00:11 / 14.03.2021
2 207

Olmaota aeroporti yaqinida An-26 samolyoti qulab tushdi

Olmaota aeroporti yaqinida An-26 samolyoti qulab tushdi
Foto: «Sputnik.kz»
Qozog‘istonning Olmaota shahri aeroporti yaqinida An-26 samolyoti qulab tushdi. Bu haqda aeroport matbuot xizmatiga asoslanib «TASS» xabar berdi.

«Nur-Sulton– Olmaota yo‘nalishida uchib kelayotgan An-26 samolyoti bilan aloqa 13 mart soat 17:20 da (Toshkent vaqti bilan 16:20) Olmaota aeroportiga yaqinlashganda uzilib qoldi. Zudlik bilan trevoga e’lon qilindi va aeroportning favqulodda xizmatlari voqea joyiga yo‘l oldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagi oxirida qulab tushgan», – deyiladi matbuot xizmatining Facebook’dagi rasmiy sahifasida.

Kazinform agentligining xabar berishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra samolyotda olti kishi bo‘lgan, ulardan to‘rt nafari vafot etgan, ikki kishi kasalxonaga yotqizilgan.

Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ham to‘rt kishi halok bo‘lganini, ikki kishi yaralanganini xabar qilgan. «Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rt kishi halok bo‘ldi, ikki kishi yarador bo‘lib, Ili viloyatidagi eng yaqin kasalxonaga jo‘natildi», — deyiladi vazirlik bayonotida.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, halokat bo‘lgan joyda Olmaota shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasining 10 ta reanimatsion tez yordam guruhlari, yong‘in bo‘limi ekipajlari va qutqaruvchilar ishlamoqda. Ta’kidlanishicha, samolyotda yuzaga kelgan yong‘in o‘chirilgan.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan va tabiiy ofat sabablarini tekshirishni boshlashga ko‘rsatma bergan.

«Olmaota aeroportidagi aviahalokat paytida halok bo‘lgan askarlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiraman. Jabrlanganlarga tezroq sog‘ayib ketishini tilayman. Mening ko‘rsatmalarim bilan aviahalokat sabablarini aniqlash ishlari boshlandi. Bunday hodisalar takrorlanmasligi kerak», – deb yozdi To‘qayev Twitter’da.

Olmaota hokimi Baqitjan Sagintayev ham An-26 samolyoti qulagan joyga jo‘nab ketganini ma’lum qilgan va halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan.

«Men tegishli xizmatlarga voqea oqibatlarini bartaraf etishni topshirdim. Qurbonlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiraman. Jabrlanganlarga barcha kerakli tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda», – deydi shahar hokimi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Olmaota aeroporti yaqinida An-26 samolyoti qulab tushdi