21:33 / 20.05.2021
2 087

Pashinyan Ozarbayjon bilan yangi bitim tuzilayotganini ma’lum qildi


Foto: «TASS»
Armaniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyan Boku Yerevanning shartlarini qabul qiladigan bo‘lsa, Ozarbayjon bilan yangi bitim imzolashga tayyorligini aytdi. Bu haqda «Sputnik Armeniya» agentligiga tayanib, «RBK» xabar berdi.

Pashinyan muzokaralar hali ham davom etayotgani tufayli hujjat matnini ko‘rsata olmasligini bildirgan, biroq Armanistonning Vatikandagi sobiq elchisi Mikael Minasyan go‘yoki Yerevan va Boku tomonidan muvofiqlashtirilgan hujjatning bir qismini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, hujjat ikki mamlakat chegaralarini aniqlashtirib belgilab olish bo‘yicha komissiya tuzish haqida bo‘ladi. Shuningdek, unda Tavush va Ararat mintaqasidagi oltita qishloqni Ozarbayjonga o‘tkazish masalasi xususida ham so‘z borgan.

Minasyan kelishuvning ochiq va maxfiy qismlarga ega ekanini ta’kidlagan.
«Pashinyan Aliyevga uchta shart qo‘ydi: Armanistondan Ozarbayjon qo‘shinlarini olib chiqib ketish, saylovgacha kamida bir nechta mahbusni qaytarib berish va o‘zining qayta saylanishini osonlashtirish uchun oltita qishloqning ko‘chirishni imi-jimida tashkillashtirish», — deb yozadi News.am.

Sputnik xabariga ko‘ra, Pashinyan kelishuv tafsilotlarini oshkor qilmagan, ammo hujjatning Armaniston manfaatlariga 100 foiz javob berishini ta’kidlagan.
«Agar Ozarbayjon bizning kelishuvlarimizni amalga oshirsa va biz aytgan shartlarni bajaradigan bo‘lsa, unda men mazkur hujjatni imzolayman», — degan u.

Pashinyan Minasyanning harakatlarini buzg‘unchilik deb atagan. «Ular Internetda namoyish qilayotgan hujjatning 90 foizi uydirma. Unda Armaniston armanlarga qarshi hujjat imzolayotgandek tuyuladi. Agar shunday bo‘lsa, ular hamma ishonch hosil qilishi uchun asl manbani ko‘rsatsin. Buni Ozarbayjon foydasiga olib borilayotgan razvedka faoliyatidan boshqa narsa deb atash mumkin emas», — deya qayd etgan Armaniston bosh vaziri.

O‘tgan haftada Yerevan va Boku o‘rtasidagi munosabatlarida yangi keskinlik paydo bo‘lgan. 12 may kuni Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon harbiylari «chegaralarni aniqlashtirish» bahonasida chegara hududlaridan birida ayrim harakatlarni amalga oshirayotgani haqida xabar berdi. Pashinyan hodisani mamlakat suverenitetiga tajovuz deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon harbiylari Sevlich ko‘li (Armanistonning Syunik viloyati va Ozarbayjonning Lochin viloyati o‘rtasida joylashgan) hududidan kesib o‘tib, 3,5 km ichkariga kirgan.

O‘z navbatida, Boku Armanistonning reaksiyasini asossiz deb atadi. Ularning fikriga ko‘ra, Armaniston bilan chegaradagi Ozarbayjonning Kelbajar va Lochin viloyatlariga chegara kuchlarini joylashtirish 2020 yil 10 noyabrdagi uch tomonlama kelishuvga muvofiq olib borilmoqda. Ozarbayjon Armaniston bilan chegaradagi keskinlik fonida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishni ham boshlagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Pashinyan Ozarbayjon bilan yangi bitim tuzilayotganini ma’lum qildi