniy qadriyatlarni qabul qilgan liberal tarafdorlar esa liberallikni ilgari surishga harakat qilishdi. Partiyaning birligi va Xitoyda yetakchilik-merosxo‘rlik tizimining qonuniyligi bu orqali katta xavf ostiga tushib qoldi.

Umuman olganda, zamonaviy Xitoy avtoritar boshqaruvni qonuniylashtirishda ayblab kelinadi. Ammo Xitoyning siyosiy ideologiyasi va aholiga singdirayotgan mafkurasi boshidan Buyuk Xitoy siyosatini tiklash va eng gegemon davlatga aylanish bo‘lib qolgan.

Mafkuraviy moslashuvdan tashqari, partiya yetakchiligiga merosxo‘rligini institutsionalizatsiya qilish XKPning hayotiy muhim strategiyasi bo‘lib qolishi taxmin qilingan edi va shunday bo‘lib ham qoldi. Biroq, xalqaro tahlilchilarga ko‘ra, 70-yillarning oxiridan boshlab XKPning mafkuraviy burilishi partiyani ikkiga bo‘lib yubordi. Elita ichidagi bo‘linishlar xavfini tarix tez-tez namoyish etadi: «avtoritar rejimlarning aksariyati omma tomonidan ag‘darilishi natijasida emas, balki elita o‘rtasida bo‘linishlar tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchraydi» deydi professor va xalqaro analitik O’Donnell.

«Shuning uchun hukmron elitalarning birligi rejimning omon qolishi uchun juda muhimdir va bu birlik uchun asosiy tahdid vorislik inqirozidir», deydi boshqa bir olim O’Donnell fikrini to‘ldirar ekan. Avtoritar rejimli davlatlar uchun vorislik masalasi doim og‘riqli nuqta bo‘lib kelgan.

1997 yil 19 fevralda Xitoyning «buyuk rahbari» Den Syaopinning o‘limi haqida e’lon qilindi. Umuman ham olganda, kommunistik va avtoritar tizimli davlatlarda rahbarlik va vorislik masalasi juda murakkab bo‘lgan. Den vafotidan oldingi yillarda, tobora keksayib va mo‘rtlashib borar ekan, xalqaro sharhlovchilar vorislikning siyosiy oqibatlari to‘g‘risida ko‘p munozaralar olib borishdi. Xulosa aniq: «Xitoy kommunizmi qulaydi». Biroq hamma o‘ylaganidek bo‘lmasligi ham mumkin.

Xitoycha kommunizm… Aslida hamma narsani kitobida yozilganday ko‘rib o‘rganib qolganmiz. Biz Xitoyning bugungi siyosiy qiyofasini kitoblarda ko‘rgan emasmiz. Xitoyning agressiya siyosati boshlanishini mutaxassislar Den Syaopinning o‘limi va partiyadagi bo‘linishlar kuchayib, vorislikning qiyin davrini boshdan kechirishi bilan bog‘lashmoqda. «Zamonaviy Xitoy me’mori» hisoblangan Den Syaopindan so‘ng Xitoy o‘ta rivojlanib ketganligi partiyaviy muammolar yo‘qligini anglatmaydi.

Doktor Stefan Sherlokka ko‘ra, agar partiyaviy vorislik buzg‘unchi, ayniqsa, qurolli kuchlarning qo‘llab-quvvatlashidan foydalanadigan, ashaddiy millatchilikka murojaat qiladigan fashistik rahbariyat paydo bo‘lishiga olib keladigan bo‘lsa, Xitoyning yanada tajovuzkor tashqi siyosati rivojlanishi mumkin. Xitoy agressiyasi Ikkinchi jahon urushi davridagi nemis siyosatiga monand bo‘lmoqda, deyishmoqda tahlilchilar.

Xitoy, shubhasiz, nafaqat mintaqada, nainki butun yer yuzida eng kuchli siyosiy iroda yetilgan davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda. Kuchli siyosiy hukumatning agressiyasi ham kuchli bo‘ladi. Xitoy qaqnus qushi kabi butun dunyoga o‘t qo‘yishi va oqibatda ko‘plab davlatlar zarar ko‘rishi mumkin. Ha, bu — xitoycha kommunizm, ideologiya, singdirilgan mafkura va kelajak agressiyasidir.

Sanjar Mashriqiy
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)